19 sentabr kuni soat 19:05 larda 2006 yil tug‘ilgan bola Namangan tumani Mirishkor mahallasi hududidan o‘tuvchi «To‘raqo‘rg‘on — Bog‘iston» temir yo‘lining 81 kilometri birinchi piketida temir yo‘l izining yon qismidagi yuqori kuchlanishli simyog‘ochiga chiqib, suratga tushmoqchi bo‘lgan.

Shu vaqtida uni 27 500 volt kuchlanishdagi elektr toki urib, jarohat olgan va tuman tez tibbiy yordam bo‘limining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

«Bemor jonlantirish bo‘limiga kelgan vaqtida shok holatida edi. Ko‘rsatilgan muolajalardan so‘ng shok holatidan chiqarildi. Hozirda bemor holati stabil», — dedi shifokor.

Bemor bo‘lgan voqeani quyidagicha izohladi.

«Poyezd yo‘lida, ustundagi simga tirmashib chiqdim. O‘sha simni ochiq joyi bor ekan, shu yeriga qo‘lim tegib shunday holatga tushib qoldim. Ko‘zimni ochib qarasam shifoxonada yotibman. Boshqa qaytarilmaydi», — dedi bola.

Sodir bo‘lgan holat yuzasidan Namangan viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi mas’ullari tomonidan muhokama o‘tkazildi.