Senatning 33-yalpi majlisida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiruvchi qonun ma’qullandi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 782 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs pensiya va nafaqa oladi (aholining 2,4 foizi). Shundan, 376 ming nafari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.

Qonunning asosiy maqsadi — ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirish hamda mehnatini munosib qadrlash, fuqarolarning pensiya ta’minoti bo‘yicha qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olishdan, deyiladi xabarda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirib, boshqa pensiya turiga o‘tmasa, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.

Qonunga muvofiq 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyingi kamida 1 yillik ish staji va ish haki miqdoridan kelib chiqib har 2 yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qo‘shiladi.

Qonun qabul qilinsa, 2023 yilda (1994−2022 yillarda ish stajiga ega bo‘lgan) 75 ming nafar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalariga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi. Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning (bugungi kunda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har 2 yilda bir marotaba ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib, qayta hisoblab boriladi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi qonunga muvofiq pensiya olish huquqi belgilangan o‘gay farzandini 18 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan o‘gay ota-onalar bolani tarbiyalagan davrini aniqlash tartibi, O‘zbekiston oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarning pensiyalariga pensiyani hisoblash BHMning 100 foizidan 150 foizgacha miqdorida ustamalar to‘lash tartibi Hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi amaliyotda mavjud turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.