Andijonda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Paxtaobod tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda, «S.C.» MCHJ rahbari N.A. «Suv ta’minoti va oqava suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» UK Andijon viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, tumandagi «Qoraqo‘rg‘on» MFYda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 249,2 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.