27 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 4:15 da NASA kosmik agentligining DART (Double Asteroid Redirection Test — «Asteroidni yo‘naltirish bo‘yicha ikki karralik sinov») zondi Didim asteroidining yo‘ldoshi Dimorf asteroidiga borib urildi. Ushbu voqeaning translyatsiyasi YouTube orqali namoyish etildi.

NASA ushbu zondni 2021 yil 23 noyabr kuni SpaceX ishtirokida kosmosga uchirgan edi. Missiyaning maqasadi — ushbu apparatni asteroid bilan to‘qnashtirib, uning yo‘nalishini o‘zgartirish imkoniyatini o‘rganish edi. Ushbu maqsad uchun diametri 780 metr atrofida teng bo‘lgan Didim asteroidi va uning diametri 163 metr bo‘lgan yo‘ldoshi Dimorf tanlab olindi. Ikkalasining ham Yer sayyorasi uchun bevosita xavf tug‘dirishi kutilmayotgan edi.

DART missiyasiga ko‘ra, Dimorf asteroidi tomon og‘irligi 570 kg bo‘lgan apparat 20 000 km/coat tezlikda yo‘naltirildi. Dimorf (yo‘ldosh) bilan to‘qnashuv yanada kattaroq bo‘lgan Didim asteroidining orbitasini o‘zgartirishi kerak.

Jarayon davomida DART Dimorf yuzasidan bir necha tiniq tasvirlarni suratga oldi. Bir qancha muddat davomida asteroidni DART dan bir necha kun oldin ajralgan LICIACube kubsati ko‘zatadi.

Foto: Dimorf asteroidining yuzasi.

Yaqin haftalar va oylar ichida olimlar missiyaning muvaffaqiyatli bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlashadi. Missiya muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun Dimorfning orbitasi «foizning bir qismiga» og‘ishi kerak. Hozirda Dimorf Didim atrofida uchish uchun taxminan 11 soat 55 daqiqa vaqt ketadi. To‘qnashuv esa bu davrni taxminan 11 soat 45 daqiqaga o‘zgartirishi kutilmoqda. Teleskop o‘lchovlari buni kelgusi haftalar va oylarda tasdiqlaydi.

2027 yilda Yevropaning Hera stansiyasi Dimorfga yetib boradi va o‘zgarishlarni batafsilroq ko‘rib chiqadi.

Darvoqe, agar siz Google’dan NASA DART deb qidirsangiz, sahifada halokatga uchragan zondning animatsiyasi ko‘rsatiladi.