Internetda Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi kasb-hunar maktablarining birida ikki qiz boshqa o‘quvchi qizlar davrasida raqsga tushayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi ushbu videoga izoh berdi.

Unda aytilishicha, videoyozuv 21 sentabr kuni maktabi o‘quvchilari mashg‘ulot o‘tkazgan majlislar zalida olingan.

Boshqarma buni «o‘zbek millatiga munosib bo‘lmagan, o‘zbekona urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan» raqs deya baholadi.

«Ushbu holatlar mutasaddi rahbarlar hamda voyaga yetmagan o‘quvchi qizlarning ota-onalari ishtirokida muhokama qilinib, ularning ta’lim-tarbiyasiga oid qat’iy chora-tadbirlar belgilab olindi», — deyiladi xabarda.

Qizlarning ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-modda 1-qismi bilan, xususan, voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagani, shu jumladan, voyaga yetmagan shaxslarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lgani uchun jarimaga tortildi.