Eronda Mahsa Aminiyning hijob tufayli politsiya tomonidan hibsga olinganidan keyin o‘limi sabab bo‘lgan tartibsizliklarda halok bo‘lganlar soni 40 dan oshdi, biroq huquq himoyachilarining fikricha, haqiqiy raqam bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Osloda joylashgan eronliklarning nohukumat tashkiloti qurbonlar soni 76 nafarga yetganini ma’lum qilmoqda. IHR inson huquqlari guruhi esa eng kamida 57 namoyishchi halok bo‘lganini bildirdi.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti 23 sentabr kuni kamida 4 bolaning o‘limi va «namoyishchilarga ataylab va noqonuniy o‘q otish» amaliyoti haqida xabar berdi.

Namoyishlar chog‘ida eronliklar shiorlar ko‘tarib qattiq qonunlarga qarshi ekanliklarini bildirishmoqda. 1200 dan ortiq namoyishchi hibsga olindi, biroq Eronning yirik shaharlarida odamlar ommaviy ko‘chalarga chiqishda davom etmoqda, deb yozadi Euronews.

Namoyishchilarga milliy xavfsizlik kuchlari qarshilik ko‘rsatmoqda. Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari suv purkagichlardan foydalangan, shuningdek, o‘q uzgan, namoyishchilar esa tosh otgan, politsiya mashinalariga va jamoat binolariga o‘t qo‘ygan.

Istanbul, Parij, London, San-Fransisko va dunyoning boshqa shaharlarida ham namoyishchilar shiorlar bilan yurishmoqda, deya qayd etadi telekanal. Namoyishchilar «Ayol, hayot, ozodlik!» deb hayqirmoqda, ayollar esa isyonkorlik bilan hijoblarini yoqishmoqda.

Qattiq internet cheklovlari, jumladan Instagram va WhatsApp bloklanganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan yangi videolarda Tehron, Yazd, Isfaxon va Bushehrda norozilik namoyishlari aks etgan.