2022 yil 6-oktabr kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2018 yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi I.J. vafot etdi, deya xabar bermoqda Maktabgacha ta’lim vazirligi.

Qayd etilishicha, tarbiyalanuvchi I.J. tashkilot hududidagi bolalar o‘yin maydonidagi temir aylanada o‘ynagan va ehtiyotsizlik oqibatida hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan. O‘limning aniq sababi va vaqti aniqlanmoqda.

Ayni paytda ish prokuraturaga o‘tkazilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ehtiyotsizlik oqibatida voqea sodir bo‘lgan vaqtdagi mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligida nazarda tutilgan choralar qo‘llanilishi ma’lum qilindi.

Ayni paytda baxtsiz hodisa tufayli 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimidan ozod etilib, viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktabgacha ta’lim vazirligining mas’ul xodimlari holatni nazoratga olgan.

«Maktabgacha ta’lim vaziri tomonidan bunday holatlar takrorlanmasligi hamda bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida, respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi o‘yin maydonchalarida joylashgan xavfli temir konstruksiyalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularni demontaj qilish, shuningdek, idoraviy qurilish me’yorlari va talablariga muvofiqlashtirish topshirig‘i berildi», — deyiladi xabarda.