Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi davlat ulushini sotib olgan Sanoat Energetika Guruhi (SEG) neft va gaz kompaniyasi korxonani modernizatsiya qilish uchun 400 mln dollar miqdorida investitsiya kiritadi. Bu haqda SEG jurnalist va blogerlar uchun tashkil qilingan press-tur doirasida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

1959 yilda qurilgan zavodda shu vaqtga qadar faqat qisman jihoz va qurilmalar almashtirilgan, ammo 60 yildan ortiq vaqt davomida to‘liq ta’mirlash ishlari biron marta ham amalga oshirilmagan. 1997 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan davrda yoqilg‘i bloki rekonstruksiya qilingan, xolos. Shu boisdan ko‘plab uskunalar ham jismonan, ham ma’nan eskirgan va ishdan chiqqan. SEG ishonchli boshqaruviga topshirilgunga qadar zavodning ish hajmi yiliga 1 mln tonnadan oshmagan.

FNQIZ 2020 yil fevralida SEG ishonchli boshqaruviga topshirildi. Joriy yilning may oyida esa u SEG neft va gaz kompaniyasi tomonidan 100 mln dollarga sotib olindi. Shundan so‘ng zavodda keng ko‘lamli va kompleks modernizatsiya loyihasining faol bosqichi boshlandi.

2023 yil oxirigacha yakuniga yetishi kutilayotgan modernizatsiya ishlaridan so‘ng FNQIZ O‘zbekistonda AI-92 dan yuqori oktanli Yevro 5 benzin ishlab chiqarishga qodir birinchi korxonaga aylanishi hamda JET A-1 markali aviayonilg‘i, zamonaviy standartlarga muvofiq bazaviy va motor moylari (II va III guruh) ishlab chiqarishni o‘zlashtirishi kutilmoqda.

Shuningdek, хомашёни qayta ishlashning umumiy hajmi kamida 92 foizni tashkil etadi (bugungi qiymat 87 foizdan oshmaydi). Yangi ishlab chiqarish quvvatlari va yangi mahsulot bozorlariga chiqish FNQIZda qayta ishlangan xomashyo hajmini ikki barobarga oshirishga va bu qiymatni yiliga 2 mln tonna neft va gaz kondensatiga yetkazishga imkon beradi. Bundan tashqari, modernizatsiya ushbu neftni qayta ishlash zavodining ekologik jihatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va bu borada FNQIZni jahon standartlariga yaqinlashtiradi.

Bugungi kunga qadar EPC-pudratchi — Enter Engineering kompaniyasini jalb qilgan holda tuproq ishlari tugallangan bo‘lib, suvni kimyoviy tozalash inshootiga ega bug‘ qozoni qurilmasi, gidrokreking qurilmasi, vodorod ishlab chiqarish va qisqa siklli absorbsiya singari yangi uskunalarni, shuningdek, yangi markaziy operatorlar va laboratoriya binolarini, xomashyo va mahsulotlarni saqlash rezervuarlarini o‘rnatish va qurish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, modernizatsiya loyihasini ishga tushirish doirasida SEG allaqachon FNQIZni yangilash uchun 160 mln dollardan ortiq mablag‘ni jalb qilgan. Fransiyaning Axens hamda Italiyaning , Wood kompaniyalari bilan litsenziyalash va muhandislik shartnomalari tuzildi, gidrokreking zavodi konfiguratsiyasini tasdiqlash bilan zavodni modernizatsiya qilish uchun FEED (asosiy loyiha) hamda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi va tasdiqlandi, gidrodesulfurizatsiya blokida katalizator almashtirildi, yangi qurilmalar 3D modellarining 60 foizi ishlab chiqildi hamda uzoq muddat tayyorlanadigan uskunalar uchun buyurtmalar berildi va avans to‘lovlari amalga oshirildi.

«Kompaniyamiz oldiga keng ko‘lamli vazifa — O‘zbekiston aholisini o‘z neftimizdan olingan yuqori sifatli yoqilg‘i va moylar bilan ta’minlash vazifasi turibdi, — dedi SEG ijrochi direktori To‘lqin Yusupov. — Shu bois qazib chiqarish sektorimizda ishlab chiqarishni rag‘batlantirishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etmoqdamiz. FNQIZni modernizatsiya qilish ushbu vazifa bilan uzviy bog‘liq. Bugun biz zavod tarixidagi uni texnik qayta jihozlash bo‘yicha eng yirik dasturni boshladik. Yillar davomida muallaq turgan va buzishni talab qiladigan bir qator inshootlar buziladi».

To‘lqin Yusupovning qayd etishicha, eskirgan inshootlar o‘rnida korxona ishlab chiqarish zanjiriga bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi qurilmalar qad rostlaydi. O‘zbekistonda hali ishlab chiqarilmagan zamonaviy benzin, zamonaviy moylar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarila boshlaydi. «Bu loyiha O‘zbekiston rivojiga katta ta’sir ko‘rsatadi va ayrim turdagi mahsulotlar tashqi bozorlarda ko‘plab xorijiy o‘yinchilar mahsulotlari bilan raqobatlashadi», — deya ta’kidladi u.

Ma’lumot uchun, FNQIZ 1959 yil yanvar oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, sobiq Ittifoq davrida korxona G‘arbiy Sibir konlaridan olingan xomashyo bilan yuklangan, zavod xomashyoni qayta ishlashning umumsovet tizimiga kiritilgan. Zavodning dastlabki ishlab chiqarish quvvati 6,5 mln tonnani tashkil etadigan eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lgan. Korxonada asosan Samotlor va Markaziy Osiyo konlaridan xomashyo qayta ishlangan.

Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi 2017 yilda «O‘zbekneftgaz» va Gas Project Development Central Asia tomonidan tashkil etilgan. Loyihaga ko‘ra, tomonlarning ustav fondidagi ulushi «O‘zbekneftgaz»ning ulushi 60 foizdan 30 foizga kamayishi, xorijiy kompaniyaning ulushi esa 40 foizdan 70 foizga ko‘payishi bilan o‘zgargandi.

Bugungi kunda mamlakatda qazib olinayotgan neftning 80 foizi SEG hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Kompaniya 2021 yilda 498,9 ming tonna neft qazib olgan bo‘lsa, 2030 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 1,6 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda kompaniya tasarrufida 103 ta kon, 769 ta neft qudug‘i, 4 ta istiqbolli kon mavjud.