Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) respublikadagi sihatgohlarda yotib davolanish uchun onlayn navbatga turish xizmati ishga tushdi.

Ushbu imkoniyatdan️ urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari), respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslar,️ Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirganlar foydalanishlari mumkin.

Shuningdek, Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar, yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar, I va II-guruh nogironligi bo‘lganlar, ko‘zi ojiz I-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxs, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar,️ yoshga doir pensiya oluvchilar ham foydalanishlari mumkin.

Xizmatdan foydalanish uchun ariza beruvchi kerakli sihatgohni belgilaydi va so‘rov yuboradi.

Ushbu xizmat orqali sihatgohlarda mavjud navbatlarni oldindan ko‘rish imkoniyati ham mavjud. Navbatga turish yoki belgilangan toifaga mos bo‘lmagan ariza beruvchilarga rad etilganlik xabarnomasi avtomatik tarzda yetkaziladi.

Shuningdek, ariza beruvchi o‘z navbatini onlayn kuzatib bora oladi. Mazkur xizmat orqali avval qog‘oz shaklida topshirilgan arizalar navbatini ham kuzatish imkoniyati mavjud.