Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan M.R. (ayol) hamda Nurafshon shahrida istiqomat qiluvchi, 2000 yilda tug‘ilgan Q.A. (ayol) o‘zaro til biriktirib, qizlarni Turkiya davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Turkiyada yashovchi A. ismli ayol esa qizlarga aviachipta sotib olish, ularni kutib olish hamda fohishalik bilan shug‘ullantirish ishlariga mas’ul bo‘lgan.

Jumladan, 2022 yilning aprel oyi boshlarida M.R. va Q.A. Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan A.A.ni Turkiyaga borib, fohishalik bilan shug‘ullanish orqali har oyda 2 ming AQSh dollari ishlab topishga qiziqtirgan hamda dastlabki daromadining teng yarmini ularga berishi kerakligini tushuntirgan.

O‘z navbatida Turkiya davlatida yashovchi A. ismli ayol A.A.ga xorijga chiqish pasporti olishi uchun 50 AQSh dollari va «Toshkent-Istambul-Anqara» yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta yuborgan.

DXX xodimlari tomonidan IIV hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda M.R. qizni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelib, Turkiya davlatiga yubormoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida uning sherigi Q.A. ham ushlandi.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Joriy yilning avgust oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan «M.R.»ga nisbatan 3 yil va «Q.A.»ga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Lekin Q.A.ni oilaviy sharoitini, ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilandi.