O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 oktabr kuni Tojikiston davlat rahbari Emomali Rahmon bilan telefonda suhbatlashib, uni 70 yillik yubileyi bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Emomali Rahmonning zamonaviy Tojikistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugungi yuksak darajaga erishishdagi o‘rnini alohida qayd etdi, deyiladi xabarda.

Suhbat davomida ikki tomon ilgari erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa muhim yo‘nalishlardagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga xizmat qiladigan qo‘shma investitsiya fondi o‘z faoliyatini boshlaganini qayd etdi.

Shuningdek, faol hududlararo muloqotlarni yanada kengaytirish, mamlakatlarimizda qo‘shma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlandi. Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.