Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
«Maktabdan boshqa ishga o‘tgan o‘qituvchilarni qaytarish, oylikni kamida 15 mln so‘m qilish zarur»
Turli makon va sharoitlarda ishlayotgan ustozlar bilan suhbat
O‘zbekistondagi davlat maktablarida jami 506 618 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Ularni yagona maqsad — tongdan to kechgacha bolalarga taʼlim-tarbiya berishdek sharafli masʼuliyat birlashtirib turadi. O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Gazeta.uz» turli hudud, sharoit va imkoniyatlar qurshovida faoliyat yuritayotgan murabbiylar bilan suhbatlashdi.
O‘zbekistondagi davlat maktablarida jami 506 618 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Ularni yagona maqsad — tongdan to kechgacha bolalarga taʼlim-tarbiya berishdek sharafli masʼuliyat birlashtirib turadi. O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Gazeta.uz» turli hudud, sharoit va imkoniyatlar qurshovida faoliyat yuritayotgan murabbiylar bilan suhbatlashdi.
Xalq taʼlimi vazirligiga qarashli umumtaʼlim maktablarining umumiy soni 10 100 tani tashkil etadi. Shundan shaharlarda — 1430 ta, tumanlar markazida— 1134 ta, qishloq joylarda — 7014 ta, olis hududlarda esa — 522 ta maktab mavjud. Nodavlat maktablar soni esa 334 taga yetdi ularda ishlaydigan o‘qituvchilarning aniq soni esa yuritilmaydi.

Davlat muassasalarida ishlovchi 506 618 o‘qituvchining 69,8 foizi – 353 645 nafari ayollardan iborat. Oliy maʼlumotlilar (magistratura diplomiga egalar) — 440 656 nafar (87%), tugallanmagan oliy maʼlumotlilar (bakalavr diplomi borlar) — 28 662 nafar (5,7%), o‘rta-maxsus maʼlumotli o‘qituvchilar esa— 37 300 nafarni (7,4%) tashkil qiladi. Ëshi eng katta o‘qituvchi 65 da, eng kichigi esa 20 da. Eng tajribali murabbiy 45 yillik ij stajiga ega.

O‘quvchilarning umumiy soni esa — 6 346 000 nafar, shundan 3 251 000 nafari o‘g‘il, qolgan 3 095 000 nafari esa qiz bolalardan iborat.
Xalq taʼlimi vazirligiga qarashli umumtaʼlim maktablarining umumiy soni 10 100 tani tashkil etadi. Shundan shaharlarda — 1430 ta, tumanlar markazida— 1134 ta, qishloq joylarda — 7014 ta, olis hududlarda esa — 522 ta maktab mavjud. Nodavlat maktablar soni esa 334 taga yetdi ularda ishlaydigan o‘qituvchilarning aniq soni esa yuritilmaydi.

Davlat muassasalarida ishlovchi 506 618 o‘qituvchining 69,8 foizi – 353 645 nafari ayollardan iborat. Oliy maʼlumotlilar (magistratura diplomiga egalar) — 440 656 nafar (87%), tugallanmagan oliy maʼlumotlilar (bakalavr diplomi borlar) — 28 662 nafar (5,7%), o‘rta-maxsus maʼlumotli o‘qituvchilar esa— 37 300 nafarni (7,4%) tashkil qiladi. Ëshi eng katta o‘qituvchi 65 da, eng kichigi esa 20 da. Eng tajribali murabbiy 45 yillik ij stajiga ega.

O‘quvchilarning umumiy soni esa — 6 346 000 nafar, shundan 3 251 000 nafari o‘g‘il, qolgan 3 095 000 nafari esa qiz bolalardan iborat.
Abduhakim Ashurmatov
Namangan shahridagi Prezident maktabining kimyo fani o‘qituvchisi
Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilib, voyaga yetganman. Hududdagi 19-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati (DIMI)da o‘qib yurgan kezlarim kimyo fani o‘qituvchimiz mashg‘ulotlarni qiziqarli o‘tardiki, shu fanga nisabatan ishtiyoqim ortgan. Maktabni tamomlab, o‘sha vaqtdagi Namangan davlat universiteti (NamDU) qoshidagi 2-akademik litseyining tabiiy fanlar yo‘nalishida tahsil oldim. 2013-yili NamDUning kimyo yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga kirib, 2017-yil bakalavrni, 2019-yil magistraturani bitirdim. Uch oy Namangan shahridagi 1-DIMIda ishladim. 2019-yili tanlov asosida Prezident maktabiga ishga qabul qilindim. Bizda darslar to‘liq inglizcha o‘qitilgani bois sinov paytida o‘qituvchilar ham ingliz tili bo‘yicha suhbatdan o‘tkazilgan. Uch yildan beri shu dargohdaman.
Foto: Inomjon Mamadaliyev
Prezident maktabi o‘quvchilarining bilim darajasi kuchli, deb ayta olaman. Mashg‘ulotlarga puxta tayyorlanib, dars mohiyatini ochib berolmasangiz, bolalar savollari orqali sizni xijolat qilib qo‘yadi. Ularning dunyoqarashi keng va qiziqishi kuchliligi tufayli darsliklardan tashqari, o‘zini o‘ylantirayotgan yoki bilmaganlari bo‘yicha ham savollar beradi. Shuning uchun chet el adabiyotlari, internetdagi manbalarni ham o‘qib, har gal jiddiy tayyorlanaman.
реклама
реклама
Ishimni bilimsizlikdan emas, balki ruhiy bosimlar sabab tashlab ketishim mumkin. Ammo hali bunday holat kuzatilgani yo‘q. Har kuni maktabga kelib, maza qilib dars o‘taman. O‘quvchilar vunderkind, ular bilan ishlab zavqlanaman.
Prezident maktablarining o‘quvchilari kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lishiga qarab, 9-sinfdan bir qancha fan bo‘yicha jiddiy tayyorlanadi. 2021—2022-o‘quv yili yakunida yetti nafar bitiruvchi o‘quvchim Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakillari tomonidan o‘tkazilgan A/AS level imtihonida qatnashdi. Ular O‘zbekistondagi mavjud 14 ta Prezident maktabi o‘quvchilari orasida 100 foizli natijani qayd etdi va muvaffaqiyatli sertifikatni qo‘lga kiritdi. Ulardan ikki nafari Toshkent shahridagi Yangi O‘zbekiston, bir nafari Akfa universitetida o‘qiyapti. Qolgan 4 nafari esa chet eldagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabasiga aylandi. O‘quvchilarimning mana shunday yutuqlarini ko‘rib, yaxshiyam shu kasbni tanlagan ekanman, deb xursand bo‘laman!
Ayni paytda NamDUda doktaranturada o‘qishdan tashqari, Prezident maktabida shartnoma asosida faoliyat yurityapman. Bundan yarim yil oldin shtat asosida ishlagan paytlarim 11 million so‘mga yaqin maosh olardim. Buning uchun albatta, harakat qilardim, o‘quvchilarim ko‘rsatgan natija, til sertifikati va bir qancha omillar hisobga olinardi. Menimcha, davlat maktablaridagi o‘qituvchilar oyligini 1000 dollar atrofida qilish kerak. Shundan keyin ular jonini jabborga berib ishlaydi, oilasini boqib, o‘z ehtiyojlarini ham qondirardi. Mehnat taʼtiliga chiqqanida, Turkiya, Antaliyaga borib, bemalol hordiq chiqarib keladi.
Foto: Inomjon Mamadaliyev
Prezident maktabi va boshqa ixtisoslashgan maktablarda laboratoriya xonalari havas qilarli darajada deyish mumkin. Ammo oddiy maktablarda laboratoriya jihozlari yetarli emas, yetishmovchilik bor. Mashg‘ulotlar yodlashga asoslangan testlar, qiyin masalalar asosida o‘tadi. O‘qituvchilar ham darslik bo‘yicha ish reja tuzib, bilim beradi. Xalq taʼlimi vazirligi alohida ish rejalar ishlab chiqishi kerak, deb o‘ylayman. Masalan, Prezident maktablarida ish rejalar Cambridge Assessment International Education tashkiloti tomonidan tayyorlanib, bir xil o‘qitishga qaratilgan. Shuningdek, davlat maktablarida sifatli kadrlarni ko‘paytirish zarur. Buning uchun esa yuqoridagi aytganimdek, maoshlarni oshirish lozim.
Shahnoza Mirzayuldasheva
«Merit» xususiy maktabining oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Bobom va buvim bir umr taʼlim sohasida ishlab, yosh avlodni o‘qitgani uchun men ham shu kasbni tanlaganman. Maktabni bitirgach, 1-sonli Toshkent pedagogika bilim yurtida o‘qiganman. 1997-yilda Uchtepa tumanidagi boshlang‘ich taʼlim-tarbiya markaziga ishga kirganman. U yerda faoliyat yuritish bilan bir qatorda 2003—2006-yillarda Toshkent davlat pedagogika universitetining maxsus sirtqi bo‘limida tahsil olganman. Keyinchalik, turmushga chiqqanim bois faoliyatimni Chinoz tumanidagi 22-umumiy o‘rta taʼlim maktabida davom ettirib, 2020-yilgacha o‘sha yerda mehnat qildim. Ikki yildan buyon esa «Merit» xususiy maktabida bolalarga bilim beryapman. O‘tgan vaqt davomida direktorlik, ilmiy bo‘lim mudiri kabi turli lavozimlarda ishlash taklifi tushdi. Lekin hammasini rad etdim. Chunki bolalar bilan ishlash menga maroq bag‘ishlaydi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Davlat va xususiy maktablarda ishlab, ikki xil tizim va muhitni ko‘rgach, ularni taqqoslash tajribasiga ega bo‘ldim. 15 yilga yaqin davlat maktabida faoliyat yuritgan bo‘lsam, u yerda davlat taʼlim standartlaridan chiqmagan holda dars o‘tardik. Yozish, chizish ishlariga ko‘p vaqt sarflardim. Hujjatlaringiz joyida bo‘lmasa, sizning ishlaganingiz va o‘quvchilaringizni natijasiga birov ishonmaydi. Toifa, ustama haqi olish uchun qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanardim, ko‘p vaqtim shunga ketardi, baʼzan darslarim o‘tilmay ham qolib ketardi.
Xususiy maktabda o‘quvchi qancha ko‘p bilim qabul qilsa, o‘qituvchi shuncha maʼlumot beradi. DTSdan tashqari, xalqaro tajribalarni ham o‘rganib, o‘quvchilarga qo‘shimcha bilim ulashiladi. Bolalar bilmaganlarini qancha ko‘p so‘rasa, men shuncha izlanib, o‘z ustimda ishlayman va bilimlarimni oshirib boraman. Bu yerda o‘quvchilar bilan ko‘proq mashg‘ulot o‘tkazib, ko‘proq natijaga erishish maqsad qilingan. Bolalar har oyda test topshirib, bilim darajasini sinovdan o‘tkazadi. Natijaga qarab, individual tarzda ham shug‘ullanamiz. Qog‘ozbozlik u darajada ko‘p emas, asosiy eʼtibor bolaga bilim berishga qaratiladi. Davlat maktablari ham shu tizimga o‘tishi kerak, deb o‘ylayman. Pedagog o‘quvchi bilan ishlasin, natija ko‘rsatsin va maoshini olsin. Qog‘ozbozlik o‘qituvchini charchatadi, hujjatlar baribir qayerdadir qolib ketadi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Bugungi kunda O‘zbekistonda taʼlim sohasida zamonaviy va bilimli kadrlar yetishmaydi. Buning sababi iqtisodiy masalaga borib taqaladi, nazarimda. Ko‘p davlatlarning taʼlim tizimi rivojlanishi tarixiga nazar solsangiz, u mamlakatlar inqirozga uchrasa ham pedagoglar maoshini baland qilgan va bu yillar o‘tib, mevasini bergan. Hozir bizda maktabning eng qoloq, yaxshi o‘qimagan o‘quvchisi pedagoglikni tanlayapti. Agar maktabning eng oldi, bilimli o‘quvchisi kelajakda o‘qituvchi bo‘laman, deb shu kasbni egallasa, keyin tizim o‘zgaradi. Buning uchun iqtisodimiz qancha yildir qoloq bo‘lsa ham, o‘qituvchilar oyligini 15 million so‘m qilish shart. Shundagina bolalar yurist, shifokor emas, o‘qituvchi bo‘lishni maqsad qiladi, bilimli kadrlar yetishib chiqadi. Ularning o‘zi o‘quvchini to‘g‘ri yo‘naltirib, agronom, huquqshunos, shifokor tayyorlay oladi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Hozir pedagoglar maoshi 7-10 million so‘m qilinsa ham eng bilimli o‘quvchi muallim bo‘laman, demaydi. Erkak o‘qituvchilarning oyligi kamida 15 million so‘m bo‘lsa, u oilasini boqa oladi, o‘quvchilarga vaqt ajratib, ular bilan bemalol shug‘ullanadi. Maoshi ozligi tufayli maktabni tark etib, boshqa sohada ishlayotgan eng yaxshi o‘qituvchilarni qaytarish kerak. O‘qituvchilar uchun imtiyozli uy yoki mashina berish joriy qilingani bilan muallimlar iqtisodiy tomondan baqquvat bo‘lmas ekan, kreditlarni to‘lay olmaydi. Agar ularning oyligi zo‘r bo‘lsa, o‘sha uy va mashinani ham imtiyozli kreditsiz o‘zi xarid qilaveradi. Yuqorida men aytgan taklifni amalga oshirish juda ham qiyin, iqtisodimiz “o‘tirib” qolishi mumkin. Lekin vaqt o‘tib, albatta, o‘z natijasini berishiga ishonaman.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
15 yil avvalgi o‘quvchilarim bilan hozirgilarini solishtirsam, oldingi bolalar juda sodda bo‘lgan. Rag‘bat sifatida qalam yoki daftar bersam, quvonishardi. Bugungi bolalar juda qiziquvchan. Siz kutmagan savollarni berib, xijolat ham qilishadi. Ammo ulardan ortda qolmaslik uchun internetga ham, Instagram‘ga ham kirib, kuzatishga, zamonaviy multfilmlarni ko‘rishga majburman. O‘quvchilarning savollariga ularni lol qoldiradigan darajada javob bermasangiz, sizga nisbatan hurmati pasayib boradi. Ammo hozirgi bolalarni kitobga qiziqtirish juda qiyin.
реклама
реклама
O‘qituvchilikni tanlaganimdan hech afsus chekmaganman. Aksincha, doim faxrlanaman. Bu sohada ishlaganim avvalo, farzandlarimga plyus bo‘lgan. Chunki ularning savodi erta chiqqan, maktabning eng oldi o‘quvchilari bo‘lgan va birinchi urinishdayoq talabalik baxtiga erishgan. Orada qayta tayyorlov kursida o‘qib, sakkiz yil ona tili fanidan saboq berdim. Ko‘plab o‘quvchilarim fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvi kabi musobaqalarda qatnashdi, yaxshi natijalarga erishdi. O‘zim 2019-yili «Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi» ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Tanlovning tuman, viloyat va respublika bosqichlariga yetib borish oson bo‘lmagan, albatta. «Agar korrupsiya holatiga guvoh bo‘lsam, ortga qaytaman», degan fikr bilan oxiri final bosqichga yetib borganman (kuladi). O‘sha yili «Xalq taʼlimi aʼlochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bularning barchasiga kasbim va halol mehnatim orqali erishdim.
Munisa Qodirova
2002-yildan beri Toshkentdagi 106-zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida faoliyat olib boradi
Ayrimlar Sirdaryo, Samarqand va boshqa viloyatlardan kelib, internatda yotib o‘qishadi. Besh kunlik darsdan keyin ota-onaning har doim ham kelib, olib ketishga imkoniyati bo‘lmaydi. Yo‘lkira, vaqt bilan bog‘liq vaziyati bo‘lishi mumkin yoki chorak yakunida ketadigan bolalar ham bor.

Bir marta opamning o‘quvchilaridan birini ota-onasi olib ketmagan. Bola opamga «meni uyingga olib ket», deb yig‘lagan. Opam uyimizga olib kelganlar, o‘shanda men 3- yoki 4-sinf edim. Biz tengdosh ekanmiz. Qizning tilini tushunishga, u bilan muloqot qilishga harakat qilardim, opam o‘rtamizda tarjimon edilar. U bilan vaqtimni o‘tkazib, men ham opam singari shunday bolalarni o‘qitishimni aytganman. Keyinchalik, aqlimni taniy boshlagach, zaif eshituvchi bolalarga bilim berish, ularning hayotda o‘z yo‘lini topib ketishida hissa qo‘shish istagi maqsadimga aylandi.

Ishni endi boshlaganimda 18 yoshda edim, o‘shanda bir vaqtning o‘zida institutda ham o‘qirdim. Yuqori sinflarga yetakchi sifatida qabul qilinganman. Zaif eshituvchilar orasida ayrimlar maxsus maktab borligini kech biladi yoki uyda taʼlim olib, keyin maktabga chiqadi. Shuning hisobiga o‘quvchilarimning yoshi taxminan men bilan barobar edi. Keyin yuqori, boshlang‘ich sinflarga tarbiyachi, vaqt o‘tib esa sinf rahbari bo‘ldim. 6 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiman.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Internatda bolalar bilan kun davomida bir nechta mutaxassislar ishlaydi. Ertalab 8:00 dan 11:30 ga qadar sinf rahbari, 11:30 dan 13:00 ga qadar yakka mashg‘ulot o‘qituvchisi, 13:30 dan 16:30 gacha tarbiyachi, 16:30 dan 20:00 gacha yana bir nafar tarbiyachi shug‘ullanadi. 20:00 dan tungi enagalarimiz kelib, ularni uxlatishadi. Ertalab 6:00 yoki 6:30 da bolalarni uyg‘otib, yuz-qo‘llarini yuvishadi, badantarbiya qildirib, nonushtaga olib kirishadi. Shundan so‘ng ularni yana sinf rahbarlari qabul qilib oladi. Hammasi zanjir tarzida, bir mutaxassis o‘rgatganini, boshqasi o‘ziga taalluqli holatda takrorlatmasa, bolada uzilish bo‘ladi, tovushi, nutqi chiqmaydi.

Darslarimizni ko‘rgazmalarsiz olib borsak, bolaga hech narsa berolmaymiz. Ommaviy maktablarning o‘quvchilari eshitish orqali anglaydi, his qiladi. Shuning uchun ularda ko‘rgazmalarsiz ham darslarni o‘tib ketsa bo‘ladi. Bugungi darsimiz «Mevalar» mavzusi edi. Mashg‘ulotlar o‘tib bo‘lingandan keyin, o‘rganganlari taʼmni his qilish orqali o‘quvchilarning esida qolishi uchun har bir mevadan tatib ko‘rishdi, nordon, shirin taʼmlarini ham his qilishdi. Bilimlar sinovdan ham o‘tkaziladi. Mevalarning tayyor maketlarini aralashtirib yuborib, nomlarini aytaman-da, olib ko‘rsatishlarini so‘rayman. Yoki oila mavzusida maxsus qo‘lqoplarni kiyib, oila aʼzolarini bir-bir tanishtiraman: bobo, buvi, dada, oyi, qizaloq tarzida. Uylariga borganda ota-onalariga ham oila aʼzolarini ko‘rsatishlari, taʼriflashlarini aytaman.
Birinchi marta ham yakka, ham tayyorlov sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan paytlarim edi. O‘quvchimda yo‘q bo‘lgan «sh» tovushini ikki haftalarda qo‘ya olganman. Keyin onalari kelib, yig‘laganlar, duolar qilib ketganlar. Ota-onalarga bolasining bitta tovush chiqishi dunyo-dunyo sevinchni olib keladi. Onasiga nega yig‘layapsiz desam: «Siz buning qanchalik quvonchli ekanini tasavvur qilolmaysiz, bolamga ko‘p joydan implantli, nutqi chiqmaydi, deb aytishgan», degandi. O‘shanda o‘zim ham qo‘shilib yig‘laganman.

Haqiqatdan u bolaning so‘laklari og‘zida turmasdi. Men yuzlari, bo‘yinlari, tillarini massaj qilganman. Bu birinchi tovush qo‘yishim bo‘lgan. O‘zimda yo‘q xursand bo‘lib, ishimdan faxrlanib ketganman. Haligacha shu bola kelib turadi, oyilari ham kelib, xabar oladilar.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Hamma bolani o‘zimizning farzandimizdek qabul qilamiz. Biz mehr bersak, bolalar ham bizga mehr beradi. Ular o‘ziga bo‘lgan har qanday munosabatni unutmaydi. Video qo‘ng‘iroqlar qilishadi, bayramlarda kelib tabriklashadi, viloyatlarga borganda, ko‘rganda, yugurib kelib yelkasini tutib salom berishadi.

Umumtaʼlim maktablariga qaraganda bizda ishlash murakkabroq. Ularda 30-40 bola bo‘lsa, bizda 10 nafardan oshmasligi kerak. O‘qituvchilardan ham o‘z ustida ko‘proq ishlash talab qilinadi. O‘zim xalqaro tajribani o‘rganish va qo‘llashga harakat qilaman. Umumtaʼlim maktabidan ham tajriba olaman, o‘rtog‘im o‘sha yerda ishlaydi. Tadbirlar, musobaqalar, metodika borasida ko‘p suhbatlashamiz. Fanlarni imkon qadar bolalarga osonroq tushuntirish yo‘llarini izlaymiz. Darsdan keyin uyimga borishadi, logopedlik ham qilaman. Bolalarning yo‘q tovushini chiqaraman. Bu tajribam ham dars jarayonida asqatadi.

Boshlang‘ich sinflarda bolalarning tirnog‘igacha o‘zimiz olamiz, bitlasa, bitini tozalaymiz. Bunaqa vaziyatlarda uyiga jo‘natolmaymiz, bola taʼlimdan orqada qolib ketadi. Ko‘ylaklarini haftada uch marta yuvamiz, har kuni tahorat qildirib, oyoq-qo‘llarini yuvib qo‘yamiz. Yuqori sinflar esa barini o‘zi eplaydi. Yuqorida ishlash boshlang‘ichga qaraganda osonroq.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Maktabga endi qabul qilinganda bolalarimiz “kelmayman”, deb yig‘laydi. Yillar o‘tgach esa, maktabdan ketmayman deydi, uyga borgisi kelmaydi. Baribir bularning o‘z dunyosi bor. Maktabni bitirganda shu muhitni tashlab, yana o‘ziga begonaroq sog‘lomlar bilan doimiy muloqotga o‘tadi. Bunga moslashish oson emas, chunki sog‘lomlar bu borada u qadar tashabbuskor emaslar. Ular zaif eshituvchilar bilan bir jamiyatda yashashga moslashmagan, inklyuzivlashmagan.

Zaif eshituvchilar taʼlimida ko‘p ota-onalar bolasini maxsus maktabga berishdan tortinadi. Qo‘ni-qo‘shni, qon-qarindoshning oldida nima deyman deb, keraksiz andisha sabab farzandini qiynab, umumtaʼlim maktablarga berishadi. Yoki umuman maktabga ham bermay, uy taʼlimini maʼqul topishadi. Holbuki, uyda farzandlari uchun shug‘ullanish yana-da qiyinlashadi. Agar zaif eshituvchi bolalarimiz uyda o‘tirsa, hech qayerga chiqmay, o‘zini tushunadigan odam topmay, odamovi bo‘lib qoladi. Farzand dunyoga kelganda uning hayotiga ota-ona masʼul bo‘ladi. Eng yomoni — ota-onalar o‘zining «jamiyatdagi o‘rnini yo‘qotmaslik uchun» bolani hayotdan uzishidir.
Yaqinda 18 yashar qizi bilan bir ayol keldi oldimga. Qiz hademay kelin bo‘larkan. Pul ishlatishni bilmasligidan tashvishlangan ona: «Qizim yaqinda uzatiladi. Lekin pul ishlatishni bilmaydi, shuni o‘rgatib bering», dedi.

Mashg‘ulotlar boshladik, pullarni ko‘rsatsam, 5 ming, 10 ming deyapti, lekin salfetka berib, narxini 15 ming so‘m deb aytsam, 30 ming beryapti. Qiz maktabga borgan, faqat dadasi kattaroq joyda ishlab, hali Toshkent, hali Surxondaryoga ko‘chib yurishgan. Bir muddat zaif eshituvchilar maktabiga, bir muddat umumtaʼlim maktabda bo‘lib, unda taʼlim rejimi buzilgan.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
O‘zbek imo-ishora tili — kambag‘al til. Biz Rossiyaning imo-ishora tilidan foydalanamiz. Uning o‘zbek tiliga o‘girilgan varianti bor, biroq imo-ishora tili — o‘zbeklarning o‘zi uchun yaratilmagan. Sinonimini qidirsangiz, topolmaysiz. Ko‘pincha, bolalar bilan imo-ishorada ashulalar aytamiz. Qo‘shiqlarning aynan aytilgandagi kabi maʼnosini chiqarish qiyin.

Masalan, Malika Ravshanovaning «Bu mening onam» qo‘shig‘ida shunday jumla bor: «Menga tosh otganga jonini otgan». Imo-ishora tilida tosh so‘zini qo‘llashga qiynalganman. Toshni insonga otib bo‘lmaydi-ku. O‘shanda ustozimizdan so‘rasam, ular «qarshi bo‘lgan» jumlasini qo‘llashni aytganlar: «Menga qarshi bo‘lganlarga jonini berib yuborgan» tarzida tushuntirganman.

Uchun, bu, shu, anavi — so‘zlarining hammasi imo-ishora tilida bitta belgi orqali ifodalanadi. Masalan, «uchun» so‘ziga ishlatiladigan belgi hurmat qilish maʼnosida ham qo‘llanadi. «Aziz» va «qimmat» so‘zlarining ham belgisi bir xil. Qaysi so‘z qo‘llanilayotganini o‘quvchiga tushuntirishda qiynalamiz.
Muzaffar Umarov
Gulistonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarga saboq beruvchi yagona erkak o‘qituvchi. U 6-maktabda boshlang‘ich rus sinf o‘quvchilariga fanlar majmuidan dars o‘tadi. «Xalq taʼlimi aʼlochisi» ko‘krak nishoni sohibi
2002-yili Guliston davlat universitetining tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga hujjat topshirib, talabalikka qabul qilindim. Ammo rassom bo‘lishni orzu qilmaganim tufayli menda ishtiyoq kuchli emasdi. Pedagogika fakulteti tarkibida uchta: jismoniy tarbiya madaniyati, tasviriy sanʼat va muhandislik grafikasi hamda boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishi bor edi. Bu yo‘nalishlardagi talabalar bir binoda tahsil olib, maʼruzalar vaqtida parallel o‘qirdik. Bir yil davom etgan shunday muhit sabab boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga qiziqib qoldim.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
Husnixat, matematika, ona tilini o‘qitish metodikasi, pedagogik mahorat darslarida erkin tinglovchi sifatida qatnasha boshladim. Ikkinchi bosqichga o‘tish arafasida o‘qishimni boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga ko‘chirishga qaror qildim. Oila aʼzolarim bunga qattiq qarshilik ko‘rsatib, faqat iqtisodiyot yoki moliya yo‘nalishiga ko‘chirishimni aytishdi. Ularning dilini ranjitmadim-da “xo‘p”, dedim. Lekin taʼlimni o‘zgartirish komissiyasiga hujjat topshirgani borganimda, boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishiga ariza berdim. Uydagilarga bir yilgacha bu haqda aytolmadim, meni iqtisod bo‘yicha o‘qiyapti, deb o‘ylashardi. Keyinchalik, ota-onamga rostini aytganimda, dadam to‘g‘ri tushungan-u, ammo onam juda qattiq xafa bo‘lgan, anchagacha gaplashmay yurgan. Keyinchalik hammasi iziga tushgan va meni qo‘llay boshlagan.

2006-yili o‘qishni bitirdim. Oradan bir yil o‘tib, onam to‘satdan vafot etdi. Bu esa dadamga ruhan qattiq taʼsir qildi, natijada, kasal bo‘lib qoldi. Shifokorlar ikki marta infarktni boshdan kechirganini aytdi. Dadam tez-tez kasal bo‘lib, shifoxonada davolangani uchun ko‘p mablag‘ ketardi.
Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
O‘sha vaqtda qo‘limda oliy maʼlumotli diplomim bor-u, lekin ish topolmasdim. O‘nlab taʼlim maskanlariga bordim, ish yo‘q, degan javob oldim. Kunduzi bozorda non sotib, kechasi osh tuzi ishlab chiqaradigan korxonada mehnat qildim. Lekin shunda ham topganim ro‘zg‘orga yetmasdi, ko‘pchilikdan pul olganimdan qarzim ko‘payib ketgandi.

2013-yili Moskvaga ishlagani ketdim. Otam nafaqa pulidan oshinib yig‘gan 1 mln 200 ming so‘mga bilet sotib oldim. Rossiyadan bir haftada qaytib keldim, ishim o‘xshamadi. O‘sha yilning iyun oyida dadam olamdan o‘tdi. Shundan keyin yana kunlik ishchi sifatida bir qancha joylarda ishlab, pul topdim. Lekin shunda ham topganim faqat tirikchilikka ketardi.
2015-yilning avgustida viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga ish so‘rab bordim. Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Guliston shahridagi 6-maktabda ish borligini aytdi. Bu yerga kelib, direktor bilan suhbatlashdim va o‘sha kuniyoq buyrug‘im chiqdi. Rus tilini yaxshi bilganim ham muhim rol o‘ynagan.

O‘qituvchi sifatidagi ilk ishimni shu dargohda boshlaganman. Faoliyatim davomida ustoz ko‘rmagan bo‘lsam-da, yaxshi rahbarga duch keldim. Maktabimiz direktori Nazokat Rahmatova har doim qo‘llab-quvvatlaydi, fikrlarimiz bir nuqtada kesishadi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berish asosan, ayol o‘qituvchilarga xos degan qarashlar mavjud. Lekin men bu kabi stereotiplar bilan yashamayman. Boshqalarning salbiy fikrlariga ahamiyat bersam, rivojlanishdan qolib ketaman.
O‘qituvchilik juda ham mashaqqatli kasb. Chunki pedagog turli sharoit va muhitda yashayotgan bolalarni birlashtirib, ularning hammasiga teng munosabatda bo‘lishga, bilim berishga majbur. O‘zim ham boshida sinflarda ijtimoiy muhit yaratishga qiynalganman. Bir sinfda 30 nafar bola o‘qisa, barchasini bir xil ko‘rish va teng munosabatda bo‘lish, sinfda ijtimoiy tenglikni mustahkamlash asosiy vazifamga aylangan.
Afsuski, ko‘p ota-onalar bolaga taʼlim-tarbiya berishni o‘qituvchining o‘ziga yuklab qo‘yadi, bolasi bilan shug‘ullanmaydi. Baʼzan, ota-onalar tomonidan pedagoglarni urib, haqorat qilgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganini ko‘ramiz. Bu juda ham ayanchli holat. To‘g‘ri, pedagog tajribasiz yoki bilimi oz bo‘lishi mumkin, ammo u bilimsiz, miyasida hech vaqo yo‘q, degani emas.
Afsuski, ko‘p ota-onalar bolaga taʼlim-tarbiya berishni o‘qituvchining o‘ziga yuklab qo‘yadi, bolasi bilan shug‘ullanmaydi. Baʼzan, ota-onalar tomonidan pedagoglarni urib, haqorat qilgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganini ko‘ramiz. Bu juda ham ayanchli holat. To‘g‘ri, pedagog tajribasiz yoki bilimi oz bo‘lishi mumkin, ammo u bilimsiz, miyasida hech vaqo yo‘q, degani emas.
реклама
реклама
Sayyora Abdurahmonova
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi 45-sonli umumtaʼlim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. 25 yildan beri o‘quvchilarga taʼlim beradi
O‘qituvchi kasbini tanlaganimdan juda faxrlanaman. Shu kasbim orqali 5 nafar farzandimni voyaga yetkazdim. Oyiga 2,5 mln so‘mga yaqin maosh olaman. Agar o‘quvchi darslarni o‘z vaqtida tayyorlab, yaxshi baholar olsa, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirsa, bu o‘qituvchini juda quvontiradi. O‘quvchilarimning orasida oliy o‘quv yurtlarini bitirib, hozirgi kunda ustoz bo‘lib ishlayotganlari ham bor.
Maktabimiz juda kichkina, sharoitlarni ham ijobiy deb bo‘lmaydi. Ikki binoning birinchisi 1976-yilda, ikkinchisi esa 2009-yilda qurilgan. Bu yerda 172 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Har bir yoshga bittadan sinf tashkil etilgan.

Darslar ikki vaqtda ertalab va tushdan keyin bo‘lib o‘tadi. Jami 8 ta sinfxona, ular tor va qorong‘i, bino eskiligi tufayli xonalar sovuq. Qo‘limizdan kelgancha sharoitlar yaratishga harakat qilganmiz.
Maktabda sportzali, oshxona ham mavjud emas. O‘tgan yillari maktabimizda 200 dan ortiq o‘quvchi taʼlim olardi. Sharoitlar yaxshi emasligi tufayli ota-onalar farzandlarini qo‘shni mahallalarda joylashgan, uzoq bo‘lsada, sharoitlari yaxshiroq maktablarga olib ketishdi.

Zamonaviy elektron qurilmalar ham mavjud emas. Informatika xonamizda 15 dona kompyuter bor. Biroq ularning atigi 5-6 donasi ishlaydi, qolganlari esa yaroqsiz bo‘lib qolgan. Hozir biz faqat maktab doskasi bilan dars o‘tishga majburmiz, chunki boshqa imkoniyatimiz ham yo‘qda.
Maktabda elektron doska, sensorli aqlli televizor yo‘qligi sababli fanga oid video-audio materiallarni qo‘l telefonimizga internetdan saqlab olib, dars jarayonida o‘quvchilarga eshittiramiz.
Chiroyli, keng, zamonaviy, barcha sharoitlari mavjud maktabda dars o‘tishni orzu qilaman
Maktablar birinchi navbatda, barcha sharoitlari bo‘lsagina rivojlanishi mumkin, deb o‘ylayman. Balki, maktabimizni taʼmirlash, barcha sharoitlarga ega maskanga aylantirish rejada bordir, men oddiy o‘qituvchi sifatida bu qachon amalga oshishini bilmayman.
Foto: Abror Qurbonmuratov / «Gazeta.uz»
Chiroyli, keng, zamonaviy, barcha sharoitlari mavjud maktabda dars o‘tishni orzu qilaman. Maktablar birinchi navbatda, barcha sharoitlari bo‘lsagina rivojlanishi mumkin, deb o‘ylayman. Balki, maktabimizni taʼmirlash, barcha sharoitlarga ega maskanga aylantirish rejada bordir, men oddiy o‘qituvchi sifatida bu qachon amalga oshishini bilmayman.
Foto: Abror Qurbonmuratov / «Gazeta.uz»
Bugungi kunda eng muhimi o‘qituvchi o‘zining ustida ishlashi kerak deb o‘ylayman. Aks holda, u bir joyda qotib qoladi. Taʼlimda ham barchasi elektronlashib ketdi. O‘quvchilar hozir ustozlardan bir qadam oldinda, chunki ular internetdan juda ko‘p yangi maʼlumotlarni olishmoqda. Bugungi bolalar 20 yil oldingi o‘quvchilardan juda katta farq qiladi.

Yoshlar barcha narsani bilgisi keladi, qiziquvchan va talabchan. Dars jarayonida ham turli xil savollar tayyorlab kelishadi. Bilmagan savollariga tezkorlik bilan internetdan javoblar topishadi. Biz ham ulardan orqada qolmaslikka harakat qilamiz.
Material ustida Mirolim Isajonov, Ziyoda Ramazonova, Abror Qurbonmuratovlar ishladi. Fotosuratlar mualliflari: Madina Aʼzam va Abror Qurbonmuratov.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting