O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 24 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida nutq so‘zladi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Vladimir Norov nutq avvalida global darajadagi chuqur ishonch inqirozi, barqarorlik va xavfsizlikka tahdidlarning kuchayishi, geosiyosiy qarama-qarshiliklarning keskinlashuvi va blok tafakkurining qayta tiklanishi kabi xavflar, xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarning beqarorlashayotgani hamda oziq-ovqat va energiya xavfsizligini ta’minlash muammolari yanada og‘ir tus olayotgani haqida gapirdi.

Vazir 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini taqdim etdi. Xususan, 2030 yilga kelib, O‘zbekiston kambag‘allik darajasini ikki baravar kamaytirish, barcha muhtojlarni qamrab olgan holda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, aholi daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni rejalashtirayotganini qayd etdi.

Uning aytishicha, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzatishlar jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub fuqarolarning manfaatlarini kafolatli ta’minlash va himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat normalariga aylanishi kerak.

Bundan tashqari, bosh kotib Antonio Guterrishning 2023 yil sentabr oyida «Kelajak sammiti»ni o‘tkazish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashni bildirib, O‘zbekistonda ushbu sohada so‘nggi besh yil ichida yoshlarning oliy ma’lumot olish darajasi 9 foizdan 29 foizgacha, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish esa esa 27 foizdan 67,2 foizgacha o‘sganini qayd etdi.

«2023 yili O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlar Kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu muhim forumni o‘tkazishda BMTning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildiramiz. 2022 yil 14−16 noyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu anjuman umuminsoniy, adolatli va sifatli ta’limni ta’minlash uchun ilg‘or tajribalarni almashishga xizmat qiladi», — dedi Vladimir Norov.

Shu bilan birga, u O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazila boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mexanizmi mintaqaviy hamkorlikdagi yangi davrining yorqin timsoliga aylanganini, 2022 iyul oyida bo‘lib o‘tgan maslahat yig‘ilishida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida tarixiy shartnoma qabul qilinganini aytdi.

«O‘zbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashuv va hamkorlik jarayonlarini, mintaqaning global iqtisodiy va transport aloqalariga integratsiyalashuvi bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirmoqda», — deya ta’kidladi vazir.

Tashqi ishlar vaziri nutqi davomida Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash bilan uzviy bog‘liqligi haqida gapirib, O‘zbekiston chuqur gumanitar inqirozni boshdan kechirayotgan ushbu mamlakatga xalqaro e’tiborning pasayishidan xavotirda ekanligini bildirdi.

«Afg‘onistonning mavjud muammolar qurshovida yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda muhimdir. Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, uning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishi, infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Ushbu muammolarni hal qilish uchun BMT, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning ko‘magi zarur. O‘zbekiston Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Chegaradosh Termiz shahrida Xalqaro transport-logistika xabi tashkil etilib, BMT tuzilmalari tomonidan Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatishda uning imkoniyatlaridan keng foydalanmoqdalar», — dedi O‘zbekiston vakili.

Shuningdek, u Termiz shahrida Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus jamg‘armani tashkil etishni taklif qildi. Jamg‘arma mablag‘lari ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Vazir o‘z nutqi davomida bugungi kunda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari mintaqada keskin namoyon bo‘layotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyat olgani, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyani amalga oshirayotganini aytdi.

«O‘tgan yili O‘zbekiston prezidenti „Yashil makon“ nomli keng ko‘lamli tashabbusni ilgari surdi. Uning doirasida kelgusi besh yil ichida butun mamlakat bo‘ylab 1 mlrd daraxt va buta ekish ko‘zda tutilgan. Mintaqamizning katta ekologik muammosi Orol dengizi. So‘nggi 5 yil ichida qurigan dengiz tubida 1,7 mln gektar o‘rmon plantatsiyalari yotqizildi», — dedi Vladimir Norov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil yakuniga qadar BMT shafeligida Nukusda birinchi Orolbo‘yi xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2023 yili O‘zbekistonda ilk marotaba BMTning yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi tomonlarining 14-konferensiyasini, shuningdek Cho‘llanishga qarshi Konvensiyani amalga oshirishni ko‘rib chiqish bo‘yicha Qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri nutqi yakunida O‘zbekiston BMTning nizomiga sodiqligini tasdiqlashini va tashkilot bilan har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligi bildirdi.