Toshkent shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida intellektual foto videoni qayd etish kameralari o‘rnatildi, deb xabar bermoqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Shahar hokimiyati tomonidan Avstriya davlatining «Glans Gresselchaft Tashkent» nomli korxonasi Navoiy ko‘chasini raqamlashtirish bo‘yicha taklifi o‘rganilmoqda.

Hozirgi vaqtda ushbu korxonaga tegishli intellektual foto va videoni qayd etish kameralari tomonidan yo‘l chiziqlariga rioya qilmaslik, tezlikni oshirish, uyali telefondan foydalanish, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik va boshqa qoidabuzarliklar aniqlanib borilmoqda.

«Barcha yo‘l harakati ishtirokchilariga belgilangan qoidalarga amal qilishlarini tavsiya qilamiz», — deyiladi xabarda.

Toshkent shahar YHXB matbuot xizmati kotibi Qahramon Xudoyberganovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu loyiha hozircha faqat Navoiy ko‘chada amalga oshirilmoqda.

«Agar ish bersa, poytaxtning barcha ko‘chalarida o‘rnatilishi mumkin. Chunki intellektual foto va videoni qayd etish kameralari boshqa kamera va radarlardan ancha yaxshi ishlaydi», — dedi u.