O‘zbekistonda yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash taklif qilinmoqda. Oila kodeksiga o‘zgartirish oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan qonun loyihasida taklif etilmoqda.
Oila kodeksiga asosan, aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga o‘xshashlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi.
FHDYO organlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil iyul-dekabr oylarida respublika bo‘yicha jami 1210 ta yaqin qarindoshlar (529 ta — xolavachcha, 307 ta — tog‘avachcha, 178 ta — amakivachcha, 196 ta — ammavachcha) o‘rtasida nikoh holatlari qayd qilingan. Hududlar kesimida qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohlarning yarmidan ko‘prog‘i 59 foizi ikkita viloyat: Surxondaryo (343 ta) va Qashqadaryo (371 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Tug‘ilayotgan bolalar tarkibida nogiron, jumladan, 1 yoshgacha tug‘ma anomaliyalar, deformatsiya va xromosom buzilishlarga uchragan bolalar ulushi ortmoqda.
Jumladan, 1 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar soni 2018 yildagi 2592 nafardan 2020 yilda 3374 nafarga yoki 30,1 foizga, 1 yoshgacha tug‘ma anomaliyalar (rivojlanish nuqsonlari), deformatsiya va xromosom buzilishlar soni 2018 yildagi 1093 tadan 2020 yilda 1292 taga yoki 18,2 foizga ko‘paygan.
“Bu esa mamlakatda salbiy demografik tendensiyalarning kuchayishiga, bunday bolalarni ijtimoiylashtirish masalalari bilan bog‘liq yangi muammolarning vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi loyiha hujjatida.
Shuningdek, tashabbuskorlar tomonidan ushbu o‘zgartirish “Nikoh tuzish va tan olish to‘g‘risida"gi 1978 yil 14 martdagi Gaaga Konvensiyasining 11-moddasiga ham mos kelishi qayd etildi.
Ma’lumotnomada qayd etilishicha, bunday tartib AQSh, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Turkiya, Ukraina, Irlandiya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Tojikiston davlatlari qonunchiligida ham mavjud.