O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Afg‘oniston muvaqqat hukumatining mamlakat oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalarini qariyb 70 foizga oshirish haqidagi qarorini olqishladi. 2021 yilda Afg‘onistondagi OTMlarga qabul kvotasi 68 ming talabani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 115 ming nafarga yetdi.

«Umid qilamanki, qizlarga ham universitetlarda o‘qish uchun teng [sonli] o‘rinlar beriladi», — deb yozdi Vladimir Norov Twitter-sahifasida.

Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligiga tayanib, TKG nashrining xabar qilishicha, joriy yilda kirish imtihonlari 6 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Imtihonlarda 12-sinfni tamomlagan 160 ming nafar maktab bitiruvchisi ishtirok etadi.

Ommaviy axborot vositalarida qizlarning mutaxassislik tanlashiga cheklov qo‘yilgani haqidagi xabarlarga javoban vazirlik ular istagan fakultetni tanlashda erkin ekanini ma’lum qildi.

O‘tgan juma kuni Kobuldagi o‘quv markazlaridan birida xudkush tomonidan portlash sodir bo‘ldi. Natijada 53 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati — 46 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari oldidan sinov imtihonidan o‘tgan qizlardir. Hodisa Kobulning g‘arbiy qismida, afg‘on shia hazoralari ozchilik jamiyatida sodir bo‘lgan.

Omon qolganlarning so‘zlariga ko‘ra, terrorchi portlovchi moddalarni qizlar joylashgan bo‘limda harakatga keltirgan. Bu vaqtda 400 ga yaqin o‘g‘il-qiz «Tolibon» ko‘rsatmalariga ko‘ra parda bilan ajratilgan holda imtihon topshirayotgan edi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati yoshlar xavfsizligini ta’minlay olmayotgani uchun tanqid qilindi. Portlashning ertasiga bir necha shaharda talaba qizlar norozilik namoyishlari o‘tkazdi, deb yozadi VOA.

sentabr oyida BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi (YUNAMA) Afg‘onistondagi qizlar o‘rta maktablari yopilganining bir yilligi munosabati bilan bayonot berib, ta’lim olishdan bosh tortish qizlar va ayollarning asosiy huquqlarini poymol qilishini ta’kidlagan edi.

«Bu fojiali, sharmandali yubiley bo‘lib, butunlay uning oldini olish mumkin edi. Qizlarning o‘rta maktabdan chetlatishda davom etishi hech qanday asosli sababga ega emas va dunyoning hech bir joyida bunday holat kuzatilmaydi. Bu qizlar avlodi va Afg‘onistonning kelajagiga jiddiy zarar yetkazmoqda», deyiladi xabarda.

«Tolibon» o‘tgan avgust oyida hokimiyatni qo‘lga kiritgach, qizlarga o‘rta ta’lim olishni taqiqlagan edi. Shu bilan birga, davlat va xususiy universitetlarda qizlar va yigitlar sinflari alohida ajratildi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, bir yilda 1 milliondan ortiq qizlar, asosan, 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar ta’limdan mahrum bo‘lgan.