29−30 sentabr kunlari Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani va Nukus shahrida Hakim ota — Sulaymon Boqiyg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Unda Avstraliya, Afg‘oniston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari tarixchi, arxeolog va adabiyotchi olimlari, mustaqil tadqiqotchilar va boshqalar ishtirok etdi.

Dastlab anjuman qatnashchilari Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurib, «Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi» ekofestivali hamda «Orol baliqlaridan 99 xil taom» gastronomik festivalida ishtirok etishdi, shuningdek, Mo‘ynoq ekologiya muzeyida bo‘lishdi.

Bundan tashqari, festival doirasida Mo‘ynoq tumanida joylashgan Sulaymon Boqirg‘oniy majmuasiga tashrif buyurib, ulug‘ shayx va mutasavvif shoir ruhiga bag‘ishlab Qur’on o‘qildi.

Qayd etish joizki, Hoja Ahmad Yassaaviyning shogirdi, Zangi otaning ustozi Sulaymon Boqirg‘oniyning qabri uzra XII, XIV, XVI asrlarda, so‘nggisi Xiva xoni Olloqulixon tomonidan XIX asrda maqbara tiklangan. Bugungi kunda esa Mo‘ynoq tumanining janubiy tomonida joylashgan ushbu ziyorat majmuasiga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 37-sonli qaroriga asosan 11 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, 2019−2021-yillarda ta’mirlash, tiklash, ziyorat majmuaga aylantirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi.


Xalqaro konferensiyaning ikkinchi kuni Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida plenar majlis bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kirish so‘zida Hakim ota — Sulaymon Boqirg‘oniyning turkiy she’riyat rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Uning asarlari „Bibi Maryam Kitobi“, „Kissai Ibrohim Xalil“ va boshqa nomlar bilan mashhur bo‘lib, ular turkiy xalqlar orasida ayniqsa mashhur bo‘lib, turkiy she’riyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, — dedi o‘z so‘zida Aziz Abduhakimov. — Olimlarning fikricha, buyuk turkman shoiri Maqtimquli Qo‘ng‘irotga bir necha bor kelgan, Hakim ota qabrini ziyorat qilgan. Uning she’riy merosi turkman shoirining poetik tabiatida chuqur iz qoldirdi. Ulug‘ qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz she’riyati Sulaymon Boqirg‘oniy she’rlariga to‘yingan».


Plenar majlisda Sidney universiteti (Avstraliya) professori Alison Betts, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi Sayfiddin Rafiddinov (Sayfiddin Sayfulloh), O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inamov, Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Islom qo‘lyozmalari markazi ilmiy xodimi Tatyana Anikeyeva va boshqalar ham so‘zga chiqdi. Shundan so‘ng anjuman seksiyalarda davom etdi.

Tadbir O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot markazi va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi.