Vazirlar Mahkamasining 3 oktabrdagi [558-son] qarori bilan yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilindi. Hujjat nusxasi «Gazeta.uz»da mavjud.

«O‘quvchilar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ular uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini kiyishga majbur emas», — deyiladi hujjatda.

Avgust oyida xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov joriy o‘quv yilidan yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligi haqidagi bayonoti to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston hukumatining yagona majburiy maktab formasini joriy etish rejasi besh yildan buyon keng jamoatchilik noroziliklari tufayli amalga oshmay kelmoqda. 2018 yildayoq hukumat tasdiqlangan maktab formasi 2022 yilning may oyiga kelib yana dolzarb masalalar qatoriga ko‘tarildi.

19 may kuni hukumat 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini to‘liq joriy etishga qaror qildi. Biroq jamoatchilik yana e’tiroz bildira boshladi, voqealar rivojida xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bayonot bilan chiqib, yangi o‘quv yilidan boshlab yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moslashuv jarayoni uchun ma’lum vaqt kerakligini inobatga olib, yagona maktab formasi 2025 yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yagona majburiy formani kiritish taklifini ilk bor 2017 yilning avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgandi. Davlat rahbari o‘quvchilarning bir-birining kiyimiga qarab baho berishi va natijada mojarolar vujudga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagandi. Biroq, VMning tegishli qarori jamoatchilik tomonidan juda sovuq qabul qilindi. Vaqt o‘tib, o‘quvchilar uchun yagona majburiy formani 2019−2020 o‘quv yilidan joriy etish rejalashtirildi, uning namunalari 2018 yildayoq hukumat tomonidan tasdiqlangandi.

2019 yilning may oyida esa prezidentning qizi, o‘sha vaqtda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva majburiy yagona maktab formasini joriy etishdan avval maktablardagi kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini aytgandi. O‘sha yilning iyunida Vazirlar Mahkamasi yagona formani joriy etish muddatini 2024−2025 o‘quv yiligacha qoldirgandi. O‘sha vaqtga kelib, ko‘plab maktablar shakl namunalarini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishdi va ota-onalar uni sotib olishdi. Noroziliklar ortidan maktablarda bolalarga o‘zlarida mavjud bo‘lgan formani kiyishga imkon berishdi. 2019 yilning 11 iyuniga kelib esa o‘sha vaqtda xalq ta’limi vaziri (hozirda AKT vaziri) Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilida kutilganidek maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ma’lum qilgandi. XTV umumta’lim maktablari orqali yagona maktab formasi savdosini tashkil etish taqiqlanganligini eslatib qo‘ygandi.