«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati temir yo‘l transportida yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun 34 ta zamonaviy elektropoyezd sotib oladi. Kompaniya matbuot xizmati buning uchun xalqaro tender e’lon qilinganini ma’lum qildi.

Takliflarni qabul qilish 29 noyabrga qadar davom etadigan tenderda (batafsil ma’lumotlar) poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va shahar atrofidagi yo‘lovchi tashishni rivojlantirish maqsadida kadrlar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan uskunalar yetkazib berish ham ko‘zda tutilgan.

Harakat tarkibini yangilash, zamonaviy elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha hozirda tashkilot Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian ilg‘or kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazyapti.

34 ta zamonaviy elektropoyezdlar xarid qilingach, 8 ta yangi yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlari bo‘ladi. Bular:

  • Toshkent — Jizzax — Toshkent,
  • Toshkent — Keles — Toshkent,
  • Navoiy — Buxoro — Navoiy,
  • Samarqand — Jizzax — Samarqand,
  • Samarqand — Shahrisabz — Samarqand,
  • Samarqand — Qarshi — Samarqand,
  • Andijon — Xonobod — Andijon,
  • Nukus — Xiva — Nukus.

Shuningdek, 10 ta mavjud yo‘nalishlarda esa qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bular:

  • Toshkent — Xojikent — Toshkent,
  • Toshkent — Angren — Toshkent,
  • Namangan — Andijon — Namangan,
  • Qo‘qon — Andijon — Qo‘qon,
  • Toshkent — Guliston — Toshkent,
  • Toshkent — Bekobod — Toshkent,
  • Termiz — Sariosiyo — Termiz,
  • Qarshi — Buxoro — Qarshi,
  • Buxoro — Xiva — Buxoro,
  • Samarqand — Buxoro — Samarqand.

Yangi yo‘nalishlarda poyezdlar harakatining yo‘lga qo‘yilishi va mavjud yo‘nalishlarda qo‘shimcha qatnovlarning tashkil etilishi orqali bir yilda jami 22,4 mln yo‘lovchiga sifatli xizmat ko‘rsatishga erishiladi (6 mln nafar yangi yo‘nalishlar hisobiga to‘g‘ri keladi).