O‘zbekiston va Vengriya prezidentlari muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston va Vengriya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralarda Vengriya tomoni o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar uchun yillik kvotani 170 tagacha oshirishga qaror qilgani aytildi. Oliy o‘quv yurtlari rektorlarining ikkinchi O‘zbekiston-Vengriya forumini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ham ta’kidlandi.

Prezident Vengriya ishbilarmonlarini O‘zbekiston investitsiya uchun eng yaxshi joy ekaniga ishonch hosil qilishga chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev vengriyalik ishbilarmonlarni bugun investitsiyalar uchun eng yaxshi joy O‘zbekiston ekaniga shaxsan ishonch hosil qilishga taklif etdi. U O‘zbekiston vazirlik va tashkilotlariga vengriyalik hamkorlarga O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritishda har tomonlama ko‘maklashish topshirdi.

Yagona maktab formasi majburiy bo‘lmasligiga oid hukumat qarori qabul qilindi

Hukumat qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab maktablarda o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini joriy etish rasman bekor qilindi. O‘zbekistonda yagona majburiy maktab formasini joriy etish besh yildan buyon keng jamoatchilik noroziliklari tufayli amalga oshmay kelmoqda.

Foto: Chirchiqdagi portlashda zavodning ikki xodimi jarohatlandi, yong‘in o‘chirildi

«O‘zkimyosanoat» kompaniyasi «Maxam Chirchiq» zavodida avval portlash bo‘lgani, keyin buning natijasida yong‘in yuzaga kelgani, atrof-muhitga zararli gazlar tarqalmaganini ma’lum qildi. Voqea joyiga energetika vaziri yetib bordi. Portlash oqibatida zavodning ikki xodimi jarohatlangani aytilmoqda.

«Biz siz uchun birinchi ko‘prikni barpo qilyapmiz». Aziz Abduhakimov xorijdagi o‘zbekistonliklarga murojaat qildi

«O'zbekistonlik» filmi taqdimoti doirasida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov xorijdagi vatandoshlarga murojaat qilib, ularni hamkorlikka chaqirdi. «Biz uzoq vaqt davomida o‘z yo‘li va baxtini topishga uringanlardan ranjidik… Lekin Yangi O‘zbekiston boshqacha fikrlaydi va hayot kechiradi», — dedi u.

OTMlarda masofaviy ta’limni joriy etish tartibi belgilandi

OTMlarda masofaviy ta’lim orqali o‘qish tartibi belgilandi. Bunda bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishida talabalar soni 300, bir magistratura mutaxassisligida esa 30 nafardan oshmaydi. Talabalar LMS platformasida ro‘yxatdan o‘tishi va har semestr yakunida imtihon uchun OTMga borishi shart.

Ta’lim muassasalarida qishki ta’tilni tashkil etish tartibi belgilandi

Talabalarga dekabrning oxirgi 10 kunligi va yanvarning birinchi 10 kunligi oralig‘ida har yilgi 2 haftalik qishki ta’til beriladi. Ta’til shu paytgacha 1992 yildagi prezident farmoni bilan berilgan. 2022 yil 31 avgustda u o‘z quchini yo‘qotgandan so‘ng, bu borada Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

2022 yilda maktabni bitirganlarning 23 foizi talaba bo‘ldi

2022 yilda maktabni bitirgan 295 393 nafar o‘quvchi OTMga hujjat torshirdi. Ularning 85 869 nafari (23%) talaba bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 4 foizga, 2020 yilga nisbatan 12 foizga oshgan. O‘quvchilari o‘tish balini to‘play olmagan 519 ta umumta’lim maktabi alohida nazoratga olindi.

Yil boshidan beri ko‘cha va jamoat joyida 4 mingdan ortiq ayol zo‘ravonlikka uchradi

9 oyda O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada, 3 mingdan ortig‘i — ko‘chada, 1 mingdan ortig‘i — jamoat joyida sodir etildi, deya ma’lum qildi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi. Jami 32 mingdan ortiq xotin-qizlarga himoya orderlari berildi.

Sanatoriyalarda davolanish uchun onlayn navbatga turish xizmati ishga tushirildi

Yagona portalda keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun sihatgohlarda yotib davolanish uchun onlayn navbatga turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Xizmatdan foydalanish uchun ariza beruvchi kerakli sihatgohni belgilaydi va so‘rov yuboradi. Shundan so‘ng u o‘z navbatini onlayn kuzatib boradi.

O‘zbekistonda oilalarning baxtlilik indikatori ishlab chiqilmoqda

Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekistonda oilalarning baxtlilik indikatorini ishlab chiqmoqda. Unda o‘zbek millatining xarakteri va turmush darajasi inobatga olindi. Qolaversa, Fransiya, Indoneziya, Butan kabi davlatlarda joriy qilingan indekslar tahlil qilindi.

sentabr oyida eng past inflyatsiya darajasi qayd etildi

sentabr oyida inflyatsiya 1,03% ni tashkil etib, oxirgi 6 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Yillik nisbatda iste’mol sektorida narxlarning o‘sish sur’ati 12,2% ga yetdi. Meva-sabzavot narxlariga mavsumiy omil hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda, deya ma’lumot berdi Statistika qo‘mitasi.

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash rejalashtirilmoqda

Oila kodeksida yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash taklif etilmoqda. 2021 yilning ikkinchi yarmida respublika bo‘yicha jami 1210 ta yaqin qarindoshlar (529 ta — xolavachcha, 307 ta — tog‘avachcha, 178 ta — amakivachcha, 196 ta — ammavachcha) o‘rtasida nikoh holatlari qayd qilingan.

O‘zbekistonda odam papilloma virusi testini o‘tkazish dasturini joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda har yili 1000 ga yaqin ayolning o‘limiga sabab bo‘ladigan bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlashda odam papilloma virusi testini o‘tkazish bo‘yicha sinov loyihasi o‘z samarasini ko‘rsatdi. Bunday skriningni doimiy o‘tkazish dasturi kasallanish va o‘lim darajasini pasaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Samarqandga qatnovchi «Afrosiyob» poyezdi Dashtobodda ham to‘xtab o‘tadi

17 oktabrdan Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi «Afrosiyob» tezyurar poyezdi Dashtobod bekatida ham to‘xtab o‘tadi. Shu maqsadda, poyezd bekatida chiptaxona va kutish zali tashkillashtiriladi. Ushbu stansiya turistlar uchun jozibali bo‘lgan Zomin tumanida joylashgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Nima uchun yo‘lovchilar naqd pulsiz to‘lov shakliga nisbatan sekin o‘tishmoqda?

Toshkentdagi avtobuslarning 54% yo‘lovchilari yo‘lkirani naqd shaklda to‘lashda davom etmoqda. Metroda esa bu raqam 61%ni tashkil qilmoqda. «Gazeta.uz» nima uchun odamlar naqd pulsiz to‘lov shakliga o‘tishni istamasligi va muammoni qanday hal etish mumkinligini o‘rganishga harakat qildi.

Tilimiz — g‘ururimiz

«Gazeta.uz» «O‘zbek tili oyligi» doirasida 1990 yillarda turli nashrlarda chop etilgan maqolalarni berishda davom etadi. O‘sha yillari Zoir Ziyoning «o‘zbek tili to‘la mustaqillikka erishishi lozim», degan gapi bugun ham o‘z dolzarb. «Bu ishda tilshunoslarimiz faollik ko‘rsatishi kerak», — degandi u.