Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oliy ta’lim muassasalari va akademik litseylar reytingini e’lon qildi. Bu haqda Ta’lim inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Milliy reyting doirasida bitiruvchilari mavjud 92 ta (shu jumladan, 69 ta OTM, 23 ta filial) oliy ta’lim muassasalari 4 ta yo‘nalishdagi 20 ta indikator asosida baholandi:

  • ilmiy tadqiqot faoliyati va ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi;
  • o‘quv-metodik ishlar faoliyati va o‘qitish sifati;
  • talabalar bilimi va bitiruvchilar sifati;
  • sportni rivojlantirish.

2021 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston OTMlarida eng yuqori natijani:

  1. «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti (avvalgi yilda ham 1-o‘rinning egallagandi)
  2. O‘zbekiston milliy universiteti
  3. Toshkent moliya instituti
  4. Samarqand davlat universiteti
  5. Navoiy davlat konchilik instituti

Eng quyi natijani:

  • Termiz muhandislik texnologiya instituti
  • ️O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti
  • Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti
  • Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti
  • Qarshi davlat universitetining pedagogika instituti qayd etdi.

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi

Ilmiy salohiyati bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda:

  • O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
  • Toshkent davlat stomatologiya instituti
  • Toshkent Moliya instituti
  • Toshkent pediatriya tibbiyot instituti turibdi.

So‘nggi o‘rinlarni esa:

  • Qarshi davlat universitetining pedagogika instituti
  • Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti
  • Termiz muhandislik texnologiya instituti
  • Samarqand davlat chet tillar instituti
  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti oldi.


Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi

Shuningdek, Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sifatini 5354 ta ish beruvchi tashkilotlardan respondentlar so‘rovnomada qatnashib, baho berdi. Ish beruvchilar eng ko‘p O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent moliya institutiga ijobiy baho berdi.

Bu yilgi reytingga ko‘ra, Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti eng ko‘p mablag‘ ishlab topdi.

Eng kam mablag‘ ishlab topgan OTMlar esa O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Qarshi pedagogika instituti, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti bo‘ldi.

Foto: Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi

Oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari tahliliga ko‘ra, ilmiy salohiyat so‘nggi besh yilda o‘rtacha 6,1%ga oshdi: 2017 yil — 30,3%, 2018 yil — 34,0%, 2019 yil — 34,1%; 2020 yil — 34,5%; 2021 yil — 36,4%. Ilmiy-tadqiqot faoliyatidan olgan daromadlari 2017 yildagi 49,7 mlrd so‘mdan 2021 yilda 236,1 mlrd so‘mga yetdi (5 barobarga oshgan).

Shuningdek, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki professor unvoniga ega professor o‘qituvchilar soni 2790 nafarga (o‘tgan yilda 2477 nafar), fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega professor o‘qituvchilar soni 9992 nafarga (o‘tgan yilda 8710 nafar) yetdi.

Dunyoning nufuzli 1000 talik ro‘yxatiga kiruvchi OTMlarning PhD yoki DSc ilmiy darajasini olgan professor o‘qituvchilar soni 497 nafarga (o‘tgan yili 450 nafar) yetdi. Nufuzli xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar soni o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga oshib, 19 981 ta bo‘ldi. Xorijiy talabalar soni 21,1 foizga ko‘paydi va 5768 nafarga yetdi.

2021 yil faoliyat yakunlari bo‘yicha akademik litseylar reytingi ham e’lon qilindi. Ta’lim inspeksiyasi respublikadagi bitiruvchisi mavjud 65 ta akademik litseylar faoliyati samaradorligi tahlil qilib, ta’lim sifati bo‘yicha milliy reytingni tayyorladi.

Akademik litseylarda ta’lim sifatiga baho berish to‘rtta muhim yo‘nalishda 7 ta indikator asosida aniqlandi:

  1. Akademik litseyga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan talabgorlar sonining mazkur litsey uchun belgilangan qabul parametriga nisbati (raqobat ko‘rsatkichi);
  2. oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan o‘quvchilar ulushi;
  3. reyting aniqlangan yilda nufuzli xalqaro va respublika fan olimpiadalari, sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan (sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan) akademik litsey o‘quvchilari ulushi;
  4. chet tili va fanlarni bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar ulushi;
  5. ilmiy darajali, chet tili va fanlarni bilish darajasi to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan asosiy shtatdagi pedagoglar ulushi;
  6. xorijiy pedagoglar, shuningdek, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar — Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities reytinglarida birinchi 1 000 ta o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalari diplomlariga ega bo‘lgan mahalliy pedagoglar ulushi;
  7. Akademik litseydagi ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv-tarbiyaviy muhit.

Yuqori 10 talik reytingi:

  1. «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetining «International house Tashkent» akademik litseyi;
  2. Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi;
  3. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi;
  4. A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyi;
  5. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi;
  6. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti akademik litseyi;
  7. Toshkent Moliya instituti akademik litseyi;
  8. Toshkent davlat Stomatologiya instituti akademik litseyi;
  9. Turin politexnika universiteti akademik litseyi;
  10. Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti akademik litseyi.