28 sentabr kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) ko‘magida tashkil etilgan matbuot anjumanida bachadon bo‘yni saratoni skriningi uchun odam papilloma virusi (OPV) testini o‘tkazish bo‘yicha pilot loyiha natijalari ko‘rib chiqildi.

Bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda 15 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan ayollar orasida saraton kasalligidan o‘lim holatlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. 2020 yilda kasallik 1650 ta yangi holat va 1000 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlarini tahlil qilish ularning barqaror o‘sib borayotganini ko‘rsatdi. Bu raqamlar 2030 yilga borib yiliga 2100 ta yangi holat va 1300 o‘limga yetishi kutilmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan bachadon bo‘yni skriningi kasallanish darajasini aniqlash va tasniflash usullarida standartlarning yo‘qligi sababli naf berayotgani yo‘q. Natijada minglab ayollar hozirgi vaqtda to‘liq oldini olish mumkin bo‘lgan saraton kasalligidan vafot etmoqda.

Bachadon bo‘yni saratoni o‘sishiga qarshi kurashish va o‘lim darajasini pasaytirish maqsadida 2021 yilning bahorida «Bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash uchun OPV testi» sinov loyihasi ishga tushirildi. Erta tashxis qo‘yilganda, to‘g‘ri davolash orqali bemorlarning 100% shifo topishiga erishish mumkin.

Yanvar oyida Yaponiya hukumati ko‘magida 8 ta uskuna va 50 ming dona OPV testi xarid qilinib, Qoraqalpog‘istondagi tuman ko‘p tarmoqli poliklinikalariga yuborildi.

YUNFPA ko‘magida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida skrining tekshiruvlari uchun qo‘shimcha 2 ta mashina va 6000 ta test xarid qilindi. Loyiha davomida aniqlangan bachadon bo‘yni yallig‘lanishi bilan og‘rigan bemorlarni davolash maqsadida shahar uchun uchta radiokoagulyatsiya jihozi sotib olindi.

2021 yil 1 apreldan 2022 yil 30 aprelgacha Qoraqalpog‘istonning 11 ta poliklinikasi va Chirchiq shahridagi 4 ta poliklinikada sinov loyiha amalga oshirildi.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonda 45 nafar ginekolog, 150 nafar oilaviy shifokor, 270 nafar patronaj hamshira va 77 nafar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xodimlari 30 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 50 ming nafar ayol o‘rtasida OPV testini o‘tkazish bo‘yicha o‘qitildi. Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan olib borildi.

Loyiha bo‘yicha ishlar davomida 49140 ta (98%) test o‘tkazildi, shundan 3290 tasi (6,7%) organizmda virus mavjudligini ko‘rsatib, ijobiy natija berdi. Patalogiya aniqlangan barcha bemorlar tor mutaxassislarning maslahati va davolanishiga yuborildi. Jumladan, OPV musbat maqomiga ega 759 nafar (23%) ayol onkologiya markazlariga davolanish uchun yuborilgan bo‘lib, ulardan 9 nafari (1,2%) bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha jarrohlik muolajasidan o‘tgan. Bachadon bo‘ynida minimal zararlanish kuzatilgan OPV-musbatli 237 nafar ayolga (31 foiz) nisbatan esa shifoxonalarda termoablyatsiya yoki radioto‘lqinli koagulyatsiya davolash choralari ko‘rildi.

Sinov loyiha natijalari onkogen xavfi baland bo‘lgan OPV-testini o‘tkazishga asoslangan yuqori samarali skrining dasturini joriy etish zarurligini ko‘rsatdi. Sinov dasturini amalga oshirish jarayonida olingan barcha natijalar Saraton, jumladan, bachadon bo‘yni saratoni profilaktikasi bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda to‘qqiz yoshli qizlarni OPVga qarshi emlash dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 2020 yilda qamrov 99 foizni tashkil etadi. Biroq emlanganlar soni xavf ostida bo‘lgan aholining katta qismini tashkil qilmaguncha, bu emlashning to‘liq foydalari ko‘rinmaydi.