Davlat ekologiya qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand shahrida sog‘lom archalar kesib ketilayotgani aytilgan xabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

O‘rganishlar davomida «Samarqand avtotexxizmat» MCHJ binosi ro‘parasida yo‘l ta’mirlash ishlari olib borish jarayonida 5 tup eldor qarag‘ayi daraxtlari fuqaro A.L. tomonidan noqonuniy ravishda kesib olib ketilgani aniqlandi. Ushbu fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi «Samarqand avtotexxizmat» MCHJga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Biroq, MJCH mas’ullari bu huquqbuzarlik holatidan bexabar ekanini, huquqbuzarlik holati fuqaro A.L. tomonidan sodir etilganini qayd etdi.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan tegishli tartibda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga muvofiq ma’muriy jarima hamda 86,4 mln so‘m miqdorida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar bo‘yicha da’vo belgilandi.

Hozirda hujjatlar sud organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.