Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan Toshkentda jamoat transporti foydalanuvchilari soni an’anaviy tarzda keskin oshadi. sentabrning ilk kunlarida metro kassalarida bir martalik QR-chipta xaridorlarining uzundan uzun navbatlari vujudga keldi. Hozir vaziyat barqarorlashgan, biroq tig‘iz paytlarda hanuz navbatlarga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Navbatlar bilan bog‘liq muammoni O‘zbekiston poytaxti va viloyatlarida transport va kontaktsiz bank kartalari, shuningdek, mobil ilovalardan foydalangan holda yo‘l haqini yig‘ishning avtomatlashtirilgan tizimini (ATTO) joriy etish orqali hal qilish rejalashtirilgan edi (ushbu usullar yordamida yo‘l haqini to‘lash va transport kartalari hisobini to‘ldirish haqida qo‘llanmalaridan batafsil o‘qib oling).

ATTO Toshkent jamoat transportida 2020 yil boshida joriy etilgandi. Biroq poytaxt jamoat transportining ko‘pchilik yo‘lovchilari yo‘l haqini bir martalik QR-chiptalar va naqd pulda to‘lashda davom etmoqda. ATTO kompaniyasi «Gazeta.uz»ga avgust holatida 550 mingta transport kartasi sotilganini ma’lum qildi. Biroq ularning 240 mingtasi yoki 43 foizi aktiv holatda bo‘lgan.


ATTO ma’lumotlariga ko‘ra, avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘laydigan yo‘lovchilar ulushi 54 foizni, transport kartalarida to‘laydiganlar — 37 foizni va bank kartalari orqali hisob-kitobni amalga oshiradiganlar 8,5 foizni tashkil etadi. Qolgan yo‘lovchilar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega.

Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, metro yo‘lovchilarining 61,1 foizi yo‘l haqini bir martalik QR-kodli chiptalar orqali to‘lamoqda. Ular har bir safar uchun to‘lovni amalga oshirishda chipta sotib olishlari kerak, chunki bekor qilingan jetonlardan farqli o‘laroq, ular faqat sotib olingan stansiyada va faqat yarim soat davomida amal qiladi. Metro yo‘lovchilarining atigi 30,9 foizi transport kartalaridan, 8 foizi bank kartalaridan foydalanadi.


Nima uchun yo‘lovchilar ko‘pincha naqd pul to‘lashni ma’qul ko‘rishmoqda?

Yo‘lovchilar hali ham naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirishining birinchi va asosiy sababi transport yoki bank kartalari bilan to‘lashda imtiyozlarning yo‘qligidir. ATTO statistik ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning taxminan 40−50 foizi faqat qulaylik tufayli elektron to‘lovga o‘tgan bo‘lsa, qolgan 50−60 foizi iqtisodiy rag‘batga muhtoj, biroq bu tizim bugungi kunda mavjud emas.

Reklama kampaniyasi va transport kartalarini imtiyozli sotish bo‘yicha bir nechta aksiyalar tufayligina qulay va vaqtni tejashni xohlovchi yo‘lovchilar kontingentini o‘tkazish mumkin bo‘ldi, deb hisoblaydi ATTO. Biroq yo‘lovchilarning ma’lum bir qismi haqiqatan ham o‘z odatlarini o‘zgartirishni istashmaydi.


Shuningdek, yo‘lovchilarning shunday kontingenti ham borki, ular uchun transport kartasi hisobini bir necha marta borib-kelishga yetadigan qilib to‘ldirish pullari muzlatilishini anglatadi. Ehtimol, bu ularning oxirgi puli va karta balansini to‘ldirish butunlay pulsiz qolish bilan teng, deb hisoblaydi kompaniya. Naqd pulsiz tariflar uchun chegirmalar ko‘rinishidagi qo‘shimcha rag‘batlantirishsiz ushbu kontingent hech qachon naqd pulsiz to‘lovga o‘tmasligi mumkin.

Amaldagi kunduzgi tarif rejalari vaziyatni o‘zgartirmaydi, chunki ular jamoat transportida kuniga to‘rttadan ortiq qatnovlarni amalga oshiradigan yo‘lovchilar uchun foydalidir.

Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, yo‘lovchilarning 16,87 foizigina kunduzgi tariflarni sotib oladi. Yo‘lovchilarning 25,83 foizi esa yo‘l haqini transport kartalari orqali to‘laydi, biroq eng yuqori tarif bo‘yicha — 1400 so‘mdan. Kartalarni xarid qilish uchun pul sarflash kerak, yo‘l haqini to‘lashda esa baribir eng yuqori tarifda to‘lashga to‘g‘ri keladi.


Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, aholini o‘z odatlarini o‘zgartirishga majburlashning yagona yo‘li yo‘lovchini iqtisodiy manfaatlar bilan rag‘batlantirishdir. Ya’ni, elektron to‘lov naqd to‘lovga qaraganda foydali va sezilarli darajada arzon bo‘lishi kerak.

Ta’kidlash joizki, boshqa mamlakatlar ham naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tishda muammolarga to‘qnash kelgan. «Gazeta.uz» jahon tajribasini o‘rgandi va uzoq-yaqin xorij mamlakatlarida transportda naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tishni qanday rag‘batlantirganini bayon etadi.

Transport kartasi bilan to‘lash uchun chegirma

Transport kartasi orqali yo‘l haqini to‘lashda chegirma taqdim etish naqd puldan naqd pulsiz to‘lovga o‘tishni rag‘batlantirishning eng keng tarqalgan va samarali usullaridan biridir.

Masalan, Olmaota shahrida naqd pulda bir martalik yo‘l haqi narxi 150 tenge (4 oktabrdagi kurs bo‘yicha 3465 so‘m), ONAY transport kartasi orqali to‘langanda esa 80 tenge (1848 so‘m)ni tashkil qiladi. Tabaqalashtirilgan tarifning joriy etilishi tufayli shahar bir oy ichida «yashirin» aylanmadan 800 mln tenge (1,6 mln dollardan ortiq) olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Ostonada naqd pul evaziga avtobusda yurish kattalar uchun 180 tenge (4158 so‘m) va bolalar uchun 90 tenge (2079 so‘m) turadi, transport kartasi bilan to‘lashda esa kattalar uchun 90 tenge, bolalar uchun bepul.

Dushanbeda bir avtobusda yurish naqd pul to‘lashda 2,5 somoniy (2789 so‘m), City Card bilan to‘lashda esa 1,5 somoniy (1673 so‘m) turadi.

Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Toshkent ham xuddi shunday yo‘ldan borishni rejalashtirmoqda. Bunday tizimni joriy etish bo‘yicha takliflar allaqachon Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.


Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini transport yoki bank kartasi, shuningdek, mobil ilovalar orqali elektron shaklda to‘lashda amaldagi yo‘l haqining 20 foizi miqdorida chegirma belgilanishi kutilmoqda.

Yangi tartiblar qabul qilingan taqdirda, avtobuslarda naqd pulda to‘lovni amalga oshiruvchi yo‘lovchilar yo‘l haqining eng yuqori narxidan (bugungi kunda — 1400 so‘m) to‘laydilar. 20 foizlik chegirma bilan bugungi kunda yo‘l haqi 1120 so‘mni tashkil qilgan bo‘lardi.

Tabaqalashtirilgan va bir transportdan boshqasiga o‘tish (peresadka) tariflarini joriy etish

Avtotransportning bosib o‘tgan masofasiga bog‘liq bo‘lmagan yagona tarif yo‘lovchilar uchun eng sodda va tushunarli hisoblanadi, deya qayd etdi Anvar Jo‘rayev. Biroq uning asosiy kamchiligi qat’iy belgilangan narx bo‘lib, bu yo‘lovchiga ko‘rsatiladigan xizmat bilan mutanosib emas. Ikki bekat yurgan yo‘lovchilar marshrutni oxirigacha bosib o‘tganlar uchun ham pul to‘lagandek bo‘lib chiqadi.


Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘plab mamlakatlar transport turi, marshrut toifasi va safar masofasiga bog‘liq bo‘lgan tabaqalashtirilgan tariflarni joriy qilgan. Shuningdek, jahon transport amaliyotida bir transportdan boshqasiga o‘tish (peresadka) tariflari ham keng tarqalgan.

Masalan, Istanbulda metro, avtobus va tramvayga birinchi marta chiqishda Istanbulkart transport kartasi orqali to‘lov 7,7 lirani (4532 so‘m) tashkil etadi. Agarda ikki soat ichida siz boshqa bir transportga o‘tadigan bo‘lsangiz, ikkinchi yo‘lkira 5,49 lira (3231 so‘m, uchinchisida — 4,17 lira (2454 so‘m) bo‘ladi.

Sankt-Peterburgda avtobus yo‘lkirasini naqd, QR-chipta yoki bank kartasi bilan to‘lash narxi 60 rublni (11333 so‘m) tashkil etadi. Yer usti transportida «Podorojnik» transport kartasi orqali «60 daqiqa» «peresadkali» tarifi bo‘yicha yo‘l haqini to‘lash esa birinchi martasida 40 rubl (7422 so‘m), ikkinchisida — 10 (1855), uchinchisi va keyingilarida — bepul bo‘ladi. Shunday qilib, transport kartasi orqali yo‘l haqini to‘lagan yo‘lovchi boshqa usullarda to‘lovni amalga oshirganga qaraganda kamida ikki martalik yo‘l haqini kamroq sarflaydi.


Anvar Jo‘rayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Toshkent transport boshqarmasi tomonidan taklif etilayotgan o‘zgartirishlar loyihasida poytaxt transportiga tabaqalashtirilgan tariflar joriy etish ham ko‘zda tutilgan. Ularni marshrut turi, metroda safar masofasiga va transport turiga qarab shakllantirish taklif etilmoqda. Metropoliten, magistral va halqa marshrutlari uchun namunaviy tarif belgilanishi ko‘zda tutilgan. Bog‘lovchi marshrutlarda standart yo‘l haqining 10 foizi, hudud ichi (podvozochniy) yo‘nalishlarda esa 20 foiz chegirma o‘rnatish taklif etildi.

Shuningdek, metropolitenda masofaga bog‘liq va bir transportdan boshqasiga o‘tish tariflarini ishlab chiqish ham rejalashtirilmoqda. Jamoat transportida yo‘lkira tariflarining xilma-xil tizimini joriy etish quyi bo‘g‘indagi korrupsiya darajasini ham pasaytiradi. Bundan tashqari, naqd pulda to‘lashga bo‘lgan talabning yuqoriligi metropoliten kassirlariga bo‘lgan ehtiyojni ham oshiradi.

Biroq Toshkentda bir transportda boshqasiga o‘tish tariflarini joriy etish transport ishida tub islohotlarni, jumladan, qatnov jadvallarini qat’iy standartlashtirishni, shuningdek, ko‘p yillardan buyon aytib kelinayotgan magistral yo‘nalishlarda avtobuslar uchun ajratilgan liniyalarni ishga tushirish bo‘yicha siyosiy irodani talab qiladi. Hozirgi vaziyatda esa yo‘lovchilar kerakli chegirmani olish uchun boshqa yo‘nalishga o‘tishga ulgurmay qolishlari mumkin.