Oilalarning baxtlilik darajasini aniqlash orqali ular bilan yakka tartibda ishlash, nizoli vaziyatlarni erta aniqlash hamda yakka tartibli yondashuvni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonda oilalarning baxtlilik indikatorini ishlab chiqilmoqda.

Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti axborot xizmati rahbari Manija Bahriyevaning xabar qilishicha, bunda xalqaro baxtlilik indikatorlari hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Butan, Indoneziya, Malayziyada joriy qilingan indekslar tahlil qilindi.

Loyihani shakllantirishda ishchi guruh tarkibi shakllantirildi. O‘rganishlar natijasida oilalarning baxtlilik indikatorlari aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, indikatorda o‘zbek millatining xarakteri va turmush darajasidan kelib chiqib subyektiv va obyektiv baxt ko‘rsatkichlari inobatga olindi.

«Loyihaning muhimligi va amaliyotda samaradorligini aniqlash maqsadida Farg‘ona viloyatida tajriba sinov o‘tkazildi. Barcha tahlil va tajriba sinov natijalari asosida oilalarning baxtlilik darajasini belgilovchi indikatorlarni joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlandi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi», — dedi Manija Bahriyeva.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil uchun baxtli mamlakatlar reytingida (World Happiness Report) O‘zbekiston 11 pog‘ona pastlab, 53 o‘rinni egallagandi. Shuningdek, o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun yiliga 21 960 dollardan ko‘proq mablag‘ topishlari kerakligi aytilgandi.