Jizzaxlik Ro‘ziboy Mamatovning xonadonida ekilgan gigant oshqovoqlar bu yil u kutgandan ham ortig‘i bilan xosil berdi. Mazkur sabzavotning eng kichigi 30 kg, kattasi esa 65 kg tosh bosdi. «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam dehqonning tomorqasidan reportaj tayyorladi.


Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi Mevazor qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Ro‘ziboy Mamatov shu yilning may oyi boshida hovlisidagi 4 sotix yerga kichik va gigant oshqovoqlar urug‘larini qadagan. sentabr oxiriga kelib esa xosil yig‘moqda.


«Uyimizdagi 12 sotix yer maydonining 6 sotixini bog‘ga aylantirganmiz. Har yili 4−5 sotix joyga oshqovoq ekib, xosilini kuz va qish mavsumida sotamiz. O‘tgan yili internet orqali gigant oshqovoq haqidagi videoni ko‘rib, tomorqamga ekishga qiziqib qoldim. Oxiri qidirib topib, bir qancha urug‘ qadadik. Dori va suvni ko‘p qo‘yganim uchun xosilga kirgach, oshqovoqlar tagidan chirib ketdi. Bittasini og‘irligi 35 kg atrofida bo‘lgandi», — dedi u.

Uning aytishicha, 2021 yilgi holat dehqonning qiziqishini so‘ndirmagan. U joriy yil ham gigant oshqovoq urug‘ini tomorqasiga ekishga qaror qildi. Beshta urug‘dan uchtasi unib chiqdi. Pishib yetilgan oshqovoqlarning eng kichigi 30 kg, eng kattasi esa 65 kg tosh bosdi. Ro‘ziboy Mamatov gigant oshqovoq navini qanday parvarish qilgani haqida gapirib berdi.

«Oshqovoqlarga bu yil dori o‘rniga mahalliy o‘g‘itlardan berdik, kamroq suv qo‘ydik. Xosilga kirganidan keyin zax o‘tmasligi uchun tagiga quruq xashaklardan qo‘yib, yaxshi parvarish qildik. Shu bois ham o‘tgan yilgidek chirib ketmadi. Dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanamiz. Bu sabzavotlarni sotib, ro‘zg‘or uchun kerakli narsalarni xarid qilamiz. Keyingi yili ham gigant oshqovoqlardan ko‘proq ekmoqchiman», — dedi dehqon.