11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi

Turkiy kengash o‘rniga qayta tashkil etilgan Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadi.

Shavkat Mirziyoyev Vengriyaga jo‘nab ketdi

Vengriya tomonining taklifiga binoan, Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Tashrif davomida Vengriya prezidenti va bosh vaziri bilan bir qatorda mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

1 noyabrdan qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi

Prezident 30 sentabr kuni “Tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Unda 1 noyabrdan qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat berilishi belgilandi.

Hafta sovuq bo‘ladi

Hafta davomida O‘zbekistonda nisbatan sovuq ob-havo kuzatiladi. Kunduzi harorat +26 darajaga yetadi, kechalari +8…+13 darajagacha tushishi kutilmoqda.

Navoiydagi konda avtosomasval yonib ketishi oqibatida haydovchi vafot etdi

28 sentabr kuni NKMKga qarashli konda 31 yoshli haydovchining “Belaz” rusumli avtosomasvali yonib ketdi. Natijada haydovchi kuyib jarohatlandi. Tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay fuqaro shifoxonada vafot etdi. Hozir IIB tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

IIV xodimining jasadi Chirchiq daryosidan topildi

Ikki shaxs Ichki ishlar vazirligida ishlagan boshqarma tezkor xodimi bilan kelisholmay qolib, uni qasddan o‘ldirgani va jasadini daryoga oqizib yuborgani aytilmoqda. Tekshiruv natijasida uning jasadi Chirchiq daryosidan topildi. Gumonlanuvchilar hibsga olindi.

Andijonda erkak xotini, qaynonasi va qaynukasini pichoqladi

Andijon viloyati Izboskan tumanida erkak xotini, qaynonasi va qaynukasini pichoqladi. Oqibatda turmush o‘rtog‘i va qaynonasi hodisa joyida, qaynukasi esa shifoxonada vafot etdi. Voqeaga oilaviy kelishmovchiliklar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

G‘ijduvonda 29 yoshli erkak onasini janjal vaqtida o‘ldirib qo‘ydi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida 29 yoshli fuqaro onasidan yashash uyiga begona erkaklarni olib kelmaslikni so‘rab, u bilan janjallashib qolgan. Oqibatda u onasini oshxona pichog‘i bilan jarohatlab, o‘ldirib qo‘ydi. Prokuratura voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Namanganda traktorga urilgan Cobalt ichidagi ikki kishi halok bo‘ldi, uch kishi jarohat oldi

Namangan viloyatida Cobalt avtomashinasi va paxta tashuvchi traktorning to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, uch kishi kasalxonaga yotqizildi. Traktor haydovchilari o‘rtasida tungi vaqtda yoritish chiroqlari va nur qaytargichlar soz holda harakatlanish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilmoqda, dedi viloyat YHXB.

YAIDXP orqali avtomashinaga taqiq bor-yo‘qligini aniqlash xizmati yo‘lga qo‘yildi

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali avtoulovga taqiq borligi yoki mavjud emasligini elektron shaklda aniqlash imkoniyati yaratildi. Xizmat ko‘rsatish ortiqcha vaqt talab qilmaydi. Faqatgina avtomobil egasigina xizmatdan foydalanishi mumkin.

Toshkentda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash uchun yangi kameralar o‘rnatildi

Poytaxtning Navoiy ko‘chasida sinov tariqasida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash uchun intellektual foto va videoni qayd etish kameralari o‘rnatildi. Ushbu aqlli radarlar Avstriyaning “Glans Gresselchaft Tashkent” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, shahar hokimiyati ko‘chani raqamlashtirish taklifini o‘rganmoqda.

NASAning xalqaro tanlovida O‘zbekiston nomidan uchta jamoa ishtirok etadi

Toshkentda o‘tkazilgan xakatonda uchta jamoa — “SpaceY”, “Astrea” va “AvacadOS” g‘olib bo‘ldi. Ular O‘zbekiston nomidan NASAning xalqaro tanlovida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Nukusda Sulaymon Boqiyg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Nukus va Mo‘ynoqda Ahmad Yassaviyning shogirdi, Zangi otaning ustozi — Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Avstraliya, Afg‘oniston, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

“Gazeta.uz” “O‘zbek tili oyligi” doirasida bundan 30 yil ilgari turli nashrlarda chop etilgan maqola va fiqralarni berishda davom etadi. 3-qism:

Istilohlar tiklanishi shart

Mahmud Nazarovning 1990 yilda yozilgan istilohlar tiklanishi shartligi haqidagi maqolasi bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligini aslo yo‘qotmagan.