Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni transport sohasida islohotlarni jadallashtirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, sohadagi ishlar natijadorligi Strategik islohotlar agentligi tomonidan tahlil qilingan va bir qator muammolar aniqlangan. Xususan, oxirgi uch yilda mamlakat iqtisodiyoti 16 foiz o‘sgani holda, temir yo‘lda yuk aylanmasi atigi 7 foiz oshgan.

Aviatsiyada raqobat muhiti to‘la shakllanmagan, 10 ta aeroportning samaradorligi past darajada. Oqibatda, raqobatdosh narxlarda yetkazib berish qulayligi bo‘yicha Xalqaro logistika samaradorligi indeksida mamlakat 160 ta davlat ichida 120-o‘rinni egallagan.

«Bu soha — iqtisodiyotning qon tomiri. Transport va logistikani yangi bosqichga olib chiqmasak, iqtisodiyotning barqaror rivojini ta’minlay olmaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari uchta yo‘nalish — temir yo‘l tranziti imkoniyatini keskin oshirish, aviatsiyani qulay, tez va sifatli xizmat ko‘rsatadigan sohaga aylantirish, xalqaro tranzit yuklari uchun zamonaviy avtomobil yullari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha choralarni belgilab berdi. Strategik islohotlar agentligi tarkibida transport sohasi bo‘yicha alohida guruh tuzib, asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Temir yo‘l sohasida yuk vagonlari parkini yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatda yiliga 500 dan ortiq har xil turdagi vagonlar ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Ehtiyot qismlar va avtomobil qismlarini mahalliylashtirishni 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.

Yiliga 60 ta avtomobil ishlab chiqarish hisobiga yengil avtomobillar parkini yangilash ko‘zlangan. Sohani moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun tizimdan 9 ta asosiy bo‘lmagan aktivlar olib qo‘yiladi. 2023 yil oxiriga kelib, o‘zaro subsidiyalashdan voz kechish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yuk tashishda imtiyozli tariflardan foydalanish natijasida kamaygan xarajatlarni qoplash mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida Transport vazirligi huzurida Transformatsiya idorasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Xodimlarning kamida 30 foizi xorijiy tajribaga ega mutaxassislar bo‘lishi kerak. Kompaniya raisining transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi unga KPI ko‘rsatkichlarini belgilash bilan kiritiladi. Kuzatuv kengashi 30 foiz mustaqil xorijiy ekspertlardan iborat bo‘ladi.

Bundan bir yildan ko‘proq vaqt oldin Shavkat Mirziyoyev temir yo‘lda yuk tashish sohasidagi monopoliyani tanqid qilib, o‘z vagonlariga ega xususiy logistika operatorlari ishga tushirilishini e’lon qilgandi. Shu bilan birga, davlat tomonidan faqat temir yo‘l infratuzilmasi va lokomotiv xizmatlari tartibga solinishi, yuk vagonlari xizmati bozor tamoyillari asosida tashkil etilishi aytilgandi.

Aviatsiya sohasida ham qulayliklarni ko‘paytirish, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlari aeroportlarini rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirib, xizmatlar sifatini yaxshilash kerakligi borasida topshiriqlar berildi.

Prezident avtomobil yo‘llarining sifati va salohiyatiga alohida to‘xtaldi. Bu sohada loyihalashtirish, qurish hamda nazorat funksiyalari bitta tashkilotda jamlangani oqibatida ko‘p yo‘llarda sifat yo‘qligi qayd etildi. Shu bois yo‘l qurilishida ilg‘or standartlarni joriy etish, laborator ishlarni kuchaytirish, pudratchilar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.