5−6 oktabr kunlari Samarqandda ilk bor «O‘zbekistonda restavratsiya san’atini qayta tiklash madaniy meros va madaniy yodgorliklarni asrashga doir dolzarb masalalar» mavzusida restavratorlar seminari o‘tkazilmoqda, deya xabar qildi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Tadbirda O‘zbekiston xalqining tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob madaniy merosini asrab-avaylashni kuchaytirish, sohani raqamlashtirish, innovatsion rivojlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jahon tajribalarini samarali qo‘llash choralarini ko‘rib chiqish maqsad qilingan.

Seminarni bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduxakimov ochib berdi.

«Tan olish kerak, sohada mutaxassislar yetishmaydi, ayrim hollarda tarixiy obidalarni ta’mirlash, tiklash ishlari madaniy merosni qiymati, qadrini tushunmaydigan shaxslarga topshirilgan. Me’morchilik san’atining durdonalarini restavratsiya qilaman, ta’mirlayman deb tarixiy, badiiy qiymatiga shikast yetkazgan holatlar ham bo‘lgan. Biz ushbu seminar orqali sohadagi kelgusi 10 yillik maqsad va vazifalarni belgilab olish, O‘zbekiston restavratsiya san’atini butun dunyoga tarannum etishni niyat qilib olganmiz», — dedi Aziz Abduhakimov.

Vazir, shuningdek o‘z nutqi davomida yaqin vaqtlar ichida O‘rta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi.

Mamlakatda hozirgi kunga qadar 8 ming 210 ta moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obekti davlat muhofazasiga olingan. Shundan 4 ming 788 tasi arxeologiya, 2 ming 265 tasi arxitektura obyektlari, 625 tasi monumental san’at asarlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi.

So‘nggi uch yilda 250 dan ortiq madaniy meros obyektlari restavratsiya va konservatsiya qilingan. Mazkur obyektlarga davlat budjetidan 339 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. Bugungi kunda respublikada 400 dan ortiq usta-restavratorlar bor.

Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi «Madaniy meros obyektlari direksiyasi» davlat muassasasining «Buxoro», «Shahrisabz», «Samarqand», «Termiz», «Qo‘qon», «Xiva» mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilmoqda.

Markazlarining asosiy vazifasi madaniy meros obyektlarida ilmiy asoslangan loyihalar asosida ta’mirlash-tiklash va konservatsiyalash ishlarini olib borishdan iborat. Endilikda har bir madaniy meros obyektlarining restavratsiya va konservatsiya ishlari ushbu maktabning ilmiy xulosalari asosida amalga oshiriladi.