O‘zbekistonda har yili ko‘plab insonlar qon saratoni bilan kasallanadi. So‘nggi yillarda onkogematologik kasalliklarni davolashda sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, hali mamlakatda suyak iligi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagan va G‘arb mamlakatlarida tibbiy yordam standarti hisoblangan ba’zi zamonaviy dori vositalari bilan terapiya mavjud emas.

O‘zbekiston bosh gematologi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti gematologiya va transfuziologiya kafedrasi mudiri Eldor Ishoqov bugungi kunda qon saratoni (leykoz) bilan og‘rigan bemorlarga qanday yordam berilayotgani, COVID-19 ularga qanday ta’sir ko‘rsatgani va mamlakatdagi onkogematologik kasalliklar bilan bog‘liq vaziyatni qanday yaxshilash mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

Eldor Isxakov. Foto: Facebook.

— Eldor Jasurovich, O‘zbekistonda saraton bilan kasallanish va o‘lim darajasi bo‘yicha hozirgi statistik ma’lumotlar qanday? Va bu statistikada onkogematologik kasalliklarning nisbati qanday?

— 2020 yil oxirida onkologik bemorlar kontingenti 107196 nafarni tashkil etdi. 2020 yilda dispanserlik hisobida qayd etilgan bemorlarning asosiy qismini ko‘krak bezi (19,5 foiz), bachadon bo‘yni (8,5 foiz), teri (8,1 foiz), bachadon tanasi (4,7%), tuxumdon (4,1%), oshqozon (4,0%), miya (4%), buyrak (3,2%) xavfli o‘smalari hamda noxojkin limfomasi (3,1%) bilan og‘rigan bemorlar tashkil etdi. Taxminan 10 ming onkologik kasallikda 1000 ta o‘tkir leykozlar holati mavjud. Leykoz bilan kasallangan bemorlarning 300 nafari bolalar, qolgan 700 nafari kattalardir. Agar umuman onkogematologiya haqida gapiradigan bo‘lsak, har yili 1500 ga yaqin asosiy bemorlarda surunkali leykoz va 1000 ga yaqin bemorda limfoma aniqlanadi.

Bizda suyak iligi transplantatsiyasi amalga oshirilmagani uchun O‘zbekistonda onkogematologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar o‘limi boshqa mamlakatlarga qaraganda yuqori. O‘tkir leykoz bilan og‘rigan 700 nafar kattalarning 30 foizdan ortig‘i tuzalishi mumkin, qolgan 70 foizi esa transplantatsiyaga muhtoj. Ya’ni, bemorlarning 30 foizi nisbatan uzoq umr ko‘rishlari mumkin, qolgan 70 foizi esa bir necha yil ichida vafot etadi.

Leykoz bilan og‘rigan bolalarda, kattalardan farqli o‘laroq, omon qolish darajasi ancha yuqori: o‘tkir leykozga chalinganlarning 70 foizi sog‘yadi, qolganlari transplantatsiyaga muhtoj. Agar statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak, bolalarning taxminan 70 foizi leykemiya, o‘tkir leykemiya, xususan, o‘tkir limfoblastik leykemiyadan tuzalishi mumkin. Ammo butun dunyoda davolab bo‘lmaydigan o‘tkir leykemiyaning noyob shakllari mavjud, masalan, leykozlarning T-limfoblastik, miyeloid shakllari. Bemorlarning ushbu guruhida o‘lim darajasi, albatta, ancha yuqori.

Foto: Albert Salixov / «Gazeta.uz».

— O‘zbekistonda suyak iligi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilmagan, dedingiz. Ushbu operatsiyaga muhtoj bo‘lgan bemorlar ko‘pmi?

— Bugun O‘zbekistonda suyak iligi transplantatsiyasiga talab juda yuqori. Har yili 200 ga yaqin bola (nafaqat leykoz, balki boshqa kasalliklarga chalinganlar ham) unga ehtiyoj sezadi. Transplantatsiya qilinishi kerak bo‘lgan kattalar soni eng kamida uch barobar ko‘proqni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston prezidenti tomonidan tashkil etilgan og‘ir gemotologik kasalliklarga chalingan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faqat bolalarning xorijda transplantatsiyasi uchun mablag‘ ajratmoqda. Shuningdek, bizda og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarning xorijda davolanishi, jumladan suyak iligi transplantatsiyasi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatayotgan bolalar jamg‘armasi ham paydo bo‘ldi.

Hozirda mamlakat rahbariyati mutaxassislarimizni xorijga o‘qishga yuborish borasida katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Aseptik korpuslarni qurish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi prezident qarori imzolanib, bizga ishlashga keluvchi hamda mutaxassislarimizni o‘qitadigan xorijlik mutaxassislarni taklif etish uchun budjet belgilandi.

Agar hammasi reja bo‘yicha ketsa, bino qurilsa, qimmatbaho dori-darmonlar bilan uzluksiz ta’minlansa, mutaxassislarimiz ushbu murakkab texnikani o‘zlashtirsa, bir necha yildan so‘ng ikkita gematologiya markazida — kattalar va bolalarda suyak iligi transplantatsiyasi bo‘limlari ochiladi.

Ammo, shuni aytishim kerakki, bu hali ham yetarli bo‘lmaydi. Shuning uchun biz Vazirlar Mahkamasi, prezident oldida bunday filiallarni nafaqat ikkita markazda, balki mamlakatimiz hududlarida ham ochish masalasini ko‘tarib chiqamiz.

— Hududlarda onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjudmi?

— Keng profilli hududiy poliklinikalarda har bir viloyatda 25−35 o‘ringa mo‘ljallangan gematologiya bo‘limi mavjud. Ammo ko‘plab hududlarda davolanish uchun shart-sharoit yo‘q — shifokorlarning malakasi yetarli emas, diagnostika oqsamoqda, o‘tkir leykozni davolash esa sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bois viloyatlardagi hamkasblarimiz barcha birlamchi onkogematologik bemorlarni tashxis, birlamchi ro‘yxatga olish va birlamchi og‘ir davolash uchun Toshkent shahriga — markaziy muassasamizga jo‘natadi. Ushbu bemorlar kimyoterapiyaning asosiy og‘ir kurslarini olgandan so‘ng, ular mahalliy gematologlar terapiyani davom ettiradigan hududlarga yuboriladi.

Bolalar bilan vaziyat biroz boshqacha. Onkogematologik kasalliklar aniqlangan bolalar Toshkentga yuboriladi. Ularga aniq tashxis qo‘yamiz, xavf guruhini (yuqori, past, standart) aniqlaymiz, birlamchi davo ko‘rsatamiz, so‘ngra bemorlarning bir qismi hududlarga yuboriladi, bir qismi esa Toshkent shahridagi kunduzgi statsionarda ambulator sharoitda davolanishni davom ettiradi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Hududlarda bolalar gematologlari ancha ilg‘or bo‘lib chiqdi. Ularning ko‘pchiligi Moskvadagi Rogachev markazida amaliyot o‘tagan, ayrim mutaxassislar Germaniyada malaka oshirgan. Shu bois hududlarda malakali onkogematologlar bo‘lsa, bolalarimizni sog‘ayguncha davolashlariga ruxsat beramiz. Ammo agarda u yoki bu hududda onkogematologiyaning oqsayotganini bilsak, ularga bunday mas’uliyatni o‘z zimmamizga olish va og‘ir kasal bemorlarni qabul qilishga urinishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Shu bois, umumiy qilib aytish mumkinki, onkogematologik bemorlarni davolash nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham konsentratsiyalashmoqda.

— Terapiyaning mavjudligi bilan bog‘liq vaziyat qanday?

— Bugungi kunda O‘zbekistonda dori vositalarining mavjudligi ancha yaxshi, lekin yuz foiz emas.

Biz butun dunyoda ko‘p narsa o‘zgarganini yaxshi anglab turibmiz. Ayni paytda ixtiyorimizda bor-yo‘g‘i uch turdagi maqsadli dori vositalari mavjud. Ushbu guruhning yanada ilg‘or dorilari allaqachon chet elda paydo bo‘lgan, ammo ular hali bizda mavjud emas.

Agar monoklonal antitanalarni (plazmali o‘tmishdosh-hujayralardan biridan kelib chiqqan immun hujayralar ishlab chiqaradigan antitana) qo‘llagan holda targetli (maqsadli) terapiya haqida gapiradigan bo‘lsak, u holda «Rituksimaba»dan tashqari omborimizda boshqa hech narsa yo‘q, o‘tkir miyeloid leykozni davolash uchun antitanalar ham yo‘q. Bizda Bruton kasalligida ilg‘orroq tirozinkinaz ingibator preparatlari ham mavjud emas

Bizga ma’lumki, butun dunyoda surunkali limfoleykoz, o‘tkir miyeloid leykozning rezistent (chidamli) shakllarini davolashda qo‘llaniladigan «Venetoklaks» preparati ham bizda yo‘q. Surunkali limfoleykoz va noxojin limfomaning ayrim shakllarini davolash uchun ishlatiladigan «Akalabrutinib» dori vositasi mavjud, biroq bu preparat ham bizda yo‘q.

Shunday ekan, tan olishimiz kerakki, biz ba’zi jihatlarda G‘arb dunyosidan ortda qolmoqdamiz. Hamma narsa bizga biroz kechikish bilan keladi. Avvallari bizda na monoklonal antitanalar, na targetli dorilar bor edi, hozir ular asta-sekin paydo bo‘lmoqda.

Biz davolashning yangi usullarini joriy etishga, chet elda paydo bo‘ladigan tendensiyalarni kuzatishga harakat qilamiz, ammo kundalik klinik amaliyotda biz ulardan har doim ham foydalanish imkoniyatidan yiroqmiz, chunki ko‘plab dorilar bizda ro‘yxatdan o‘tmagan, modomiki ro‘yxatdan o‘tmagan ekan, ularni milliy davolash protokollariga kirita olmaymiz.

O‘ylaymanki, zamonaviy qimmat dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va moliyalashtirish bilan biz davolash standartlariga o‘zgartirishlar kiritishimiz mumkin va kerak bo‘ladi, shunda bizning onkogematologiyamiz G‘arb mamlakatlari bilan solishtirganda kamroq orqada qoladi.

— Kovid onkogematologik kasalliklarni aniqlashga qanday ta’sir qildi? Ma’lumki, onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarda COVID-19 og‘ir kechish xavfi mavjud. Bu bemorlar pandemiyadan qanday omon qolishdi? Ular emlangan bo‘lishi mumkinmi?

— O‘tgan va oldingi yil bizda juda og‘ir yillar bo‘ldi, ko‘p odamlar koviddan vafot etdi. Gematologik bemorlar kimyoterapiya oladi, bu davo chorasidan so‘ng ularda nol immunitet rivojlanadi. Agar bunday bemorlar koronavirus infeksiyasi bilan kasallangansa, ular ko‘pincha vafot etishadi.

Kovid markazlarida gematologik bemorlar uchun ixtisoslashtirilgan bo‘limimiz yo‘q edi, shuning uchun bu bemorlar umumiy bo‘limga yotqizildi. Achchiq tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, biz u yerga yuborgan kimyoterapiyadan keyingi bemorlarning aksariyati septik asoratlardan (qon zaharlanishi) vafot etgan. Pandemiyaning birinchi yilida shunday bo‘lgan edi.

Ikkinchi yilda kovid markazlari bilan yaqinroq ishladik, gematologlarimiz ularning mutaxassislari bilan aloqada bo‘ldilar, maslahatlar uchun borib, tavsiyalarimizni inobatga olgan holda ushbu bemorlarni davolashga yordam berdik, shuning uchun o‘lim darajasi biroz kamaydi.

«Zangiota-2» kovid kasalxonasining reanimatsiya bo‘limi. Illyustrativ surat.

Hozirda bizda koronavirus bilan kasallangan bemorlar unchalik ko‘p emas, hatto kovid bo‘lsa ham, kasallik yengilroq shaklda kechmoqda. Biroq immun tizimi zaiflashgan onkogematologik bemorlarimizda kovidsiz ham rezistent (chidamli) infeksiyalar va sepsis rivojlanishi xavfi juda yuqori.

Vaksinatsiyaga kelsak, gematologik bemorlar, ayniqsa bolalarda muayyan muddatlarda barcha emlashlardan tibbiy ozodlikka ega. Shifokorlar o‘rtasida COVID-19 bo‘yicha yagona konsensus yo‘q. Shaxsan men o‘tkir leykoz remissiyasida bo‘lgan bemorlar hamda surunkali leykemiya bilan og‘rigan bemorlar ham koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishi mumkin.

Ammo o‘tkir leykoz bilan og‘rigan birlamchi bemorlarda yoki chuqur immunosupressiyasidagi bemorlarda emlash mumkin emas. Bu samarali bo‘lmaydi, chunki bunday bemorlarda yetarli darajada sog‘lom antitana ishlab chiqaruvchi hujayralar mavjud emas, M yoki G immunoglobulinlarini ishlab chiqaradigan b-limfotsitlar yetarli bo‘lmaydi. Boshqa bemorlarga emlashni tavsiya qilaman.

— Ma’lumki, ayrim mamlakatlarda COVID-19ni davolash va uning oldini olish uchun monoklonal antikorlarga asoslangan preparatlar qo‘llaniladi. Mamlakatimizda shunga o‘xshash dorilar qo‘llaniladimi?

— Har qanday immunosupressiya yoki sepsisli bemor uchun tayyor antitanalar qo‘llaniladi. Ushbu samarali dorilarning katta kamchiligi shundaki, ular juda qimmat va hamma tibbiyot muassasasi ham bir vaqtning o‘zida bir nechta bemorlarni bu dorilar bilan ta’minlay olmaydi.

Avvallari bu dorilar umuman yo‘q edi, lekin davlat tomonidan moliyalashtirilgandan so‘ng ushbu preparatlar paydo bo‘ldi va hozirda ulardan muvaffaqiyatli foydalanmoqdamiz. Men kovid markazlarida bemorlar bilan maslahatlashdim, ushbu dori-darmonlarni tavsiya qildim va ular ko‘pchilikka yordam berdi.

— Onkogematologik kasalliklarning oldini olish usullari bormi? O‘zimizni himoya qilish uchun biror narsa qila olamizmi?

— Afsuski, butun dunyoda onkogematologik kasalliklarning o‘ziga xos profilaktikasi va erta tashxisi yo‘q. Hech kim ulardan, hatto sog‘lom turmush tarzini olib boradigan va to‘g‘ri ovqatlanadigan odamlardan ham immunitetga ega emas.

Sobiq Ittifoq davrida dispanserizatsiya tushunchasi mavjud edi, yiliga bir marta tor mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish va asosiy testlarni topshirish kerak edi. Ushbu yondashuv tufayli ko‘plab onkologik kasalliklar, masalan, oshqozon-ichak trakti, ko‘krak, prostata saratoni erta bosqichda aniqlandi. Haqiqat shundaki, bunday kasalliklar uzoq vaqt davomida o‘zini namoyon qilmasligi mumkin, ammo ular tibbiy ko‘rikning bir qismi sifatida aniqlanishi mumkin.

Ammo o‘tkir leykemiyada davolash boshqacha bo‘lib, ular juda tez o‘zini namoyon qiladi, shuning uchun onkogematologik kasalliklarning oldini olish yoki erta tashxislashning imkoni yo‘q. Axir har oy o‘ttiz million kishi orasidan o‘nlabida leykozni aniqlash uchun birvarakayiga suyak punksiyasini o‘tkaza olmaysiz-ku. Ammo, to‘liq sog‘lomlik fonida bemorda ko‘karishlar, qon ketish yoki shishgan limfa tugunlari paydo bo‘lsa, bu, albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun jiddiy sababdir. Ammo bu har doim ham leykoz emasligini tushunishimiz kerak, bu boshqa kasallik bo‘lishi ham mumkin.

— Onkogematologik kasallikka chalinganlarga qanday maslahat bera olasiz?

— Modomiki muammo bo‘lsa, undan yashirinish kerak emas, uni hal qilish zarur. Kasallikni zo‘raygan bosqichlarga olib boradigan alomatlarni e’tiborsiz qoldirmaslik lozim. Davolashning tekshirilmagan usullarini izlamaslik kerak, darhol ushbu kasalliklarni davolashda tajribaga ega bo‘lgan tor mutaxassislarga murojaat qilish zarur. Bundan tashqari, har yili yangi dorilar amaliyotga kiritiladi va o‘tkir leykozni davolash samaradorligi 10−20 yil oldingiga nisbatan keskin o‘zgardi. Ilgari bunday bemorlarda uzoq muddatli omon qolish nolga yaqin edi, ammo hozir bolalarda omon qolish darajasi 70 foizni tashkil etadi, kattalarda biz ham katta muvaffaqiyatlarga erishdik.

Kayfiyat juda muhim — o‘z-o‘zidan psixosomatik kasalliklarni chaqiradigan va onkologik kasalliklarga qarshi kurashadigan kuchni olib qo‘yadigan depressiyaga aslo tushmaslik lozim. Ko‘pchilik hatto «kimyoterapiya» so‘zidan ham qo‘rqishadi, ammo kimyoterapiya va maqsadli dorilar tufayli bugungi kunda biz ko‘plab odamlarni qutqarish imkoniyatiga egamiz.