28 sentabr kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli «Auminzo-Amantoy» konida Belaz avtosomasvali yonib ketib, uning ichidagi haydovchi kuyish sababli vafot etdi. Navoiy viloyat prokuraturasi matbuot xizmati holatga 3 oktabr kuni munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, voqea taxminan soat 17:00 larda, Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ tasarrufidagi Markaziy kon boshqarmasining «Auminzo-Amantoy» koni hududida bo‘lgan. Avtomobil transporti boshqarmasidagi 31 yoshli haydovchi o‘ziga biriktirilgan «Belaz» rusumli avtosomasvalda tog‘ jinslarini tashish vaqtida avtosamosvalning old chap g‘ildirak shinasi yorilgan. Natijada yong‘in kelib chiqqan.

So‘ng yong‘in avtosomasval kabinasiga ham o‘tib, haydovchining tanasi kuyib, jarohatlangan. Unga Zarafshon shahrida joylashgan tibbiy sanitariya qismida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. So‘ngra Buxoro shahrida joylashgan RSHTYOIMga olib kelingan. Biroq, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, haydochi 30 sentabr kuni shifoxonada vafot etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi 2-son IIB tergov bo‘linmasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib boryapti. Sudga oid tibbiy va komission ekspertizalar tayinlangan.