29 sentabr kuni O‘zbekiston hukumati va BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan Pokistonda sodir bo‘lgan halokatli suv toshqinidan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami yuklangan samolyot Termizdan Karachiga uchib ketdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.
Ushbu birinchi qo‘shma insonparvarlik yordami O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan samolyotlarda yetkazib berildi.
Insonparvarlik ko‘magi tarkibi suv toshqinlari oqibatida o‘z boshpanalaridan ayrilganlar uchun 15 tonnadan ortiq hajmdagi vaqtincha yashash uchun mo‘ljallangan turar-joy modullaridan iborat.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
1 sentabr kuni Islomobod xalqaro aeroportiga O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarining Il-76 samolyoti kelib qo‘ndi. Unga Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan, Pokiston mintaqalarida ro‘y bergan suv toshqinidan jabrlanganlar uchun yo‘llangan 40 tonnadan ortiq hajmdagi insonparvarlik yordami yuklangan edi. Aeroportda yuklarni Pokiston ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha federal vaziri Aga Xasan Baloch qabul qilib oldi.