27 sentabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida yozgandik. Unda 5 nafar hokim — Andijon, Asaka, Paxtobod, Farg‘ona va Nurobod tumanlari rahbarlari ishdan olindi. Tarmoqlarda selektor davomidagi ushbu jarayon aks etgan audioyozuv tarqaldi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev 6 avgust kuni o‘zi ayvonda, odamlar esa poygakda o‘tirgan holda fuqarolar qabulini o‘tkazgandi.

Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati.

Tuman hokimligi axborot xizmati munosabatida «fuqarolar murojaatlari bo‘yicha sayyor qabullar haftaning har shanba kuni tuman hokimligining ochiq hududida, fuqarolar bilan ijtimoiy masofa saqlangan holatda bo‘lib o‘tishi»ni ta’kidlagandi.

Sardor Umurzakov videoselektorda mazkur holat sabab Abdujabbor Egamberdiyevning lavozimdan ozod etilgani va hatti-harakatlariga huquqiy baho berilishini ta’kidladi.

«Andijon tumani hokimi Egamberdiyev janobi oliylari, selektorda ayvonda o‘tirmayaptilarmi? Hamma ko‘rdi mana, sizni deb butun dunyoga sharmanda bo‘ldik. Ayvonda o‘tirvolib, masofa saqlamoqchi bo‘lsangiz, sektor rahbarlarini nimaga oldingizga o‘tirg‘izib oldingiz? Fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik, dimog‘dorlik, kibr-havo, bu nima degan gap?», — dedi u.

Tuman hokimining bu harakati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lib, odamlarning e’tirozlarini yuzaga keltirgandi.

«Jamoatchilik oldida siz o‘zingizni emas, tuman hokimligini emas, butun davlat tizimini, butun prezident komandasini obro‘sizlantirishga olib keldingiz. Shuning uchun bugun hurmatli prezidentimiz qaror qabul qildilar, birinchidan siz egallab turgan lavozimingizdan ozod qilinasiz. Ikkinchidan, sizning bu hatti-harakatingizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting zaldan» — dedi prezident Administratsiyasi rahbari.

Abdujabbor Egamberdiyev. Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati.

U 2021 yil fevralida Andijon tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.

Shuningdek, 56 ta qaror bilan 2390 gektar yerni noqonuniy ajratib bergan Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixanov ham ishdan olindi.

Mansurbek Alixanov. Foto: Asaka tumani hokimligi matbuot xizmati.

«Asaka tuman hokimi janob Alixanov. Bir yarim yilning ichida yer bilan bog‘liq noqonuniy holatlar bo‘yicha 15 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuning uchun bugun hurmatli prezidentimiz qarorlari bilan siz ham lavozimingizdan ozod etilasiz, chiqib keting zaldan. Bu zalda turishga sizning haqqingiz yo‘q», — dedi Sardor Umurzavov.

Alixanov 2020 yil sentabridan buyon Asaka tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Bundan tashqari, Paxtobod tumani hokimi Elyorbek Usmonov ham lavozimidan ozod etilganini aytib, zaldan chiqib ketishini so‘radi. «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida «Barlos asali» fermer xo‘jaligiga chorva hayvonlari uchun 4 mlrd 800 mln so‘mlik 291 ta imtiyozli kredit ajratib bergandi.

Elyorbek Usmonov. Foto: Paxtobod tumani hokimligi matbuot xizmati.

«Paxtobod tumani hokimi Usmonov janoblari. Hozir fuqarolarga qo‘ylar haqiqatdan ham yetkazib berilganligi va boshqa holatlar o‘rganilmoqda, alohida tekshirish bo‘lyapti. Bu o‘z yo‘liga, hozir ikkita boshqa holatlar isboti, dalili, rasmi va audiosi bilan mening stolimda turibdi. Bugun hurmatli prezidentimizning topshiriqlari bilan siz lavozimingizdan ozod etilasiz, zaldan chiqib keting. Shuhratbek Qo‘shoqboyevich (Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov), hozir mana shu 3 nafar hokimning masalasini tezkor hal qilasiz, bularning binodan chiqib ketishida guvohnomasini olib qo‘ysin. Sharmanda qilib, binodan chiqarib yuborsin, ikkinchi yaqinlashtirmasin», — deya ta’kidladi Umurzakov.

U 2022 yil fevralidan buyon Paxtaobod tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgandi.

Shu bilan birga, hududida tendersiz yer maydonlarini ajratish bo‘yicha qarorlar chiqargan Farg‘ona tuman hokimi Shuhratjon Mo‘minov ham egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuhratjon Mo‘minov. Foto: Farg‘ona tumani hokimligi matbuot xizmati.

«Farg‘ona tumani hokimi Mo‘minov janoblari, mikrofonga keling. Siz ham juda yaxshi bilasiz, alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unumdor bo‘lgan 25 gektardan ko‘p yer maydonini biriktirish evaziga nimalar bo‘lganini ham juda yaxshi bilasiz. Janob Mo‘minov, yozmasangiz ham bo‘ladi, kitobchangizni yoping, ruchkangizni kistangizga soling. Hurmatli prezidentimizning qarorlari bilan Farg‘ona tumani hokimi Mo‘minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Zaldan chiqib keting. Hayrulla Hayitboyevich, guvohnomasini topshirsin. Hali uning jinoiy javobgarlikka tortilish-tortilmaslik masalasini ikki haftada gaplashamiz», — dedi prezident Administratsiyasi rahbari.

U bu lavozimda 2020 yil yozidan buyon ishlayotgandi.

Shuningdek, 23 avgust kuni berilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmaganini ro‘kach qilib, tuman hokimligi devonxona bo‘limi mutaxassisini kaltaklagan Nurobod tuman hokimi Sherali Yo‘ldashev ham ishdan bo‘shatildi.

Sherali Yo‘ldashev. Foto: Nurobod tumani hokimligi matbuot xizmati.

«Yo‘ldashev janoblari yangi hokim, yarim yil ham bo‘lmadi hali. Menimcha, „hokim degani zo‘ravonlik qilishi, man deb turib olishi, bu bir to‘ralarcha yondashuv bilan ishlash kerak degani“, deb tushunsa kerak. Yarim yillik hokimimiz, mana. U bechora devonxona xodimi xohlasa ham andisha qilganidan, tarbiyali bo‘lganidan javob qaytarolmaydi. Nechanchi asrda yashayapmiz? Yangi O‘zbekistonga munosib hokim shunday bo‘ladimi? Idora va tashkilotlar rahbarlarini qo‘l ostidagi xodimlarini fuqarolar oldida turli haqoratli so‘zlar bilan kamsitishni o‘zingizga odat qilib olgansiz, janob Yo‘ldashev. Kim sizga ruxsat berdi? O‘zingizga, oilangizga, butun viloyatga, davlat tizimiga isnod keltirdingiz. Hamma har bitta aytgan haqoratomuz so‘zlaringizni audiosi ham bor, rasrishovkasi ham bor — hammasi turibdi. Eng ayanchlisi, achinarlisi, hurmatli prezidentimiz ham shuni hammasini ko‘rib, eshitib juda ham kattiq ranjidilar», — dedi Umurzakov.

U 2022 yil martida lavozimga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov prezident qarori bilan o‘zgalarni haqorat qilgani, hokimlarga qo‘yilgan talablarni bajarmagani va o‘z faoliyatini davlat siyosatiga mos ravshda tashkil etmagani uchun jarimaga tortilgandi.

Audio