3 oktabr kuni hukumatning [559-sonli] qarori bilan «Oliy ta’lim tashkilotlarida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida masofaviy ta’lim orqali kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilandi. Buning uchun ta’lim tashkilotida quyidagilar bo‘lishi talab etiladi:

  • masofaviy ta’limni boshqarish uchun «Learning Management System» platformasi;
  • internetga ulanish va foydalanish uchun axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi;
  • o‘quv yili uchun mo‘ljallangan o‘quv kontenti;
  • fanlarning elektron o‘quv-metodik majmualari hamda ilmiy va o‘quv adabiyotlarining elektron bazasi;
  • kompyuter texnikasi bilan jihozlangan alohida bino yoki auditoriyalar;
  • texnik va dasturiy komponentlar ishlashini ta’minlaydigan muhandis-texnik xodimlar;
  • ta’lim tashkilotiga tegishli bo‘lgan, mamlakat hududida joylashgan server qurilmasi;
  • ta’lim tashkiloti to‘g‘risidagi barcha axborotlar joylashtirilgan rasmiy veb-sahifa.

Masofaviy ta’lim joriy etish mumkin bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili 1 aprelgacha e’lon qilinadi. Mazkur ta’lim asosida kadrlar tayyorlashda bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 300 nafar, bir magistratura mutaxassisligi 30 nafar talabadan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Bunda mazkur talab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlariga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, talabalar sonini aniqlashda xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar hisobga olinmaydi.

Masofaviy ta’limda o‘qishga qabul qilingan talaba o‘quv jarayoni boshlanishidan avval — LMS platformasida ro‘yxatdan o‘tish uchun OTMga kelishi shart. Shuningdek, ️har semestr yakunida — yakuniy nazorat topshirish o‘tish uchun ham muassasaga borishi kerak.

Shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy va magistrlik ishi himoyasi bevosita oliy ta’lim tashkilotida an’anaviy tarzda amalga oshiriladi, ularni sinxron yoki asinxron rejimida qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Masofaviy ta’lim shakli to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.