«Zaldan chiqib keting va guvohnomangizni topshiring». PA rahbari hokimlar ishdan olinganini qanday ma’lum qildi?

Seshanba kungi videoselektor yig‘ilishida prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov beshta tuman hokimi ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. U o‘z nutqida hokimlar «butun davlat tizimi va prezident komandasini obro‘sizlantirishga olib kelganini» ta’kidladi.

O‘zbekiston OTMlari va litseylarining umumiy reytingi e’lon qilindi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilgi kabi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 1-o‘rinni egalladi. Qolaversa, bu yil ilk bor litseylar reytingi ham ma’lum qilindi.

2022/2023 o‘quv yilida ta’lim kreditining 76 foizini ayollar oldi — Markaziy bank

2022/2023 o‘quv yilida shu vaqtgacha 27,8 ming nafar talabaga berilgan 317 mlrd so‘mdan ziyod imtiyozli kreditning 242 mlrd so‘mini ayollar oldi. Avvalroq, prezident oliy hamda o‘rta maxsus va professional ta’limda o‘quvchi xotin-qizlarning 7 yilga foizsiz ta’lim kreditini olishi haqida qaror chiqargandi.

Sankt-Peterburgda 4 nafar o‘zbekistonlik pasportlari olib qo‘yilib, ishlatilayotgani aniqlandi

Sankt-Peterburgda bir guruh O‘zbekiston fuqarolari vaqtincha ishlayotgan qurilish obyektida pasportlari olib qo‘yilgani haqida murojaat bilan chiqdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari fuqarolarning pasportlarini qaytarishga erishdi. Ish beruvchi javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi.

Farg‘onada fuqaroni bo‘g‘ib, kaltaklagan IIO xodimlari aybsiz deb topildi

Tarmoqlarda Farg‘onadagi IIO xodimlari bir fuqaroni o‘ldirishga harakat qilgani tasvirlangan video tarqaldi. IIVga ko‘ra, holat bir yil avval sodir bo‘lgan. Voqea yuzasidan jinoyat ishi viloyat sudi tomonidan ko‘rilib, xodimlar harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q deb topilgan va oqlov hukmi chiqarilgan.

«O‘zbekchorvanasl» direktori mehmonxonadagi nomaqbul harakatlari sabab ishdan olindi

«O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Atamuradov mehmonxonada sodir etgan nomaqbul harakatlari sabab ishdan olindi. Seshanba kungi yig‘ilishda buni e’lon qilgan prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov shunday qo‘shimcha qildi: «sizning chet eldagi sarguzashtlaringizni ham yuborishdi».

Qashqadaryoda kanaldan bedarak yo‘qolgan 15 yoshli bolaning jasadi topildi

Qarshi tumanining Mirmiron qishlog‘i fuqarolari kanalda bir necha kun avval bedarak yo‘qolgan 2007 yilda tug‘ilgan bolaning jasadini ko‘rib qolib, suvdan olib chiqdi. Hozirda tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv boshladi, tegishli ekspertiza tayinlandi.

Sirdaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Shavkat Zayniddinov va Bahodir Botirov Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Otabek Nosirov Yangiyer shahriga hokim bo‘ldi.

Toshkent viloyati hokimiga ham yangi o‘rinbosar tayinlandi

Otabek Sultanbekov Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. U bungacha Quyi Chirchiq tumani hokimining shu masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib jami 5 mlrd so‘m zarar yetkazgan korxonalar aniqlandi

Quvasoy shahri, Uchko‘prik va Bo‘stonliq tumanida gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlandi.

28 sentabr uchun tijorat banklari tomonidan belgilangan dollar kursi

Markaziy bank o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 11 024,92 so‘m etib belgiladi. Tijorat banklari ham mijozlarga dollarni sotish va sotib olish bo‘yicha yangi takliflarini e’lon qildi.

OTB Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlimga qarab boshqarish loyihasi uchun $150 mln qarz beradi

O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki bilan «Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish» loyihasi uchun bitim imzoladi. OTB loyiha uchun 25 yil muddatga va 5 yillik imtiyozli davr bilan $150 mln qarz ajratadigan bo‘ldi. Prezident mazkur bitimni ma’qullab, qaror qabul qildi.

Ilk bor robot-xirurg yordamida murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi

O‘zbekistonda ilk bor robot-xirurg bilan murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Koreyaning «Meere» kompaniyasi tegishli robot inson qo‘liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi. SVVga ko‘ra, O‘zbekistonda robotoxirurgiyaning rivojlanishi uchun mutaxassislar va robotlar soni ko‘payishi zarur.

Internetdan foydalanishga sharoiti yo‘qlar uchun maxsus platforma yaratildi

Internetdan foydalanishga sharoiti yo‘q aholi qatlami uchun «Yaxshi narsalar interneti» deb nomlangan axborot platformasi ishga tushdi. U YUNISEF hamda hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Platformadan foydalanish bepul.

Toshkentda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti ochildi

Toshkentda Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘z faoliyatini boshladi. Ilk o‘quv yilida 160 nafar talaba qabul qilindi.