Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti uch fizik olim — Alen Aspe, Jon Klauzer va Anton Saylingerga kvant mexanikasi sohasidagi tadqiqotlari uchun berildi, deya xabar berdi BBC.

Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasi fizika bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofotini murakkab fotonlar bilan o‘tkazgan tajribalari uchun Parij-Sakle universiteti akademigi Alen Aspe, Berklidagi Kaliforniya universiteti doktori Jon Klauzer hamda Massachusets texnologiya instituti akademigi Anton Saylingerga berdi. Olimlar 10 mln shved kronasi (915 ming dollar) miqdoridagi mukofot pulini bo‘lishib oladi.

2021 yilda fizika bo‘yicha mukofotni, shuningdek, murakkab fizik tizimlarni tushunish va Yer iqlimini modellashtirish bo‘yicha kashfiyotlari uchun uchta olim — Shukuro Manabe, Klaus Xasselmann va Jorjio Parisi olgan edi.

Nobel haftaligi an’anaga ko‘ra oktabr oyining boshida Stokgolmda bo‘lib o‘tadi. Fizika bo‘yicha mukofot — mukofotlarning ikkinchisi. Birinchi kuni tibbiyot va fiziologiya sohasidagi laureatlar ma’lum bo‘ladi. Bu yo‘nalishdagi bu yilgi mukofot bir kishiga — shved genetiki Svante Paaboga yo‘q bo‘lib ketgan gominidlar genomlari va inson evolyutsiyasi bo‘yicha tadqiqotlari uchun berildi.

Shundan so‘ng fizika, kimyo, adabiyot sohasidagi taqdimotlar bo‘lib o‘tadi va hafta oxirida Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori e’lon qilinadi, u nafaqat shaxs, balki butun tashkilot bo‘lishi mumkin. Bu Shvetsiya emas, Norvegiya Fanlar akademiyasi tomonidan beriladigan yagona mukofotdir.

Bundan tashqari, garchi iqtisod sohasi Alfred Nobelning dastlabki vasiyatnomasida ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, 1969 yildan boshlab Shvetsiya banki tashabbusi bilan iqtisod sohasidagi yillik mukofoti ham taqdim etib kelinadi.

Fizika Alfred Nobel vasiyatnomasida tilga olingan birinchi fan sohasi edi. Shuningdek, vasiyatnomada fizika bo‘yicha mukofot Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi tomonidan berilishi kerakligi aytilgan. Akademiya 1739 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda u 450 ga yaqin shved va 180 xorijiy olimlardan iborat. Nobel qo‘mitasi a’zolari Akademiya tomonidan uch yil muddatga tayinlanadi.