28 sentabr kuni kechqurun Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida fuqaro onasi bilan janjallashib qolgan vaqtida uni pichoq bilan o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, fuqaro N.H. onasi M.O. bilan yashash uyiga begona erkaklarni olib kelmaslik masalasida tortishib, janjallashib qolgan. Bu vaqtda 29 yoshli farzand oshxona pichog‘ida onasining chap yelka yuqori kismi, ko‘krak qafasi va qo‘ltiq osti sohasiga bir martadan, jami 3 marotoba urib, qasddan o‘ldirgan.

Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limiga chap o‘pkasini teshib o‘tib, yurak aorta tomirini jarohatlanishi oqibatida kelib chiqqan o‘tkir massiv ichki qon ketishi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Keltirilishicha, 50 yoshli M.O. Jondor tumanida tug‘ilgan. Hayot vaqtida vaqtincha ishsiz bo‘lgan, qolaversa muqaddam Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) bilan sudlangan.

Hodisa joyiga viloyat prokuratura, ichki ishlar organlari xodimlari chiqib, joy va uning tevarak atrofda kriminalistik — texnika vositalari yordamida tekshiruv o‘tkazdi. Unda bir dona oshxona pichog‘i, qonga o‘xshash dog‘lardan surtmalar hamda marhuma M.O.ning qonga o‘xshash dog‘lari bo‘lgan kiyimlari olingan.

Holat yuzasidan 28 sentabr kuni tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Ayolning o‘g‘li Jinoyat protssessual kdeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Ish bo‘yicha sudga oid tibbiyot, kriminalistika — texnika hamda biologiya ekspertizalari tayinlandi.

G‘ijduvon tuman prokuraturasi dastlabki tergov harakatlari olib boryapti.