«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi. Bu gal O‘zbekiston qahramoni, professor, publitsist Ozod Sharafiddinov ijodiga yuzlanamiz.

Tilda hikmat ko‘p

Tilimizning hozirgi ahvolini o‘ylaganda tez-tez Abdulla Qahhorning kuyib-yonib aytgan bir gapi yodimga tushadi: «Ko‘chada biror odam qoidani buzsa, darrov militsionerning hushtagi churillaydi, qoidabuzar mo‘maygina jarima to‘laydi. Nega endi tilimizni pisand qilmaydiganlar uni har qadamda buzib rasvo qilayotganlarning mushugini hech kim „pisht“ demaydi?» Haqiqatan ham, nega? Axir ko‘cha qoidasi qayoqdayu, butun boshli millatning eng noyob, eng aziz boyligi hisoblanmish til qayoqda? Nazarimda, so‘nggi o‘ttiz yillar mobaynida til bobida katta o‘zgarishlar bo‘ldi, lekin ularning ichida ijobiylari bo‘lgani kabi tilimizning zarariga ishlaydiganlari ham ko‘p edi. Ahyon-ahyonda sahroda adashgan yolg‘iz yo‘lovchining faryodidek biror-bir odamning zorlanishi eshitilib qolmasa, tildagi bu salbiy tamoyillar hech kimning parvoyiga kelmaydigandek tuyuladi. Go‘yo til qal’asi bedarvoza qolgandek, unda istagan odam istagan hunarini ko‘rsatishi mumkindek. Hatto til haqidagi qonun qabul qilingandan keyin ham ahvol tubdan o‘zgardi, deb ayta olmaymiz. Shuning uchun ham yaqinda «Xalq so‘zi» gazetasida atoqli yozuvchimiz Odil Yoqubovning e’lon qilingan maqolasi ayni muddao bo‘ldi. Maqolada tilimizning an’analari haqida yaxshi gap aytilibdi, uning so‘z boyligini to‘g‘ri kelgancha, bilib-bilmay o‘zgartiraverish mumkin emasligi, til bobida zo‘ravonlik ketmasligi, ayni shu sohada hamma narsani yetti o‘lchab bir kesish zarur ekanligi ta’kidlangan.

Men maqolada ilgari surilgan deyarli hamma fikrlarga qo‘shilaman. Chindan ham so‘nggi o‘n yil ichida o‘zbek tiliga singishib ketgan, allaqachon uning o‘z mulki bo‘lib qolgan ko‘pgina so‘zlarni keng xalq ommasi tushunmaydigan sun’iy so‘zlar bilan almashtirish tamoyili keng tarqaldi. Bu tamoyil bugun bir oz susaygan bo‘lsa-da, hali butkul o‘tib ketgani yo‘q. Har xil «ilmgoh»u, «tayyoragoh»lar, «nohiya»yu «jarida»lar va yana boshqa yuzlab. Balki minglab yasama iboralar chala tug‘ilgan boladay sovuq ko‘rinishiga qaramay hamma yoqni bosib ketgandi.

Qiziq, tilning «sofligi» uchun bunaqa «kurash» avvallari ham sodir bo‘lgandi. Masalan, 20-yillarda «yo‘qsil», «sim chiroq», «jin arava», «otash arava», «yoritqich» kabi so‘zlarni tilga olib kirishga urinishlar bo‘lgan. Lekin o‘shanda ham xuddi keyingi paytlardagi kabi til bunaqa yasama so‘zlarni qabul qilmadi. Afsuski, biz tarixiy tajribalarimizga doimiy tayanib, ulardan xulosalar chiqarib, xatolarni takrorlamay ish yuritishga ham o‘rgangan emasmiz. Holbuki, 20-yillar tajribasida o‘z-o‘zidan bitta xulosa kelib chiqadi — xalqlar bir-birlari bilan iqtisodiy aloqalarga kirishmay yashayolmaganlaridek, ularning tillari ham bir-birlarini to‘ldirib turgan. Turli elatlar va yurtlar o‘rtasida qatnagan karvonlar turli-tuman buyumlargina emas, bu buyumlarning nomlarini ham tashigan. Bir-biridan oziqlanish, bir-biri hisobiga boyish til rivojining asosiy qonunlaridan biridir. Bu hodisa hech kimning xohishiga bog‘liq emas va o‘z oldiga qo‘yiladigan to‘siqlarni ham tan olmaydi. Masalan, rus tiliga yuzlab, balki minglab turkiy, arabiy so‘zlar kirib qolgan va ular bugun ham jonli so‘zlashuv tilida o‘z mavqeini saqlab qolgan. Masalan, kioski (aslida — ko‘shk), kolbasa (aslida — qo‘lbosti), karaul (asli — qorovul), admiral (asli — amir al-bahr), algebra (asli — al-jabr)…

Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Xuddi shuningdek, yunon, lotin, rus va boshqa tillardan ham o‘zbek tiliga kirib, o‘zlashib ketgan so‘zlar ko‘p. Qizig‘i shundaki, bu jarayon kecha boshlangan emas, balki chuqur tarixiy ildizlarga ega. Masalan, ming yil avval Beruniy boshliq boshqa atoqli mutafakkirlarimiz «filosofiya», «kategoriyus» kabi atamalardan keng foydalanishgan. Yoxud fanlarni tavsif qilganda «ratsionalnыye nauki» tushunchasini bugun bizga o‘xshab «ratsional ilmlar» deb atashmagan, balki «ilmi aqliya» deb juda chiroyli, juda sharqona va juda tushunarli shaklda qo‘llashgan.

XX asrga kelib bu aloqalar juda kuchaydi va muayyan ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga ko‘ra o‘zbek tiliga ko‘plab baynalmilal so‘zlar kirib keldi. Bugungi kunda har qancha urinmang, ularning hammaga manzur bo‘ladigan muqobillarini topish qiyin. Masalan, elektr, radio, telefon, telegraf, telegramma, bank, kassa, kompyuter, robot, kosmos va hokazolar. Bunga o‘xshash so‘zlar ongimizga shu qadar singib ketganki, biz ularni o‘zbek so‘zlari deb qabul qilaveramiz va bundan hech qanday noqulaylik sezmaymiz. Ularni, albatta, boshqa o‘zbekcha so‘zlar bilan almashtirishga urinish behuda bir ish bo‘lur edi. Behuda urinish esa, ma’lumki, belni sindiradi.

Bular yana bir karra shuni isbot qiladiki, til borasida sira ham shoshma-shosharlik ketmaydi. Tilda qaysi so‘zlar yashab qoladiyu, qaysilari iste’moldan chiqib, yo‘q bo‘lib ketadi — buni faqat hayotning o‘zi hal qiladi.

Tilda hikmat ko‘p. Til — xalqning, millatning eng katta boyligi, eng qutlug‘ ne’matidir. Avvalo, Olloh taolo xalqlarga tilni in’om etgan ekan, bandalarini o‘zaro muloqotda qiynalmasin, bir-birlarini anglab, ehtiyojlarini o‘zaro tushunib, bir-birlariga mehribon bo‘lsin, degan maqsadni ko‘zlagan. Shu bilan birga, mening bandalarim hayvonlardan ajralib tursin, ularni tabiatdagi eng oliy mavjudot sifatida yaratganim tilda ham sezilib tursin, degan niyat ham bo‘lishi kerak. Harholda, tilning yaratilishida aql bovar qilmaydigan uyg‘unlik, maqsadga muvofiqlik bor. Tasavvur qilingki, bir kun ertalab uyg‘onib qarasangiz, har bir odamning o‘z tili bor: ertalabdanoq mashmashalar boshlanadi — er o‘z tilida, xotin o‘z tilida gaplashadi. Ota bolani, qiz onani tushunmaydi. Ko‘chada, ishda ham ahvol shu. Xo‘sh, nima bo‘lardi shunda? Nima bo‘lardi, qiyomatning kattasi boshlanardi. Ming qatla shukrki, unday yaratilmaganmiz. Qolaversa, tilimizda tariximiz, madaniyatimiz, ma’naviyatimiz saqlanib qolgan. Maqollar va matallarda, turli iboralarda avlod-ajdodlarimizning qay tarzda yashagani, qanaqa rasm-rusumlarga amal qilgani muhrlanib qolgan.

Rahmatli buvim oddiygina qishloqi ayol bo‘lsalar-da, juda chechan, har gapga biron matal yoki maqol qo‘shib gapirguvchi edilar. Ba’zan meni koyib qolganlarida: «Buvijon, nega hadeb koyiyverasiz, axir nevarangizman-ku?» desam, «Nevaram bo‘sang nima? Go‘rimga o‘t qalarmiding?» der edilar. Men bu gapga tushunmasdim, savolimga go‘rning, unga o‘t qalashning nima daxli borligini bilolmasdim. Shu zayl yillar o‘tdi. 60-yillarda hindlarning buyuk dohiysi Javaharla’l Neru olamdan o‘tdi. Uning dafn marosimi matbuotda batafsil yoritildi. Ma’lum bo‘ldiki, hindilar hozir ham o‘lgan odamning jasadini gulxanda yondirib, kulini Ganga daryosiga sepib yuborishar ekan. Neruning vasiyatiga ko‘ra, uning jasadi yonadigan gulxanga eng sevimli nevarasi o‘t qo‘yibdi. Birdan buvimning o‘sha naqlini esladim: demak, gulxanga o‘t qo‘yish nevara uchun eng faxrli ish bo‘lgan ekan-da? Bundan chiqadiki, o‘sha ibora kamida 2,5 — 3 ming yillik tarixga ega.

Ana ko‘rdingizmi, tilimizda bunday iboralar qancha! Tariximizni o‘rganishda, o‘zligimizni tanishimizda ularning ahamiyati yo‘qmi? Ha, tilda chindan ham hikmat ko‘p. Shunday ekan, tilni himoya qilish, uning rivoji uchun real zamin yaratmoq bugungi kunning g‘oyatda muhim vazifasidir. Buni o‘qigan ba’zi odamlar jiddiy e’tiroz bildirishi mumkin: nega vahima qilyapsiz? Axir o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritilyapti. Til komissiyasi muntazam ishlab turibdi. Atamalar qo‘mitasi faoliyat ko‘rsatyapti, joylarning nomlari o‘zgartirilyapti, asta-sekin lotin alifbosiga ko‘chilyapti. To‘g‘ri. Ayniqsa mustaqillik yillarida o‘zbek tilining ravnaqiga alohida e’tibor berilyapti. Lekin baribir til borasidagi bugungi ahvoldan to‘la qoniqish hosil qilish qiyin. Jumladan, til haqidagi qonunda o‘zbek bo‘lmagan fuqarolarga zarur hollarda o‘zbek tilini o‘rganish uchun 8 yil muddat berilgan edi. Aslida shu muddatni ayrim o‘zbeklarga bermoq kerak ekan. Gap shundaki, sho‘ro zamonida tilini hakka cho‘qigan, o‘zining ona tilida ikkita jumlani bir-biriga qo‘shib gapira olmaydigan, faqat rus tilida bulbuligo‘yolik qiladigan amaldorlar ko‘payib ketgan edi. Albatta rus tilini yoxud boshqa xalqlarning tilini bilish nuqson emas, aksincha, bu — fazilat. Ammo shu shart bilanki, bunday odam, ayniqsa, mansabdor bo‘lsa, birinchi navbatda, o‘zining ona tilini mukammal bilmog‘i kerak. Afsuski, amalda bunday bo‘lmayotir. Hozir ham turli toifadagi mansabdorlar ichida o‘zbek tilida o‘qish va yozish u yoqda tursin, eplab gapira olmaydiganlari ham tez-tez uchrab turibdi. Men shunday amaldorlarni bilamanki, ular til bilmaganliklari sababli xalq ichiga kirolmaydilar. Uning dardini eshitib, ko‘ngliga qo‘l sololmaydi. Faqat kabinetda o‘tirib, rahbarlik qiladi. Rahbarlikning bunaqa usuli esa mustaqillik davriga mutlaqo yarashmaydigan, allaqachon eskirib bo‘lgan, bugun odamlarda faqat norozilik tug‘diradigan usuldir.

Kezi kelganda, yana bir gapni aytmoq kerak. Til haqidagi qonunda qisqa muddatda hamma idoralarda ish yuritishni davlat tiliga ko‘chirish nazarda tutilgan edi. Avvaliga bu ish ancha hafsala bilan boshlandi va ko‘pgina tashkilotlar chindan ham davlat tilida ish yurita boshladilar. Ammo nazorat susayganini sezgan ba’zi bir tashkilotlar oradan ko‘p o‘tmay bu ishni yig‘ishtirib qo‘ydilar. Buning oqibatida bugungi kunda ham ko‘p farmoyishlar, buyruqlar, ko‘rsatmalar, qo‘llanmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri rus tilida tayyorlanyapti, yozishmalar ham muntazam ravishda davlat tilida yuritilyapti, deb bo‘lmaydi.

Yana bir masala. Ma’lumki, bugungi kunda har xil firmalar, jamoalar, jamg‘armalar, uyushmalar, banklar, korporatsiyalar, hissadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar ko‘payib ketgan. Ularning hammasi ham o‘z nomiga ega bo‘lishga intiladi. Bu — qonuniy istak, unga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi, albatta. Ammo ular tanlagan nomlar ko‘p hollarda shunaqa beso‘naqay, qo‘pol, shunaqa yasamaki, bu sifatlari bilan tilimizni buzishdan boshqaga yaramayapti. «O‘zmevasabzavotuzumsavdo» deyishadimiyey, «O‘zdunrobita»mi-yey… Hatto yaqinda gazetada bosilgan e’londa «O‘zbekoqava» deganini ham o‘qib qoldik. Afsuski, bularni kim o‘ylab topgani ma’lum emas — shunisi ma’lumki, ularning didi nihoyatda o‘tmas, ona tili oldida o‘z burchini mutlaqo his qilmaydi. Eng yomoni shuki, bunaqa shumshuk muomala haddan tashqari ko‘payib ketgan va ular hozirgi kunda har qanday nazoratdan chetda qolgan. Tilning tabiatiga mos kelmaydigan bunaqa yasama so‘zlarni zo‘rlik bilan tilga olib kirish, o‘zining ona tilini ham, millatini ham mensimaslikdan boshqa narsa emas.

Yuqorida ayrim mansabdor shaxslarning o‘zbek tilini yetarli bilmasligi haqida gapirdik. Adolat yuzasidan aytish kerakki, ona tilini chala biladiganlarning safi faqat mansabdorlar bilan tugamaydi. Ming-ming taassuflar bo‘lsinki, bu safda ona tilimizning boyligini saqlashi, barkamolligi uchun kurashmog‘i zarur bo‘lgan ziyolilarimizning turli guruhlari ham bor. Bu guruhlarni nomma-nom sanab ko‘rsatish mushkul. Televizor ekranida gapini eplab gapira olmaydigan, so‘z boyligi nihoyatda qashshoq bo‘lganidan «Hah, nima derdi?» deb duduqlanib turadigan tuppa-tuzuk odamlarni ko‘p ko‘rganmiz. Afsuski, ularning orasida yozuvchi va munaqqidlar ham uchrab turadi. Bugun tilimizning rivojiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan omillardan yana biri televideniyedir. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda TVda ko‘pgina ijodiy izlanishlar bo‘lyapti. TV xodimlari ko‘rsatuvlarning rang-barang va maroqli bo‘lishi uchun jiddiy izlanmoqdalar. Bundan ko‘z yummagan holda, aytmoq kerakki, til borasida talabchanlik TVda juda susayib ketdi. Nazarimda, ayniqsa, yosh jurnalistlarning til borasidagi faoliyatlari butunlay nazoratsiz qolib ketganga o‘xshaydi. Negaki, ko‘p hollarda eng oddiy, eng birlamchi savod yetishmaydi, ega bilan kesim, qaratqich bilan tushum kelishigi farqlanmaydi, qo‘shma gaplar tuzishda palapartishlik bor, uslubning nozik jihatlariga sira e’tibor berilmaydi. Masalan, tajribali sharhlovchilardan biri jumlani «Men sizlarga…» deb boshlab, «to‘g‘risida aytib berdik» deb tamom qiladi. Yoki bo‘lmasa, «janglarda falonchilarning ko‘pgina harbiy texnikasi asir olindi» deydi. Axir texnika asir olinmaydi, o‘lja olinadi-ku! Yoxud boshqa bir boshlovchi «Sizni …ajoyib uchrashuv kutadi» deydi. Bir qarashda bu jumlada hech qanday g‘alatilik yo‘qday ko‘rinadi, lekin tuzukroq o‘ylab ko‘rilsa, uning rus tilidan so‘zma-so‘z tarjima qilinganini, o‘zbek tilining tabiatiga monand emasligini payqash qiyin emas. TVda til bobida bundan ham yomonroq «tajriba»lar bor — so‘nggi yillarda TV jurnalistlari o‘rtasida «chiroyli» gapirishga intiluvchilar ko‘payib ketdi. Masalan, «dehqon dalaga chiqdi» degan oddiygina gapni aytmoq uchun «ko‘z ilg‘amas ufqlar ortidan zarrin nurlarini asta taratib, butun borliqqa tabassum ato qilib, bosh ko‘tarib kelayotgan quyoshdan jilolanayotgan adirlar bag‘rida yastanib yotgan bog‘ orasidan o‘tgan ilonizi so‘qmoq bo‘ylab, qo‘lidagi rayhonni hidlay-hidlay, jonlarga rohat baxsh etuvchi musaffo tong havosidan to‘yib-to‘yib nafas olib, hali ohori to‘kilmagan kirza etigini gursillatib, dalaga yo‘l olgan bobo dehqonni ko‘rdi» degan uzundan-uzoq chigal jumlalarning chakalakzoriga sizni yetaklaydi. TVda aynan shunga o‘xshagan o‘ta didsizsizlik bilan tuzilgan chuchmal, ensani qotiradigan, ma’nosi g‘arib jumlalar ko‘p uchraydi. Bunday balandparvoz uslub fikrsizlikdan va savodsizlikdan o‘zga narsa emas.

Uslubdagi balandparvozlik bilan birga yoxud shu shaklda niqoblangan holda tilimizda yana bir illat ancha-muncha tomir yoymoqda. Bu ezmalikdir. Abdulla Qahhor uni «adabiy ezmalik» deb atagan edi. Odamlar har xil bo‘ladi. Ularning orasida ezmalari ham bor, albatta. Lekin hozir boshqa ezmalik haqida gap ketyapti. Turli-tuman yig‘inlarda, majlislarda tuturuqsiz, puch va bema’ni, uzundan-uzun vaysab, odamlarning vaqtini o‘g‘irlaydigan ezmalarni nazarda tutyapmiz. Hozir, ayniqsa, to‘ylarda ular ko‘p uchramoqda. Adib Mirmuhsin ularning suratini yaxshi chizibdi: «Kosagul bo‘lishni kasb qilib olgan bir sergap kimsa, so‘zining nuqtasi yo‘q, mikrofonni og‘ziga olib borib, yutib yuborguday shaqillab gapirib turibdi». Ana shu o‘ziga bino qo‘yib, tinimsiz shaqillovchi kimsa odamlarni ko‘ziga naqadar sovuq ko‘rinishini payqarmikan? Albatta, bunaqa ezmalik ham jamoatchilikka, ham ona tilimizga hurmatsizlikdan o‘zga narsa emas. Axir hech qachon tilning go‘zalligi jumlalarga tizilgan so‘zlarning miqdori bilan o‘lchangan emas. Aksincha, juda ixcham shaklga teran ma’no jamlangan hollarda jamoatchilik jumla muallifining mahoratiga tan beradi. Buyuk shoirlarimiz ona tiliga bunaqa mohir munosabatlarning yuksak namunalarini bergan. Abdulla To‘qay umrining so‘ngida yaratgan kichkina she’rida shunday misra bor: Kirlanib bitdim o‘zim, Dunyoni poklay olmadim.

Buni qarang, bor-yo‘g‘i oltita so‘z, ammo oltita oddiy so‘zga bir odamning butun biografiyasi, biografiyasigina emas — yoshlikdagi orzu-umidlari, ideallari, dunyoni poklash yo‘lidagi kurashlari, ularning behudaga chiqqani, aksincha, o‘zi kirlanib bitgani — hamma-hammasi jo bo‘libdi. Qandi endi, hammamiz ham shunaqa muxtasar va shunaqa ma’nodor gapiradigan bo‘lsak!

Mazkur maqolada men atayin misollarni ko‘paytirganim yo‘q. Negaki, shundoq ham ona tilimizning kamoloti yo‘lidagi sa’y-harakatimizni kuchaytirish kerakligi yaqqol sezilib turibdi. Tilimiz hamon parvarishga va himoyaga muhtoj. Ammo savol tug‘iladi: tilni qanday parvarishlash kerak? Nima qilib tilni himoya qilsa bo‘ladi? Men aminmanki, ona tilimizni himoya qilish uni teran o‘rganishdan boshlanmog‘i lozim. Faqat tilshunoslargina emas, yozuvchilar yoxud jurnalistlargina emas, hamma, butun xalq, butun millat o‘z tilining jamiki boyliklari va imkoniyatlaridan samarali istifoda qilmog‘i uchun juda boy lug‘at zaxirasiga ega bo‘lmog‘i, imkoni boricha so‘zlarning ildizini, kelib chiqishini, zamon va makondagi sarguzashtlarini bilmog‘i lozim. Tilimizni yaxshi bilsak, uni har xil huda-behuda xurujlardan himoya qila olamiz. Bir misol keltiray: 80-yillarda bo‘lsa kerak, bir rus olimi Moskvada chiqadigan gazetada katta maqola e’lon qilib, o‘zbeklarda dinga berilish kuchayib ketyapti, deb da’vo qilgan edi. Bu da’voning isboti uchun «Yalla» ansamblining nomini eslab, bu so‘z «Yo Ollo!»dan olingan, degandi. Holbuki, bu butunlay noto‘g‘ri. «Yalla» — qadimiy turkiy so‘z. U «yol» yoxud «yal» degan so‘zdan kelib chiqqan. «Yal» — hordiq, rohat, dam olish, istirohat degan ma’nolarni beradi va xuddi shu shaklda bugungi tatar tilida keng qo‘llanadi. O‘zbek tilida ham mashhur qo‘shiqda «uchtami-to‘rtta bo‘lvolib yallolashaylik» deyiladiki, bu fakt ham yuqoridagi so‘zning hech qanaqa diniy mazmuni yo‘qligidan dalolat beradi. Ammo shunisi ham tabiiyki, tilning bunaqa nozik tomonlarini hamma ham bilavermaydi. Bunda ko‘pchilikka mutaxassislar — tilshunoslar yordamga kelmog‘i zarur. Bizda til sirlarini maroqli bayon qiladigan, yozuvchilarning bu boradagi mahoratlarini ochadigan kitoblar yo‘q darajada. Shu paytga qadar ikki-uchta ruscha-o‘zbekcha lug‘atni aytmasa, etimologik lug‘at, shevalar lug‘ati, arxaik so‘zlar lug‘ati, antonim va sinonim so‘zlar lug‘ati yo‘q. Bir vaqtlar kasbu kor terminlari, hunarmandlik terminlaridan bir-ikkita lug‘at chiqarilgan edi. Afsuski, bu ish ham chala qolib ketdi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor kabi yozuvchilarning lug‘atini chiqarish bugungi kunda, ya’ni kompyuterlar asrida uncha murakkab emas-ku!

O‘tgan asrning buyuk yozuvchilaridan biri A.P.Chexov aytgan edi: «Odamda hamma narsa chiroyli bo‘lmog‘i kerak: kiyim-kechagi ham, fe’li atvori ham, husni ham». Men buning yoniga «tili ham» deb qo‘shib qo‘yardim. Har bir odamning tili nafaqat shirin bo‘lsin, balki ma’noga, jilolarga, muattar bo‘ylarga to‘la bo‘lsin. Ona tili gulga o‘xshaydi. Ammo gul birovning qo‘lida bir zumda so‘lib qoladi, boshqa birovning qo‘lida esa yashnab, barq urib ochiladi. Kelinglar, har birimiz imkonimiz boricha ona tilimizni yashnataylik.

O‘zbekiston qahramoni Ozod Sharafiddinov.

Ushbu maqola munaqqidning «Dovondagi o‘ylar» kitobidan olindi.

«Ma’naviyat» nashriyoti, 2004 yil.