«Shimoliy oqim» gaz quvurlaridagi portlashlar, Daniya va Polsha rasmiylariga ko‘ra, oldindan o‘ylab qilingan harakatlar va sabotaj natijasidir, dedi ikki davlat bosh vazirlari. Bu haqda DW dpa agentligiga tayanib xabar berdi.

Rossiyaning Yevropaga gaz yetkazib beradigan asosiy quvuri — «Shimoliy oqim»ning ikkala tarmog‘ida birdaniga uchta joydan gaz sizib chiqqan. 26 sentabr kuni kechqurun Daniya va Shvetsiya rasmiylari Bornxolm oroli yaqinida ulardan gaz sizib chiqqani haqida xabar berishdi. O‘shanda shved va daniyalik seysmologlar hududda kuchli suv osti portlashlarini qayd etgan.

Avariya Yevropada 1 oktabrdan isitish mavsumi boshlanishi arafasida va Boltiq dengizining o‘sha sektorida Norvegiyadan Polshaga muqobil suv osti gaz quvuri ochilishi arafasida sodir bo‘ldi, deya qayd etmoqda BBC rus xizmati.

«Tegishli idoralarning bahosi endi bir xil — bu oldindan o‘ylangan harakatlar natijasidir. Bu tasodifiy voqea emas», — degan Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen hukumat «bularning barchasi ortida kim turgani haqida hozircha hech qanday ma’lumotga ega emasligini» qo‘shimcha qildi.

Avvalroq mamlakat rasmiylari tergov olib borayotgani va «ba’zi ma’lumotlar sabotaj ehtimoli borligini ko‘rsatayotgani» xabar qilingandi.

Daniya iqlim va energetika vaziri Den Yorgensen geologlarning gaz quvurlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarini tasdiqlab, quvurlar dengiz tubida chuqur joylashgani hamda po‘lat va betondan ishlangani, sizib chiqayotgan joylarning o‘lchami bu avariya, masalan, kema langari sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi.

«Biz nima sodir bo‘lgani haqida hozircha ma’lumotga ega emasmiz, ammo bu yerda sabotaj harakati sodir bo‘lganini aniq ko‘rmoqdamiz», — dedi Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy.

Yozda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Germaniya hukumatini Boltiq dengizidagi gaz quvurlariga ehtimoliy hujumlar haqida ogohlantirdi, deb yozadi Der Spiegel manbalarga tayanib.

Nord Stream 2 AG operatori ham tasodifiy avariyaga ishonmaydi, deb yozmoqda dpa. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Boltiq dengizi tubidagi gaz quvurlari shunday yotqizilganki, bir vaqtning o‘zida bir nechta quvurlarning, masalan, kema halokati natijasida shikastlanish ehtimoli juda past.

Shvetsiya milliy seysmik tarmog‘i (SNSN) birinchi portlashni 26 sentabrga o‘tar kechasi, ikkinchi portlashni esa o‘sha kuni kechqurun qayd etgan. Ulardan birining magnitudasi 2,3 ga teng edi. «To‘lqinlarning pastdan yer yuzasiga qanday otilganini aniq ko‘rishingiz mumkin. Bu portlashlar ekanligiga shubha yo‘q», — dedi SNSN seysmologi Born Lund. Potsdamdagi Geofizika tadqiqot markazi (Geoforschungszentrum, GFZ) tomonidan ikkita suv osti silkinishi ham qayd etilgan.

27 sentabr kuni Daniya qurolli kuchlari havodan olingan quvurlarda gaz sizib chiqishi aks etgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda Boltiq dengizi yuzasiga chiqadigan quvurlarning shikastlangan qismlaridan gaz pufakchalari qanday ko‘tarilishi ko‘rsatilgan. Qayd etilishicha, eng ko‘p gaz sizib chiqayotgan joyda suvda diametri 1 km, eng kichiki esa 200 m bo‘lgan to‘lqinlar hosil bo‘lgan.

Germaniya Federal tarmoq agentligi (Bundesnetzagentur, BNetzA) gaz quvurlaridagi avariyalar mamlakatga yonilg‘i yetkazib berishga ta’sir qilmasligini ta’kidladi, chunki quvurlardan so‘nggi vaqtlarda gaz importi uchun ishlatilmayotgan bo‘lgan. Ukrainadagi urush tufayli Germaniya «Shimoliy oqim 2» gaz quvurini sertifikatlash jarayonini muzlatib qo‘ygan va u ishga tushirilmagan. Yozda «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berish avvaliga quvvatning 20 foizigacha kamaydi, avgust oyidan esa ular amalda to‘xtatildi.