Somon yo‘li galaktikasining massasi Quyosh massasidan taxminan 550 mlrd marta katta. Mazkur natija ko‘rsatilgan tadqiqotlar Britaniyaning Monhly Notices of Royal Astronomical Society ilmiy jurnalida chop etildi.

Xitoyning Sansya va Szyaotun universitetlari, Xitoy Fanlar akademiyasi Milliy astronomik observatoriyasi va Avstraliyadagi Suinbern texnologiya universiteti olimlari galaktika massasi haqidagi eski ma’lumotlarni yangilashdi. Ilgari boshqa tadqiqotchilar Somon yo‘li Quyoshdan qariyb 1 trln marta og‘irroq ekanligini hisoblashgandi. O‘z navbatida, Quyoshning massasi yulduzlar massasining o‘lchov birligi bo‘lib, butun quyosh tizimi massasining 99,86% ni tashkil qiladi.

«Bizning so‘nggi natijalarimiz shuni ko‘rsatadiki, Somon yo‘li biz o‘ylagandan ham „nozikroq“ bo‘lishi mumkin. Bu galaktikada yorug‘ bo‘lmagan, lekin tortishish kuchiga ega qora materiya ilgari o‘ylanganidan ancha kam ekanini anglatadi», — dedi Xitoy Fanlar akademiyasi Milliy astronomik observatoriyasi a’zosi Syue Syansyan.

Olimlar uchun massa galaktikaning harakati va kengayishini tushunish uchun juda muhim. Ilgari kuzatuvlar cheklanganligi sababli uni baholashda yuqori noaniqlik mavjud edi. Xitoyning Katta osmon hududi ko‘p obyektli tolali spektroskopik teleskopi Large Sky Area Multi-Object Fiber Spectroscopic Telescope (LAMOST) va Yevropa kosmik agentligining Gaia sun’iy yo‘ldoshidan olingan yangi ma’lumotlar galaktika massasini aniq hisoblash imkonini berdi.

«Bizning yangi tadqiqot namunamiz nafaqat soni va qamrovi bo‘yicha katta, balki Somon yo‘lidagi har bir yulduzning 3D holatini, 3D tezligini va metall tarkibini ham qamrab oladi», — deya qo‘shimcha qildi Syue Syansyan.