27 sentabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov boshchiligida videoselektor yig‘ilishida «O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori Baxtiyor Atamuradov ishdan olindi.

Tarmoqlarda uning mehmonxona xodimlarini haqoratlab, ularga narsa uloqtirayotgani aks etgan videosi muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Yig‘ilish davomida Sardor Umurzakov agentlik rahbariga uning bu holati davlat, respublika organining darajasiga, lavozimiga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Administratsiya rahbari qayd etishicha, u davlat tizimini sharmanda qilib, obro‘sizlantirgan.

«O‘zbekchorvanasl» agentligi direktori [Baxtiyor Atamuradov], kattakon, chiqing mikrofonga. Butun dunyo desak ham adashmayman. Menga chet eldan ham sizning sarguzashtlaringizni Telegram orqali yuborishdi. Namangan viloyatida xizmat safari davomida va hokazo, va hokazo, mayli, hozir hammaning oldida aytmayman. Nimalar qilganingizni hamma ko‘rdi. Davlat tizimini sharmanda qildingiz. Mana, hozir hammaning oldida turish munosibmi sizga? Bankda qancha-qancha ishlagansiz, boshqa qilgansiz. Hurmatli prezidentimizning qarorlari bilan bugun siz ham lavozimingizdan bo‘shatilasiz, chiqib keting zaldan, janob Atamuradov. Guvohnomasini topshirsin qorovulga", — dedi PA rahbari.

U 7 iyul kuni agentlik direktori lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sardor Umurzakov beshta tuman hokimi ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgandi. U o‘z nutqida hokimlar «butun davlat tizimi va prezident komandasini obro‘sizlantirishga olib kelganini» ta’kidlagandi.

Bundan tashqari, «o‘z faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qo‘yiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilgani va bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani uchun» Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov jarimaga tortilgandi.