Chimkent shahrida O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Daniyar Janalinov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ko‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrifda asosiy e’tibor Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil dekabr oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida bojxona sohasiga doir imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning ijrosiga qaratildi.

Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida ikkala mamlakat bojxona xizmatlari rahbarlari o‘tgan yil 25 dekabrda ishchi uchrashuv o‘tkazib, hamkorlikka doir bayonnomani imzolashgan.

Bu galgi uchrashuvda o‘zbek-qozoq davlat chegarasida joylashgan “Navoiy” (O‘zbekiston) — “Qoplonbek” (Qozog‘iston) hamda “Dout ota” (O‘zbekiston) — “Tajen” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarida qurilish ishlarini amalga oshirish muddatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va bu jarayonda yuzaga keladigan vazifalarning ijrosi batafsil muhokama qilindi.

Shuningdek, bojxona chegaralari orqali tranzit tarzda harakatlanayotgan tovar va transpor vositalari haqida oldindan axborot almashish tizimini joriy yil 15 dekabridan boshlab ishga tushirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida tashqi savdo bo‘yicha bojxona statistikasi ma’lumotlarini o‘zaro taqqoslash va muvofiqlashtirib borish, bojxona chegaralari orqali olib o‘tiladigan energiya resurlarini birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bojxonaga doir masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va hal etish maqsadida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi tarkibida doimiy “bojxona xizmati vakili” faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan rejasini imzoladi.

Kelishuvga binoan navbatdagi uchrashuv 2023 yilning ikkinchi choragida bo‘lib o‘tadi.