Samarqand shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan IV Markaziy Osiyo ochiq chempionatida umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi 79 ta medal — 25 ta oltin, 27 ta kumush va 27 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, g‘olib chiqdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ikkinchi o‘rin 3 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan Turkmaniston jamoasiga, uchinchi o‘rinda 3 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan Qirg‘iziston jamoasiga nasib etdi.

Samarqand birinchi marta yengil atletika bo‘yicha Markaziy Osiyoning ochiq chempionati o‘tkaziladigan shahar bo‘ldi. Xalqaro musobaqada 11 ta davlatdan 300 dan ortiq sportchi ishtirok etdi.

Xalqaro musobaqalar doirasida yengil atletikaning 41 ta yo‘nalishi bo‘yicha jami 56 ta sovrinlar to‘plami o‘ynaldi. Ularda ishtirok etish har bir sportchiga o‘zining shaxsiy natijalarini yaxshilash va World Athletic reyting tizimidagi o‘rnini o‘zgartirish imkoniyatini berdi.

Samarqandlik Sharifa Davronova uchtalik sakrash yo‘nalishida 13,81 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Sharifa ikkita — U18 va U20 yosh toifasida jahon yetakchisi hisoblanadi.

Erkaklar o‘rtasida uchtalik sakrash bo‘yicha ham O‘zbekiston peshqadamlikni saqlab qoldi — Islom Sibagatullin 15,65 metr natija ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egalladi.

To‘siqlar bilan 3000 metrga yugurish bo‘yicha U18 va U20 yosh toifalarida Dilshoda Usmonova O‘zbekiston bo‘yicha yangi rekordni o‘rnatdi, u ushbu masofani 10:40,43 vaqt mobaynida yugurib o‘tib, o‘zining avvalgi rekordini 0,06 soniyaga yaxshiladi.

Ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash musobaqasida Barno Sayfullayeva birinchi o‘rinni egalladi. Ochiq chempionat doirasida u 1,83 m balandlikka sakrab, o‘zining shaxsiy rekordini qayd etdi, va bugungi kunda u Osiyo qit’asida o‘zining 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar toifasida yetakchi deb hisoblanadi.

Erkaklar o‘rtasida balandlikka sakrash yo‘nalishida Amir Nagayev 2,13 m natijaga erishib, sport ustasi me’yorini bajarib, birinchi o‘rinni egalladi.

Yengil atletika bo‘yicha IV Markaziy Osiyo ochiq chempionatining o‘tkazilishi 2023 yil bahorida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha V Osiyo chempionatiga yaxshi tayyorgarlik bo‘ldi.

Foto: