O‘zbekiston Vengriyada diplomatik vakolatxona ochadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston hamda Vengriya o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Shuningdek, mamlakatlar vazirlari va idoralari rahbarlari 15 ta hujjatga imzo chekishdi. Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasi ochiladi.

Aholi va tadbirkorlar uchun issiqlik ta’minoti tariflari o‘zgarmaydi

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 2022/2023 yillar isitish mavsumi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, aholi va tadbirkorlar uchun tariflar 2019 yilda belgilangan tarifda o‘zgarishsiz qoladi.

Aziz Abduhakimov O‘rta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi

Samarqandda ilk bor restavratorlar uchun seminar o‘tkazilmoqda.Tadbirda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘rta Osiyo restavratorlari qurultoyini tashkil etishni taklif qildi. Shuningdek, «Madaniy meros obyektlari direksiyasi»ning mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilayotgani qayd etildi.

OTB oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga yordam berish uchun O‘zbekistonga $500 mln kredit ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston hukumatiga aholini barqaror narxlarda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, yil oxirigacha 8,9 mln nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga to‘lovlar to‘lash va qaytgan mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mln dollar kredit ajratadi.

Yaponiya aviakompaniyasi O‘zbekistonning turistik shaharlariga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi

Yaponiyaning «All Nippon Airlines» aviakompaniyasi O‘zbekistonning turistik shaharlari (Samarqand, Buxoro, Urganch) ga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Shuningdek, tomonlar Tokio va Osaka shaharlaridan Samarqand shahriga charter dasturlarini amalga oshirishga kelishib oldi.

5 oktabr kuni Toshkent shahri va viloyatining bir qator tumanlari vaqtincha tabiiy gazdan uziladi

5 oktabr kuni ta’mirlash ishlari sabab poytaxtda Mirobod, Bektemir, Chilonzor tumanlarining turli ijtimoiy obyektlari va ishlab chiqarish korxonalari tabiiy gazdan uziladi. Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida 45 mingga yaqin aholi xonadonlariga vaqtincha tabiiy gaz yetkazib berilmaydi.

Chortoq tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tug‘ruqxonada joy yetishmovchiligi sabab ishdan olindi

Tarmoqlarda Namanganning Chortoq tumanidagi tug‘ruqxonalardan birida 10 dan ortiq ayol bir bo‘limda (aslida 3 nafardan ko‘p bo‘lishi mumkin emas) chaqalog‘i bilan yotgani aks etgan video tarqaldi. Natijada SSV mazkur holatga o‘z vaqtida chora ko‘rmagan tibbiyot birlashmasi rahbarini ishdan bo‘shatdi.

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidentini 70 yillik yubileyi bilan tabrikladi

Chorshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, uni 70 yillik yubileyi bilan tabrikladi. Tomonlar kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligi indeksi yaxshilandi, ammo bu yetarli emas

Jahon banki tomonidan tuzilgan davlat boshqaruvi sifati indeksida O‘zbekiston o‘z o‘rnini yaxshiladi. Indeks hisobdorlik, siyosiy barqarorlik, hukumat samaradorligi, korrupsiyani nazorat qilish va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Shunga qaramasdan, mamlakat hamon o‘rtacha past ko‘rsatkichni qayd etmoqda.

Tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilariga to‘liq stavkada ishlashga ruxsat berildi

Hukumat qarori bilan respublikadagi barcha tibbiyot oliygohlari bitiruvchilariga to‘liq stavkagacha ishlashga ruxsat beriladi. SSV shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi va 1 oktabrdan Surxondaryo viloyatida, 1 noyabrdan esa barcha hududlarda talabalarni vakant o‘rinlarga ishga joylashtiradi.

Uzbekistan Airways kompaniya rahbari bilan shartnomani 3 yilga uzaytirdi

Bir paytning o‘zida transport vaziri va Uzbekistan Airways rahbari bo‘lgan Ilhom Mahkamov bilan kompaniya o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi yana uch yilga uzaytirildi.

O‘zbekistonning ayrim hududlarida chang to‘zonlar kuzatilishi mumkin

Chorshanba kuni O‘zbekistonning sharqida shamol tezligi 7−12 m/s, shimol, janub va cho‘l hududlarida esa 15−18 m/s gacha kuchayadi. Ayrim joylarda chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin. O‘zgidromet mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmayotganini ma’lum qildi.

Senat bir qator qonunlar va ayrimlariga o‘zgartishlar kiritishni ko‘rib chiqadi

Senat 7 oktabrdagi yalpi majlisda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid va yangi tahrirdagi standartlashtirish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi. Qolaversa, Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha hukumatga yuborilgan so‘rov natijasi hamda Farg‘ona viloyati hokimining hisoboti muhokama qilinadi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti daniyalik va amerikalik olimlarga berildi

Kimyo bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Karolin Bertotssi va Barri Sharpless, shuningdek, daniyalik olim Deyn Morten Meldalga klik kimyosi va bioortogonal kimyo usullarini ishlab chiqqanligi uchun topshirildi.

Tilda hikmat ko‘p

Til haqidagi qonunga ko‘ra, avvaliga ko‘pgina idoralar chindan ham davlat tilida ish yurita boshladi. Biroq nazorat susaygach, tashkilotlar buni yig‘ishtirib qo‘ydi. Oqibatda bugungi kunda ham ko‘p farmoyishlar, buyruqlar, ko‘rsatmalar rus tilida tayyorlanyapti. Ozod Sharofiddinovning 2004 yildagi maqolasidan parcha.