2022−2023 o‘quv yili uchun professional ta’lim muassasalari (kollej va texnikum) ga sirtqi, kechki va dual ta’lim shakllari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. Bu haqda Davlat test markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Test sinovlari faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun 3−8 oktabr kunlari 2 smenada bo‘lib o‘tadi.

  • 1-smenada 09:00 dan 12:00 ga qadar;
  • 2-smenada 14:30 dan 17:30 ga qadar.

Test sinovi kasb va mutaxassislikka mos 2 ta fan va barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan 3 ta fan (ona tili, matematika, O‘zbekiston tarixi) dan o‘tkaziladi.

Unda talabgorlarga mutaxassislik fanlaridan 30 tadan, majburiy fanlardan 10 tadan jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

Test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball — 189 ball bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob uchun:

  • 1-mutaxassislik fanida — 3,1 balldan (jami 93 ball);
  • 2-mutaxassislik fanida — 2,1 balldan (jami 63 ball);
  • majburiy fanlarda — 1,1 balldan (jami 33 ball) beriladi.

Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Davlat test markazining my.dtm.uz saytidan yuklab olishlari mumkin.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishda OTMlarga kirish test sinovida to‘plagan bali bilan tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan va fanlar majmuasi mos bo‘lgan talabgorlar test sinovida ishtirok etmaydi.

Ularga test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnoma berilmaydi. Talabgorlar OTMlarga kirish test sinovida to‘plagan bali bilan tanlovda ishtirok etadi.