O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi.

Jamol Kamol 1938 yil Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan (1959). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limida mas’ul kotib (1970−72), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant va ilmiy xodim (1972−86) bo‘lib ishlagan.

Lirik she’r tuzilishi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borgan. Fafur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir (1986−88), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1991−96) lavozimlarida xizmat qilgan.

Jamol Kamol fransuz mumtoz adabiyotining namoyandasi Bualoning «She’riy san’at» asarini, ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqidagi «Shabihijron» dostonini, Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat «Masnaviyi ma’naviy» asarini, Shayx Fariduddin Attorning asarlarini, Abdurahmon Jomiyning g‘azallar kitobini, Shayx Mahmud Shabustariyning «Gulshani roz» asarini, buyuk ingliz dramaturgi Vilyam Shekspirning o‘ndan ortiq asarlarini bevosita ingliz tilidan, Aleksandr Pushkining «Motsart va Saleri», Yan Raynisning «Oltin tulpor», Bartold Brextning «Sichuandan chiqqan mehribon asarlarini rus tilidan tarjima qilgan.

Jamol Kamol she’rlari rus, ingliz, fransuz, polyak, ukrain, turk, ozarbayjon, tojik va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilingan.