29 sentabr kuni taxminan soat 23:00 larda 1990 yilda tug‘ilgan Z.R. («Ummon» guruhi solisti Zohid Risqiyev) o‘zining boshqaruvidagi BMW avtomashinasida Ahmad Donish ko‘chasidan Yangishahar ko‘chasiga qarab harakatlanayotganda rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l transport hodisasini sodir etdi. Bu haqda Toshkent IIBB xabar qildi.

Oqibatda transport vositasi haydovchisi va yo‘lovchilari 1995 yilda tug‘ilgan J.I. hamda 1996 yilda tug‘ilgan J.Y. kasalxonaga yotqizilgan. 1994 yilda tug‘ilgan X.S. voqea joyida vafot etgan.

Hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshkarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zgatildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi avtohalokatga uchragan uch nafar bemorning holati yuzasidan ma’lumot berdi.

Toshkentdagi davolash muassasasiga olib kelingan avtomashina boshqaruvchisi Zohid Risqiyevga «Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Chap yelka sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Koma 1−2 daraja» tashxisi qo‘yilgan.

Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor boshidagi jarohatga birlamchi jarrohlik ishlovi berilgan. Og‘riqsizlantirilib, IVL appartiga ulangan. Bosh qismi MSKT, ichki a’zolari esa UTT kabi barza zaruriy tekshiruvlardan o‘tkazilgan.

Ayni paytda Zohid Risqiyev jonlantirish bo‘limida. Sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga barcha tegishli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, «Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Ko‘krak qafasi lat yeyishi» diagnozi qo‘yilgan yo‘lovchi J.Y. ham jonlantirish bo‘limida zarur davo muolajalarini olmoqda. Uning ahvoli o‘rta og‘ir. Xushida.

Bemor J.I.da esa «Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. Chap tomon yuqori qovoq, o‘ng tomon jag‘ osti va bo‘yin sohalari ezilib yirtilgan jarohatlari» aniqlandi.

Unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, zarur muolajalar o‘tkazilgach, ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanishi uchun uyiga javob berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda bemorlar salomatligini o‘z nazoratiga olgan. Muolaja jarayonlari uchun yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan.