Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligidagi ishlar holati, aholi hayoti bilan tanishish maqsadida 6 oktabr kuni Sirdaryo viloyatiga bordi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari Sirdaryo tumanidagi «Arslon bobo» va «Omonboy o‘g‘li Tugal» fermer xo‘jaliklari dalasini ko‘zdan kechirdi.

Xususan, «Arslon bobo» fermer xo‘jaligining yer maydoni 90 gektar bo‘lib, bu yil g‘alladan 80 sentnerdan hosil olingan. Shuningdek, kartoshka, mosh, sabzi, piyoz kabi takroriy ekinlar ham yetishtirilib, bozorga qo‘shimcha mahsulot chiqarilmoqda. «Omonboy o‘g‘li Tugal» fermer xo‘jaligi 62 gektarda dehqonchilik qiladi. Bu yerda ham g‘alla hosildorligi 80 sentner bo‘lgan.

Bu qo‘shni xo‘jaliklarda yerlar lazerli uskuna yordamida tekislangani natijasida suv avvalgiga nisbatan 30−40 foiz tejalmoqda, sug‘orish vaqti ham qisqargan. Nasoslar quyosh panellari quvvatida ishlaydi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida dala chetlariga tut, tok, qoratol va boshqa ko‘chatlar ekilgan.

Shu yerning o‘zida sirdaryolik fermerlar, nuroniylar bilan suhbatlashildi.

«Yer — xalqimiz rizq-ro‘zi manbai. Bir paytlar paxta maydonidan bir gektar ajratish jinoyat edi, takroriy ekin ekkan ta’qib qilinardi. Mana, hozir 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini aholiga berdik, hali yana beramiz. Ulardan olingan mahsulot ham xalqimizniki-ku. Bozorga mahsulot, oilalarga daromad bo‘ladi-ku. Bugun respublikadan kelgan rahbarlar va hokimlar yana 7,5 ming gektar yer ajratilsa, Sirdaryo viloyatida ishsizlikni yo‘q qilish bo‘yicha taklif berayapti. Men buni, albatta, qo‘llab-quvvatladim» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi. Ular mazkur fermer xo‘jaliklari dalasidan 0,5 gektardan yer olib, mosh, sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirayotganini so‘zlab berishdi. Bundan olgan daromadi hisobidan universitetda o‘qish, uyini butlash rejalarini ma’lum qilishdi.

Budan tashqari, prezident Sayxunobod tumanidagi «Shukronalik mo‘jizalari» fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘ldi. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 70 gektar. Bu fermer xo‘jaligi ham g‘alladan bo‘shagan maydondan yaxshi daromad oladi. Xususan, bu yil 45 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilgan.

Shu yerda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va mutasaddilari bilan muloqot bo‘ldi. Davlat rahbari innovatsiya va nav evaziga hosildorlikni oshirish, suvdan oqilona foydalanish va hisobini yuritish zarurligini ta’kidladi. Fermer va ishchilarning maishiy sharoitlarini yaxshilash, xususan, ular uchun kichik, arzon uylar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Foto