Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 sentabr kuni Toshkentda bir qator obyektlarning qurilishi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Xususan, 2025 yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladigan Olimpiya shaharchasi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Shaharchada olimpiya stadioni, yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi (foto).

Avvalgi taqdimotda prezident bu sport majmualari «xalqimizga mulk bo‘lib qolishini, ularni sifatli qilib qurish zarurligini» aytgan edi. Loyihalash va keyinchalik qurilish jarayonlariga sohada katta tajribaga ega chet el kompaniyalari jalb etiladi.

Davlat rahbari sport majmualarining universal bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Stadion va binolarning tepasida quyosh panellari o‘rnatib, energiyani tejash, bo‘sh maydonlarda ko‘proq daraxtlar ekish bo‘yicha tavsiyalar berdi.


Taqdimot davomida Yangi O‘zbekiston universiteti loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun Mirzo Ulug‘bek tumanidan joy ajratilib, o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport majmuasi qurilishi loyihalashtirilgan.

Hozir bu hududda prezident maktabi bor. Kelgusida prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.

«Ixtisoslashtirilgan maktablar — bizning zaminimiz. Ularda bolalarimiz bilimli, barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Universitet bu tizimning davomi bo‘lib, mamlakatimiz uchun kerakli, zamonaviy mutaxassislar tayyorlaydi. Shuning uchun bu yerda barcha shart-sharoit, ilg‘or metodika bo‘lishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Germaniyaning Siemens, MAN kompaniyalari universitetda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha laboratoriyalar, Google i Microsoft kompaniyalari esa axborot texnologiyalari bo‘yicha kichik laboratoriyalar ochishni rejalashtirayotganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonida «aqlli bino» tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, o‘quv xonalari, laboratoriyalarni to‘g‘ri joylashtirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulay sharoit yaratish vazifasini qo‘ygan.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Yangi O‘zbekiston universiteti nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham namunali ta’lim muassasasiga aylanadi, deb hisobladi.

«[Prezident] loyiha va qurilish ishlarini kelasi haftadan boshlash bo‘yicha topshiriq berdi. Tanlov asosida yirik loyihalarni amalga oshirgan va dunyoda o‘z salohiyatiga ega, prezident istagandek universitet qurishga qodir tajribali kompaniyalar tanlab olinadi», — dedi u.

Hokim zamonaviy ta’lim tizimini joriy etish maqsadida Germaniya, Singapur, Turkiya kabi 10 dan ortiq davlat tajribasi o‘rganilganini aytdi. Davlat rahbari bunyodkorlik ishlariga ko‘proq mahalliy quruvchilarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Bolalar tibbiyot markazi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tibbiyot klasterini tashkil etish loyihasini ham muhokama qildi. Koreya iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) ko‘magida kattalar tibbiy markazi, onkologiya klinikasi va universitet qurish rejalashtirilgan.

Bu uchta majmua hozirgi Bolalar tibbiyot markazi bilan birga yaxlit klaster hosil qiladi. Unda o‘qitish va davolash bo‘yicha Koreya tajribasiga asoslangan ilg‘or tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Shifoxonalar jami 900 bemor o‘rniga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari 2023 yilda boshlanadi.