Ijtimoiy tarmoqlarda paxta yig‘im-terimi ishlariga turli soha xodimlari majburiy jalb etilayotganiga oid ayrim xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi «Gazeta.uz»ga munosabat taqdim qildi.

Xususan, Telegram kanallarining birida 23 sentabr kuni Qashqadaryoda bir qator korxona va zavodlarning ishchi-xodimlari dam olish kunlari majburan paxta terimiga olib chiqilayotgani haqida post e’lon qilingan.

Oliy Majlis Senati raisi boshchiligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan har qanday ko‘rinishdagi majburiy mehnatga jalb etish, ishchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan o‘rganilishi, bartaraf etilishi hamda aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi nazoratga olingan.

Ta’kidlanishicha, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi milliy qonunchilik bilan tartibga solingan, ushbu qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shuningdek, komissiya fuqarolardan majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bog‘liq muammolarga duch kelinsa, 1176 hamda 1092 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishilarini so‘ramoqda.

«Har bir ma’lumot va murojaat belgilangan tartibda tezkorlik bilan o‘rganib chiqiladi hamda zarur choralar ko‘riladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi», — deyiladi xabarda.